Turkman mumtoz adabiyotining atoqli namoyandalaridan biri bo‘lgan Tolibiyning (Myrat Talyby) asarlari asosan axloqiy-didaktik xarakterda bo‘lib, ularda yuksak insoniy xislatlar – mardlik, saxiylik, rahmdillik, vatanparvarlik ulug‘lanadi.
BO‘LAR
Nasihat bobinda gar xabar tutsang,
Aql uyiga fahm jorubkash bo‘lar.
Bir g‘aribga yaxshi so‘zingni aytsang,
Kissaga pul kirmas, ko‘ngli xush bo‘lar.
Ahmoq o‘zin bilmas chirog‘i yonsa,
Yuz Ka’ba xarobdir bir ko‘ngil sinsa,
Ayyom xarob bo‘lar davron do‘lansa,
Boshlar oyoq bo‘lar, oyoq bosh bo‘lar.
Baxt-davlatdir barcha ishning moyasi,
Do‘stga do‘stdan yetar rahmat soyasi,
Yigitga g‘am kelsa, ketar tayanchi,
Chuvol og‘ir bo‘lsa, nor yuvvosh bo‘lar.
Tosh ham ish bermaydi qo‘ling urmasang,
Mukammallik qayda ko‘ngil bermasang,
Begonalik o‘sar do‘stni ko‘rmasang,
Yot qo‘shniday yiroqlashar, tash bo‘lar.
Jigarim xunidir ko‘zimdan oqqan,
Bilmadim, do‘st kimu dushman kim ekan?
Bu yolg‘on dunyoning hasratin chekkan
To‘g‘ri ahmoqdir u yoki yosh bo‘lar.
Tolibiy der fasod ortar yil-yildan,
G‘ofil bo‘lmang bu dunyoda bu eldan,
Dil, bahra topmassan, kech bu xayoldan,
Bir do‘stim bor desang, dushman besh bo‘lar.
Turkman tilidan Sevara Ali tabdili