Maxtumquli (1733-1783)

Maxtumquli (Magtymguly; taxallusi Firog‘iy; 1733, Gurgan daryosi sohilidagi Hoji-govshan qishlog‘i — 1783) — turkman shoiri va mutafakkiri. Otasi Davlatmamat Ozodiy (1700—1760) ham shoir bo‘lgan. Maxtumquli boshlang‘ich ta’limni oilada o‘z otasidan olgan. So‘ng qishloq maktabida Niyozsolih mulla qo‘lida o‘qigan. Dastlab Maxtumquli Xalach atrofining Qiziloyoq qishlog‘idagi Idrisbobo madrasasida, keyinchalik Buxoroning Ko‘kaldosh, Xivaning Sherg‘oziy madrasalarida tahsil olgan. Nizomiy, Firdavsiy, Fuzuliy, Navoiy singari mashhur shoirlar ijodidan bahramand bo‘lgan. Zargarlik bilan shug‘ullangan.
Afg‘oniston, Eron, Hindiston, Ozarbayjon, Samarqand, Turkiston kabi bir kancha shaharlarga sayohat kilgan. Maxtumqulining oilaviy sharoiti xususida har xil rivoyatlar bor. Maxtumqulishunoslar Maxtumquli Menglixon ismli qizni chin dildan e6sevganini, biroq ularning turmush qurishiga imkon bo‘lmaganini yozadilar.
Maxtumquli bir qancha lirik she’rlar, lirik-epik dostonlar, g‘azal va muxammaslar yozgan. Bizgacha uning lirik, falsafiy, pand-nasihat xarakteridagi 10 ming misradan ortiq she’rlari yetib kelgan. Maxtumquli she’rlarida turkman xalqining hayoti, urf-odatlari, o‘z davrining muhim ijtimoiysiyosiy hodisalari, shoirning ichki kechinmalari teran ifoda etilgan («Bo‘lmasa», «Kelgay», «Bilan», «Naylayin», «Etmas», «Bular», «Ketdi zamona» va b.). Asarlarida turkman urug‘larini birlashishga chaqirgan. Ular o‘rtasidagi nizo-janjallarni tugatishga uringan («Taka, yovmut, ko‘klang, yozir, alili — Bir davlatga qullik kilsak beshimiz…»).
Maxtumqulining ishq-muhabbat mavzuidagi she’rlari ham ohangdorligi, chuqur falsafiy mohiyati bilan ajralib turadi. Shoirning hayot va o‘lim, inson va borliq, go‘zal insoniy fazilatlar va odob-axloqqa oid she’rlarida islom dini hamda tasavvufiy karashlar ta’siri yaqqol seziladi («Mahtumkuli, shukr et sen Xudoga, O‘lim barobardir shohu gadoga…»).
Ko‘p she’rlariga Qur’oni Karim oyatlari, hadisi sharifning mazmun-mohiyati singdirilgan. Shoir she’rlarida payg‘ambarlar, Bahouddin Naqshband, Ahmad Yassaviy singari ulug‘ zotlar juda ko‘p tilga olinadi. Shuningdek, Allohga munojot, Rasululloh (sav)ga murojaat ohanglari Maxtumquli she’riyatining eng asosiy tamoyillaridan biridir («Riyodan, yo Rab», «Sochdi Muhammad», «Yo Rasul» va b.).
Maxtumquli uslubida xalq og‘zaki ijodiga yaqinlik bor. Maxtumquli turkman xalqining maqol va matallarini, xalq tiliga xos ayrim unsurlarni adabiyotga olib kirishda katta xizmat qilgan. Shoirning purma’no misralari turkman millatining hikmatli so‘zlari, aforizmlar qatoridan o‘rin olgan. Maxtumquli ijodi Yevropa va rus sharqshunoslari, turkman va o‘zbek olimlari tomonidan tadqiq etilgan; qiyosiy o‘rganilgan. Xususan, Navoiy ijodining Maxtumquliga ta’siri va boshqa adabiy ta’sir masalalari tekshirilgan (S. Qoriyev, «Navoiy va Maxtumquli», «Maxtumquli va Islom shoir», «Maxtumquli she’rlari asosida yaratilgan o‘zbek xalq qo‘shiklari» va b.).
Maxtumquli she’riyati barcha turkiy millatlar, jumladan, o‘zbeklarning ham ma’naviy mulkiga aylangan. Bir necha marta she’rlari o‘zbek tiliga tarjima qilinib, nashr etilgan. Ko‘plab she’rlari hofizlar tomonidan kuyga solib aytiladi. Maxtumquli haqida kinofilm, spektakl va badiiy asarlar yaratilgan.
Bahodir Karimov.

