Jo‘sh Malihobodiy (1898-1982)

Shoirning to‘liq ismi – Jo‘sh Shobir Hasanxon Malihobodiy (جوش ملیح آبادی). Agradagi kollejda arab va fors tillari bo‘yicha tahsil olgan. 1958 yilda Hindistondan Pokistonga ko‘chib kelgan. Shundan keyin Jo‘sh taxallusi bilan g‘azallar yoza boshlagan. Uning “Naqshlar va suratlar”, “Alanga va shabnam”, “Sumbul va zanjir” kabi she’riy kitoblari urdu tilidagi she’riyat ixlosmandlariga yaxshi tanish.

ANGLOLMADIM SENI BARIBIR

Tong jamoling aksi bo‘lsa ham,
Nuring yulduz olib kelsa ham,
Anglolmadim seni baribir!

Dunyo ishi saboq har kuni,
Bugungi taxt somon bir kuni,
Anglolmadim seni baribir!

Qabristonda ajib manzara,
Shohu gado yonma-yon, qara,
Anglolmadim seni baribir!

Bog‘da go‘zal g‘uncha ochildi,
Bir kuldiyu so‘ngra sochildi,
Anglolmadim seni baribir!

Hayot yuzlab quvonch baxsh etdi,
O‘lim keldi yuvdiyu ketdi,
Anglolmadim seni baribir!

Har zarrada mo‘jiza dilda,
Har lahzada shamolda jilva,
Anglolmadim seni baribir!

Ovoz keldi zabonsiz tundan,
“Jo‘sh, uyg‘ongin endi uyqudan”,
Anglolmadim seni baribir!

Rus tilidan Aziz Said tarjimasi