Iftixor Husayn Orif (افتخار حسین عارف;) – urdu shoiri, adabiyotshunos olim. U Pokiston milliy ti va yozuv akademiyasi prezidenti.
ZAXIRADAGI O‘YINChI
Havo so‘lim, yoqimli,
Maydonda o‘yin ketar.
Minglab muxlislar shodon
O‘yinga jon koyitar.
Olg‘a, olg‘a deb har kim
Tezlaydi jamoasin,
Men-chi, bir o‘zim yakka
Chetda turibman mahzun.
Zaxirada turibman
Nafasim ichga yutib.
Menga ham bir kun, albat,
Navbat kelishin kutib.
O‘yin esa tobora
Qizib boradi taqir.
Zaxirada bir umr
Qolib ketmasman, axir.
Kelar shunday bir soat
Va shundayin bir onki,
Jang ayni avj olganda
Chalingay hakam bongi!
Zaxiradan chaqmoqday
Maydonga uchib chiqqum.
Qarsaklaru olqishlar
Ostida ko‘chib chiqqum!
Muxlislar zabonida
Mening ham ismim yangrar.
Ming qilsa ham o‘yinchi
Nomim bor-da bekadar.
Mahoratda boshqalar
Qatoridan qolmasman.
Yo‘qsa Iftixor Orif
Nomin bekor olmasman.
Bir nuqsonim shul erur:
Zaxirada turibman
Paytim poylab, maydonni
Gir aylanib yuribman:
Kelar shunday bir soat
Va shundayin bir onki,
Yangragay men-chun, albat,
Hakam — zamona bongi!
Shay tur, Iftixor Orif,
Maydon senga muntazir.
Hademay katta o‘yin
Boshlanur — Yangi Asr!
Hindiychadan Amir Fayzulla tarjimasi