NAMASAN

Asli seni ko‘rmaganman, dildorim!
Qumrimisan, bulbulmisan, namasan?
G‘amgin dilni xayolingda aldarman,
Bog‘ ichinda gul-gulmisan, namasan?

Qaroqchimi, yo sayidmi, xo‘jami?
Yo soqiymi, yo sharobmi, yo jommi?
Yo yilmisan, yo kunduzmi, kechami?
Yo oymisan, yo kunmisan, namasan?

Yo mushkmisan, yoki chambil, yo anbar,
Aytolmayman, yo charxmisan, yo chambar?
Daryomisan, yo mavjmisan, yo safsar,
Girdobmisan, to‘lqinmisan, namasan?

Oltinmisan, kumushmisan, zarmisan?
Yo arshmisan, Kursimisan, yermisan?
Yo yoqutmi, yo marjonmi, durmisan?
Yo chirog‘mi, yo ziyosan, namasan?

Maxtumquli, kech nomusu oringdan,
Qo‘lingni tort bu vafosiz koringdan.
Jahon to‘la, sen g‘ofilsan yoringdan,
Yo mastmisan, yo shaydosan, namasan?

KO‘RING

Har yigitning aslin bilay desangiz,
Ma’rakada o‘tirib-turishin ko‘ring.
Birov bilan oshno bo‘lay desangiz,
Avval o‘z so‘zida turishin ko‘ring.

Uzoq-yaqin yo‘lga borar bo‘lsangiz,
Mardlik kilichini solar bo‘lsangiz,
Bir bedovni saylab olar bo‘lsangiz,
Siynasin, sag‘risin kerishin ko‘ring.

Bir pul tushsa bir iflosning qo‘liga,
Ko‘ksin ochib, kezar qishning yeliga,
Xaridor bo‘lsangiz qizga, kelinga,
Adabin, ikromin, o‘tirishin ko‘ring.

Mard yigitning ot-yarog‘i shay bo‘lsa,
Etishar har yerda hayda-hay bo‘lsa,
O‘zi Hotam bo‘lib, yana boy bo‘lsa,
Chor atrofdan mehmon kelishin ko‘ring.

Bir nechani qilding moli bisyori,
Bir nechani qilding bir pulning zori,
Yaxshi-yomon – odam zotining bori
Navbat bilan o‘tib borishin ko‘ring.

Tangri bezor, biling, zakotsiz boydan,
Siz ham qoching zinhor ul kelar joydan,
Mardga bir ish tushsa, ko‘rar Xudoydan,
Nomardning hamrohdan ko‘rishin ko‘ring.

Nomard yurar mudom o‘limdan qochib,
Uyiga kelganda zahrini sochib,
Mard yigit mehmonga quchog‘in ochib,
Nomardning mehmondan qochishin ko‘ring.

Zolimlar unutar zikri Olloni,
Arzon olib, qimmat sotar g‘alloni;
Sudxo‘r noinsoflar halol tilloni
Harom foydasiga berishin ko‘ring.

Mard yigitning ishi suhbat – soz bo‘lar,
Ko‘ngli qish bo‘lmayin, doim yoz bo‘lar,
Yaxshining ko‘nglida gina oz bo‘lar,
Yomonning kunda bir urushin ko‘ring.

Qadrdon, qardoshdan uzoqda turib,
Qadrsiz yot bilan qarindosh bo‘lib,
Maxtumquli, nosozlarga duch kelib,
Xo‘janing, sayidning yurishin ko‘ring

Turkman tilidan Jumaniyoz Sharipov tarjimasi

RAYGON AYLADI

Qayg‘u-g‘amda aziz umrim so‘ldirib,
Shum falak azobim raygon ayladi;
Yozgan kitoblarim selga oldirib,
Ko‘zlarim yo‘lida giryon ayladi.

