Mikola Vingranovskiy (Mikola Stepanovich Vingranovskiy – 1936—2004) — ukrain yozuvchisi, shoir, kinorejissyor, aktyor, stsenarist. Ukrainada xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi (1997).
* * *
Eshiting! Uyquda! Eshityapsizmi?
Kerakmas! Uyg‘otmang! Siz quloq soling!
Tik osmon — yuksaklik ko‘nglimning izmi.
Men sizni kutyapman. Keling va oling.
Lablarim, qo‘llarim, manglayim qat-qat,
Ko‘zlarim, so‘ng o‘pkam, oyoqlarimni, —
Borimni olingu… qoldiring faqat
O‘zimga: xavotir, qiynoqlarimni.
Olamga eltingiz! Keldi navbatim!
Laynerim qo‘nadi bugun subhidam…
Unga ayting: ko‘pdir ishim, xizmatim,
Uchrashuv qoladir, yana, bu gal ham.
Ayting: meni ular topishdi zo‘rg‘a…
Etgandim… Yashirmang haqni hech qachon.
So‘ng bir gap! Yer yuzi shoirlariga
Mening ko‘zlarimni qiling armug‘on.
Bering qo‘llarimni oq kemalarga,
O‘pkamni yellarga beringiz, do‘stlar,
Lablarimni — qo‘shiq va nag‘malarga,
Oyog‘imni — o‘tga, siljisin o‘tlar.
Ish bitdi… Boring tez… Kutishar sizni..
Fikrdosh bir do‘stni yuringiz eslab…
Eshiting! Uyquda! Eshityapsizmi?
Uyquda yirtqichim! Go‘zal yirtqich qalb.
Ukrainchadan Miraziz A’zam tarjimasi.