Raimboy Sobirov 1933 yilda tavallud topgan. Turkmanistonning Tosho‘giz shahrida istiqomat qiladi. U 1955 yilda Toshkent Davlat chet tillar oliygohining frantsuz tili kulliyotini bitkazgan. Turkman va o‘zbek tillarida ijod qiladi. “Yumaloq dunyo”, “Girdobdan sohilga”, “Sirli maqomlar”, “Insof”, “Dunyoning siri” qissalari, “Qiz amali”, “Kutilmagan jazo”, “Azroilning hazili” kabi o‘nlab sahna asarlari va birqancha romanlar muallifi.
RUBOIYLAR
Hayotda shodligu ham azob bordir,
Oldingda gunohu ham savob bordir,
Qaysisi ustuvor, o‘zingga bog‘liq,
Bilki, poyonida sarhisob bordir.
* * *
Derlar, kelar bir kun oxirzamona,
Odamzot nasli-chun bu bir afsona,
Lekin har kishining zamon oxiri,
Kelgusi muqarrar to‘lsa paymona.
* * *
Odamlar tilagi azal adolat,
Adolat bo‘lmasa, barchasi g‘alat.
Teng sochar zaminga quyosh shu’lasin,
Ul shu’la tushmasa yer bo‘lar barbod.
* * *
Riyokorga qilsang turfa yaxshilik,
Uyg‘onmas qalbida bir tuyg‘u iliq.
Qora tosh ustida o‘smas ekan gul,
Bag‘ri toshdan kutma hargiz xush qiliq.
* * *
Dunyoga ko‘z tikma, u gavjum bozor,
Sovrilar bir damda, bo‘lma umidvor.
Qanoat – boylikdir, nafs – gadolik,
Mol yiqqan o‘ziga orttirar ozor.
* * *
Ko‘ngil bir gulshandir,etmasa ozor,
Shirin so‘z bilan u doim lolazor.
Gulzorni toptashdir ko‘ngilga tegmoq,
Derlar: dilozordan Xudo ham bezor.
Turkmanchadan Qurbon Muhammadrizo tarjimasi