G‘aflatda u dushman oldi elimni,
Tarqatdi har yonga do‘stu tengimni,
Besh yil bo‘yi yozgan kitob-she’rimni
Qizilboshlar olib, vayron ayladi.

Bir nechamiz qo‘li bog‘li qul bo‘lib,
Nechalar piyoda sarg‘ayib-so‘lib,
Kimni berib, uning bahosin olib,
Har kimga belgili baho ayladi.

Shum falak azobin menga bildirdi,
Yig‘lamoqdan gul yuzlarim so‘ldirdi,
Qo‘l yozma kitobim selga oldirdi,
Dushmanimni Jayhun daryo ayladi.

Nechalar dunyoda bo‘ldi bir kishi,
Nechaning tomog‘in to‘ydirmas oshi,
Nechaning motamdan qutulmas boshi,
Kecha-kunduz vovaylato ayladi.

Kuydirar shum falak jabru jafosi,
Inonmang, yolg‘ondir ahdu vafosi,
Maxtumquli, yo‘q bu so‘zning xatosi,
Falak alif qaddim duto ayladi.


KERAKMAS

Falak, menga mol berarsan, ul ganji-kon kerakmas,
Go‘zal yorim ko‘rmasam gar, foniy jahon kerakmas.

Boqqa kirib naylayin men qulf urgan anbarin,
Bulbulim yesir qilibsan, go‘zal rayhon kerakmas.

El-yurtim xoru zordir, kelsin davlat lashkaring,
Dinni hadar aylabsan-ku, ajab qur’on kerakmas.

Bizning elning shoh, gadosi, falak, senga yuk bo‘lar,
Har kim o‘ziga sultondir, xonu sulton kerakmas.

Bu zaminni larzon qilib, osmon, junbush aylading,
Oxiri zamon sari surding, mohitobon kerakmas.

Majlis qilar bo‘ldi bu kun elu yurtning barchasi,
Kelmagin sen, bas, bosh qo‘shib, bizga mehmon kerakmas.

Qilg‘il umrimizni ziyod, darkor emas boshqasi,
Bu ajoyib chog‘larimda ajal paymon kerakmas.

Charx ustida bino qilib, bizlarni sen joylading,
Qoyil bo‘lay bu joyingga, ammo gardon kerakmas.

Har kimga sen baxsh etibsan yaxshi-yomon bir gulni,
Ul gullardan boshqa bizga sohibijon kerakmas.

Maxtumquli, sen so‘zlagil, deydi mardlar majlisi,
Sen baxshisen bu majlisda, boshqa doston kerakmas.

BO‘LMAS

Har ahmoqqa aytma dardu so‘zingni,
Hasrat o‘ti jisming yoqqancha bo‘lmas.
G‘ussa bilan dona-dona ko‘zingdan
Achchiq yoshlaringni to‘kkancha bo‘lmas.

Qanoatda, izzatda tut o‘zingni,
Tama’ qilib, sarg‘aytirma yuzingni,
Har nomardga hayf aylama so‘zingni,
So‘zingning binosin yiqqancha bo‘lmas.

Mag‘rur bo‘lib kezma umring guliga,
Duch bo‘larsan bir kun xazon yeliga,
Yuz yil yashab tushsang ajal qo‘liga,
Chapingdan o‘ngingga boqqancha bo‘lmas.

Ko‘ngli qora bilan bo‘lmanglar ulfat,
Yuqar undan turli-tuman kasofat,
Ko‘mirga har necha aylasang izzat,
Manglayga qorasi yuqqancha bo‘lmas.

Maxtumquli hargiz topmadi omon,
Emon tilning zahri tig‘lardan yomon,
Yomon til yonida zahri ko‘p ilon,—
Chaqsa-da, bir chivin chaqqancha bo‘lmas.


BO‘LARSAN

Baland tog‘lar, buyuklikda gerdayma,
Xumchada suv bo‘lgan zardek bo‘larsan.
Teran daryo, haybatingga kekkayma,
Vaqting yetsa, qurib yerdek bo‘larsan.

