Og‘ageldi Allanazarov (Agageldi Allanazarow) 1948 yili Turkmanistonning Taxtabozor tumanida tug‘ilgan. Moskva adabiyot institutini tamomlagan (1976). Turkmaniston bolalar adabiyotining mashhur vakillaridan biri.
SANOQ
Poda qaytar qishloqqa oqshom,
Sigirlarning qorinlari mesh.
Barmoq bukib sanay boshlayman:
Bir, ikki, uch, to‘rt… to‘rt, besh…
Olti, yetti, sakkiz deyman-u,
Adashaman sanoqdan shu tob.
Sakkizdan so‘ng necha keladi?
Eslay olmay bo‘laman xunob.
Hoy, sigirlar, shoshmay turinglar,
Shamoldayin uyga yelaman.
Qolganingiz qanday sanashni
Oyimlardan so‘rab kelaman.
UKAM TUSh KO‘RGAN EMISh
Ukam tushini so‘zlab,
Lol qoldirdi hammani.
So‘zladi qanday qilib
Engganin akulani.
Oyimning ko‘zlarini
Shu payt qopladi qo‘rquv.
“Oh!” deb yubordi singlim
Yuragi etgancha “shuv”.
– Ishonmayman! – dedim-da,
Chiqib ketdim ko‘chaga.
Oldi-qochdi gaplarga
Ishonay axir nega?
Shundoqqina yonimda
Uxlagan edi ukam.
Rost bo‘lganda, bu tushni
Ko‘rgan bo‘lardim men ham.
QARG‘ANING O‘TINChI
Boshqa jonzot – qushlardan
Bilmayman, qayerim kam?
Ulardek oq tuxumni
Yorib chiqqanman men ham.
Ba’zida turli-tuman
Xayollarga boraman –
Kim aytadi nega men
Ko‘mir kabi qoraman?
Rus tilidan Abdurahmon Akbar tarjimasi