Sapar O‘rayev (1932)

Sapar O‘rayev (Sapar Öräýew) – Turkmaniston xalq yozuvchisi, Maxtumquli nomidagi xalqaro mukofot sohibi. 1932 yil Dashovuz viloyatida tug‘ilgan. Moskvadagi Maksim Gorkiy nomidagi adabiyot institutini tamomlagan.

ShOIRMAS

Sayrar chog‘i tilib-tilib bag‘rini,
Lolga do‘ngan shoir aslo shoirmas.
El, gul bilan qarshi olgan davrini
Erga ko‘mgan shoir aslo shoirmas.

It hurdi, o‘tdi-da karvonlar qator,
Chin shoir har kuni tong bo‘lib otar.
Ne boshlar bo‘lganda quyoshday botar,
Ko‘zni yumgan shoir aslo shoirmas.

Zulmatdan kun bo‘lib chiqar chog‘ida,
Haq bir kun nohaqni yiqar chog‘ida,
Kam kelsa, yomg‘irdek yog‘ar chog‘ida,
Yog‘may, tingan shoir aslo shoirmas.

Ko‘zin tikib o‘zgalarning poyiga,
Bulg‘ansa kimningdir otgan loyiga,
Tarozu tortilsa, og‘ir joyiga
O‘tib, mingan shoir aslo shoirmas.

Qalbidagi shubha muzin eritmay,
Katta eldan ilhom olib yaratmay,
Nokasni ters qilib, elni qaratmay,
Yashab bilgan shoir aslo shoirmas.

HAQQIM YO‘Q

G‘aflat uyqusidan uyg‘ondi diyor,
Mening uni ko‘rmaslikka haqqim yo‘q.
Ko‘z ochib, tirsakka tayandi diyor,
Unga mehr bermaslikka haqqim yo‘q.

Kezsak-da sog‘inib, dilni ta’sirlab,
Mustaqillik kuttirdi-ku asrlab.
To‘qson birning kuz oyinda qasirlab,
Keldi. Quchoq kermaslikka haqqim yo‘q.

Necha yil aylandi u haqda fikr,
Necha-necha dono aylagan zikr.
Mana, yetib keldi, endi ming shukr,
Unga boshim egmaslikka haqqim yo‘q.

Tangrim uzoq etsin uning yoshini,
Qo‘rg‘on qilsin tegrasini, doshini.
Yarashtirib ko‘zi bilan qoshini,
She’ru g‘azal bitmaslikka haqqim yo‘q.

Turkman tilidan Abduvohid Saidmatov tarjimasi