Toglarning arsloni, bobir, falangi,
Oxiri teng bo‘lar fil, pashsha jangi,
Jayhun daryosi-yu, Nilning nahangi,
Quloqdan urilgan xardek bo‘larsan.

Qiyomatdan bir so‘z dedim boyoqda,
Aks zarb bor bevaqt urilgan tayoqda,
Zolimlar xor bo‘lar, qolar oyoqda,
G‘arib, sen yig‘lama, sherdek bo‘larsan!

Yaxshi bedov mingan, xo‘b go‘zal quchgan —
Birga eltgan bormi boqiga ko‘chgan?
Haqiqiy nomarddir imonsiz kechgan,
Imon bilan borsang nordek bo‘larsan.

Yaxshilar yoninda yurgil sen o‘zing,
Dur bo‘lsin doimo so‘zlagan so‘zing,
Olimlarni uqsang, ochilar ko‘zing,
Johilni tinglasang, ko‘rdek bo‘larsan.

Luqmondek har ishning chorasin bilsang,
Rustamdek devlarga farmonlar bersang,
Iskandardek yerning yuzini olsang,
Yakson bo‘lib, baribir yerdek bo‘larsan.

Maxtumquli, qarab so‘zla doshingni,
Joyin bilib tortgil, bo‘lsa oshingni,
Komil topsang, qo‘y yo‘lida boshingni,
Er ketida yursang erdek bo‘larsan.

BORMI?

Jahongashta devonalar,
Men kabi hech yongan bormi?
Ishq qurboni, parvonalar,
U olovdan qongan bormi?

Biron eshikdan o‘tmagan,
Maqsadiga hech yetmagan,
Aqlu hushi fikr etmagan,
Alam ichra to‘lgan bormi?

Bodi sabo kelar bo‘ldi,
Har joyda bir qolar bo‘ldi,
Qiyo nazar solar bo‘ldi,
Adolatli sulton bormi?

Huv degil, ummon suzarsan,
Dashtdan qo‘lingni uzarsan,
Barcha suvlarni kecharsan,
Bir ishratli makon bormi?

Zaboni shirin asalli,
Xuddi to‘lgan oy jamolli,
Oyday yuzi hindu xolli,
Munosib bir jonon bormi?

Sabo deyman men pinhonda,
Yoqdi meni, kuydi jon-da,
Kezibsan foniy jahonda,
Izlayman, Menglixon bormi?

Sayr etar bo‘lding qoshida,
Qamarida, quyoshida,
U qarigan tog‘ boshida
Yomg‘ur bilan tuman bormi?

Oyoqni loyga botirgan,
Olov uzra bir o‘tirgan,
Bu falakni boplab urgan
Foniyda bir mardon bormi?

Sayr etarsan kun-oylarni,
Ne ajoyib saroylarni,
Ko‘rarsan har bir joylarni,
U joylarda qur’on bormi?

Bir xulqi bordir so‘zida,
Hikoyat bordirko‘zida,
Mengli yorning gul yuzida
Bizga qarshi kamon bormi?

Maxtumquli, so‘zlading oz,
Dard zihirin qilding bayoz,
Qo‘l ichida maylisda g‘oz,
Bizlar uchun vatan bormi?
J. Sharipov tarjimalari

KEL, KO‘NGLIM, SIDQ ILA YoLBOR ALLOHGA

Kel, ko‘nglim, sidq ila yolbor Allohga,
Yaratgandan hech yashirin ish bo‘lmas.
Rizq bir muqaddardir shohu gadoga,
Qalam birdir, bunda yozgan besh bo‘lmas.

Bir nechalar yo‘rtar kecha yotmayin,
Birov yotar o‘ydan jafo tortmayin,
Taqdiri azaldan hargiz ortmayin,
Kezgan ortiq bo‘lib, yotgan bo‘sh bo‘lmas.

Bir bo‘z yigit yolg‘on dunyoga kelsa,
Qiliq, qilich, nonu dasturxon bo‘lsa,
Foniy yurtda obro‘y ham iymon bo‘lsa,
Etmish, sakson, yuzdan ortiq yosh bo‘lmas.

