Ahmad Faraz (1931-2008)

Ahmad Faraz (احمد فراز) – shoir, adabiyotshunos. Peshovar universitetida o‘qib, urdu va fors tili, adabiyoti bo‘yicha magistrlik darajasini olgan. Faoliyatini Pokiston radiosida stsenariynavislikdan boshlagan. Keyinchalik Peshovar universitetida urdu tili va adabiyotidan dars bergan. Pokiston Milliy kitob fondi raisi vazifasida faoliyat yuritgan. U Pokistonning ko‘plab adabiy mukofotlari va xalqaro adabiy mukofotlar bilan taqdirlangan.

ZABONSIZ KAKKU

Ey, mening devona ko‘nglim,
Kel, to‘xtaylik,
Dam olmoq fursati yetdi.
Azobu mahrumlik yaralaridan
Qon to‘kib yashamoq haddidan o‘tdi.
Hammaning qo‘lida zaharli nayza,
Adolat haqida qanday so‘zlaysan,
Shafqatsizlik dengizi halqaga olgan,
Qanday jang qilasan ularga qarshi,
Yagona quroling faqat so‘z bilan.
Xo‘rliklar Himolay tog‘iday,
Parchalab tashlaysan qaysi kuch bilan?

Qancha fursat kerak,
Qancha nafas kerak…

Horigan bu ko‘zlar yumilsin, mayli,
Endi orzular ham ko‘milsin, mayli.

Qara, qanday yashar yoru do‘stlaring,
Barisi murosa yo‘lini tutdi.
Voz kechdilar jasoratlardan –
Qissalari muxtasar bitdi.

Qara, qanday oson ekan g‘ururni sotib
Yashamoqlik halovatu huzurga botib.

Yolg‘izmisan, bu sahroning poyoni yo‘qmi,
Biyobonni kesib o‘tgan bir kimsa yo‘qmi?

Bu sahroning sarhadiga yetganingda ham
Og‘riqlaring, dardlaringga kim qo‘yar malham?

Ey, mening devona ko‘nglim,
Kel, to‘xtaylik, ortga qaytaylik.
Hayot oqayotgan qir-adirlarda
Bahorni asramoq uchun qaytaylik.
Sayramaslik uchun shaharga kelgan
Zabonsiz kakkuday qaytaylik.

Rus tilidan Aziz Said tarjimasi