Kimlardir davlatmand, kimlardir g‘arib,
Kimlar-chi, xayr etib, zakotin berib,
Kimlari umrinda non deya horib,
Kimlardadir yostiq, to‘shak, osh bo‘lmas.

Maxtumquli, bu kuningga shukr ayla,
Allohning qudratin ko‘rib, fikr ayla,
Rizq uchun g‘am yema, Haqni zikr ayla,
Azalda yozilgan sendan tash bo‘lmas.

IYMON PAYDO

Kelsa navro‘z olamga, rang qilar jahon paydo,
Bulutlar ovoz urib, tog‘ qilar tuman paydo,
Bejonlarga jon kirib, etarlar dahon paydo,
Ko‘karmagan giyohlar ko‘karib ravon paydo,
Etarlar hayvonotga ham sud, ham ziyon paydo.
Er yuziga yoyilib, yurarlar nihon-paydo,
Vobasta dahon qushlar qilarlar zabon paydo.

Cho‘l tarafin berkitib, dar ochar suvga xarchang,
Zamin sabzazor bo‘lib, tanidan ayrilar zang,
Jonivorlar mast bo‘lib, go‘yo ichmish aroq, bang,
Har ashyoning o‘ziga o‘z ovozi bo‘lar gang,
Sabza ichra sanduvoch yuz tilda qilar ohang,
Zamin xizrpo‘sh bo‘lib, gul ochibdir rang-barang,
Xurujga kelib olam, qilarlar fig‘on paydo.

Surudu sado birla jahon yuzi oboddir,
Bo‘lma surudga mag‘rur, oqibati barboddir,
Haq ishqinda zinda jon, biling, boqiy hayotdir,
Har tandaki ishq yo‘qdir, ro‘zi azal mamotdir,
Yoz o‘tguncha Yeru Ko‘k kundan-kunga ziyoddir,
Bir hashri qiyomatdir, bir yavmi arosatdir,
Dahr ichra bo‘lar har dam, jahon ichra jon paydo.

Zarbofga zavqing qo‘yma, baqo yo‘qdir davlatda,
Umringni yelga berma, sen bu dorul-mehnatda,
Etar senga erta-kech, ne yozilsa qismatda,
Joningga jafo aylab, buncha kezma hasratda,
Savob yaxshi amalda, yoxud yaxshi niyatda,
Olam barcha xizmatda, odam yotar g‘aflatda,
Hosiling otash bo‘lgay, aylasang yomon paydo.

Maxtumquli, yig‘larman bu baxti siyohimdan,
Qo‘rqarman jon ofati – qo‘l-oyoq guvohimdan,
Umidim hosil bo‘lmas, bu umri tabohimdan,
Jon kuydi jasad ichra, bu otashi ohimdan,
Qo‘lim cho‘zib, tilarman hojatim Allohimdan,
Bandaman, umid shulki Ul karamli Shohimdan,
Aylagay arosatda gul kabi iymon paydo.


OTA-O‘G‘IL DARDLAShUVI

Ozodiy:
– Oshkor et siringni, saqlama pinhon,
Ammoki, so‘zimdan chiqmagil, o‘g‘lim!
Kunda yuz o‘y kelar-ketar bu boshga,
Og‘ritma ko‘nglimni, yiqmagil, o‘g‘lim!

Maxtumquli:
– Uyalardim, sirim fosh aylamasdim,
Oshkor qil, deb so‘rar bo‘lsang, Ozodim!
Yuz o‘y kelar-ketar har kun bu boshga,
Istak bordir, safar qilsak, Ozodim!

– Jafo qilma o‘zing, chaqir Mavloni,
Orzu qilma xonni, bekni, sultonni,
Basdir bizga avval Tangri bergoni,
Qoldirma ko‘nglimni, ketmagil, o‘g‘lim!

– Ketgimiz yo‘q olti bilan, besh bilan,
Sayron etsak necha tengu to‘sh bilan,
Magar shunda Qamgin ko‘nglim xush bo‘lar,
Ko‘ngil qalqar, qaror etmas, Ozodim!

– Varzishing yo‘q, yoshsan, keta bilmassan,
Shovur bor, shovqin bor, chiday bilmassan,
Har ishga bosh qo‘shib, eta bilmassan,
Ketmoqlik da’vosin qilmagil, o‘g‘lim!

– Kishi so‘zlamasa, siri fosh bo‘lmas,
Yaxshini, yomonni bilgan yosh bo‘lmas,
Shu kez yubormasang, ko‘nglim xush bo‘lmas,
Ra’yimiz qaytarma, qo‘ybor, Ozodim!

– Bizni nechuk bunday tark etgusing bor?
Bu yo‘l behudadir, chin ketgusing bor.
Bas, ketmagil, sendan ko‘p tarsishim bor,
Qayg‘u, alamlarga botmagil, o‘g‘lim!

– Qalbimga kiribdir Islom havasi,
Tangadir, dirhamdir xalqning tama’si,
Ko‘nglim malul etma, qo‘rquv nimasi? –
Bir safar ishidir, qo‘ybor, Ozodim!

– Qur’on o‘qib yurgil, yaxshi Kalomdir,
Dushman berahmdir, dining Islomdir,
Yo‘llar qaroqchidir, o‘g‘ri-haromdir,
O‘lgungmi, qolgungmi, ketmagil, o‘g‘lim!

– Sinayin, ko‘rayin bu kun iqbolim,
Yaxshi kun, yaxshi vaqt, kelganda solim,
Qasd etib jonimga, yetsa ajalim,
Bu yerda bo‘lsa ham, topar, Ozodim!

– Bilib olay, o‘zing qayon otarsan?
Qandoq ishdir, buni bundoq tutarsan?
Aytgil, axir, kimning bilan ketarsan?
Oh chekib, har yonga boqmagil, o‘g‘lim!

– Jilovdori bo‘lgum Yosirxon pirning,
Ko‘ngil qushi parvoz urar faqirning,
Bu kun yetti kundir, “Alhamd” o‘qirmen,
Shod ayla ko‘nglimni, qo‘ybor, Ozodim!

– Ozodiy der: birga safo suraylik,
Yo‘qsa, yuboraylik, sinab ko‘raylik,
“Omin!” deb tur, o‘g‘lim, duo beraylik,
Bir Alloh yor bo‘lsin senga, bor, o‘g‘lim!

– Maxtumquli aytar: qolmisham chog‘dan,
Ko‘ngil qushi talvos urar yiroqdan,
Har yerda Sog‘ligim tila Ul Haqdan,
Duo qilib, Haqqa yolbor, Ozodim!..

ADOLAT YaXShI

Aslo odamzodga achchiq so‘z qilmang,
Faqiru miskinga dalolat yaxshi.
Baxilga uchramang – kular yuz bo‘lmang,
Ishni bitirmoqqa kifoyat yaxshi.

Etimni ko‘rganda kular yuz bo‘lgil,
Qo‘ldan kelsa unga taom – tuz bergil,
Hamginni ko‘rganda shirin so‘z bergil,
Chorasiz qullarga himoyat yaxshi.

Yigit uldir, so‘zga aylasa amal,
Qo‘ldan kelmas ishga etmasa jadal,
Ollohning amriga qilmagil badal,
Bekka – saxo, shohga – adolat yaxshi.

G‘ariblik bir darddir, odam o‘ldirmas,
O‘ldirmas, hayotda lekin kuldirmas,
Bo‘riga ojizlik it ham bildirmas,
Albatta, dushmanga siyosat yaxshi.

Maxtumquli, shukr, shirin til berdi,
Daraxtlar ko‘karib samar, gul berdi,
Go‘ro‘qli Rayxonga qanday yolbordi?
Omonlik deganga diyonat yaxshi.

AYRILSA

Qora toshli, sariq tuman bu tog‘lar
Tuproq bo‘lar, qora toshdan ayrilsa.
Sel bo‘lib, to‘lg‘onib oqar buloqlar,
Chilla to‘lib, qorlar qishdan ayrilsa.

Dunyoda bir g‘avg‘o uzoqdan bo‘lar,
Ko‘z xonasi qondan, qon yoshdan to‘lar,
Qur’on ko‘rmay kezgan pirlar och qolar,
El unutib, sari peshdan ayrilsa.

Ko‘p aytarman: dunyo qoldi yomona,
Rahm etmas bo‘ldi, boq, musulmona,
Lochinlar pir-pirab kelar osmona,
Harom o‘lgan qo‘zi-loshdan ayrilsa.

Zinokor siylamas elu yurtini,
G‘ayri qochar, ko‘rsa erning mardini,
Odam o‘g‘li ayta bilmas dardini,
Yurak yonib, chashmi yoshdan ayrilsa.

Nomard juvonparast, holi zabundir,
Mardni ko‘rsa yig‘lar, ko‘zlari xundir,
Do‘sti g‘arib kelsa, mardlar majnundir,
Nomard do‘st istamas, oshdan ayrilsa.

Yurt dardiga yarar elda mardonlar,
Nomard qochib borar, boqing, yoronlar,
Mol deya yurt kezar baxil-nodonlar,
G‘amga botar, go‘zal xeshdan ayrilsa.

Nomard-zanon gapda hech turqi bo‘lmas,
Vazirlar nodondir, hech erki bo‘lmas,
Kular yuzli yorning hech ko‘rki bo‘lmas –
Siyoh zulf, qaro ko‘z, qoshdan ayrilsa.

Bozurgonlar mudom yo‘lga bel bog‘lar,
Nodon ketsa, yiroq ketsa, el chog‘lar,
Maxtumquli Haqni yodlar, qon yig‘lar,
Shoh-gadolar aqlu hushdan ayrilsa.

AYLANMAS

Bulbul navo qilgan havoli bog‘lar.
Bulbul sendan ketar, fig‘on aylanmas.
Yoqimli, yomg‘irli, umrli tog‘lar,
Sellar sendan ketar, tumon aylanmas.

Odam yaratilmish balandli-pastli,
Aqlli, fikrli, dalili-mastli,
Yigitlik bir ko‘yga – bahorning fasli,
Bahor sendan ketar, zamon aylanmas.

Kelganni qarshila, bo‘lsa majoling,
Yaxshi tutavergil niyating, fe’ling,
Dunyo davroninda ochiq tut qo‘ling,
Davr sendan ketar, davron aylanmas.

Bu dunyo g‘avg‘odir, bir qol-maqoldir,
Kimi “Berho-ber”dir, kim “Olho-ol”dir,
Yigitlar, bu dunyo shunga misoldir,
Barq urar osmonda, boron aylanmas.

Bu manzildir uch kun sen yeb-ichganda,
O‘rnashib, tirmashib, beling ochganda,
Uzanging tortarlar, to‘rt kun kechganda,
Besh kundan yuqori mehmon aylanmas.

Bag‘rin ochar bir kun, yer seni gizlar,
Qaro xokdan to‘lar bu nargis ko‘zlar,
Otingga ishonma, chamanli tuzlar,
Chaman senda qurir, jayron aylanmas.

Maxtumquli aytar orif do‘stiga,
Kim qolar tushmasdan ajal dastiga? –
Falak bir kun solar yerning ostiga,
Og‘izdan til ketar, zabon aylanmas.

EY OG‘ALAR, YIG‘LARMAN, KELDI, KEChDI ZAMONA

Ey og‘alar, yig‘larman, keldi, kechdi zamona,
Yaxshi qadri bilinmay, tegdi davr yomona,
Yomon oldi jahonni, kelmas tili iymona,
Ko‘p faqirlar yig‘lashib, kelar undan omona,
Istagi bor, oz vaqtdan yaxshi bo‘lsa zamona.

Ne safoli kun ko‘rdik, teng-to‘sh bilan bosh qo‘shmon,
Boshing qaro, bilmading, na do‘st bilding, na dushmon,
Ey yoronlar, sud etmas, endi etsang ming pushmon,
Dunyosiga talashmam, o‘g‘il-qizga bulashmon,
Ne huzurli kun ko‘rdik, bo‘lib ketsak devona.

Tushmagin xom xayola: “Dunyo kelgan o‘lmaslar”,
Kelgan kechar dunyodan, biri omon qolmaslar,
Jonlar chekib chaqirsang, to‘g‘ri yo‘lga kelmaslar,
Har ne bo‘lsa, yutarlar, halol-harom bilmaslar,
Derlar: Haqdir Muhammad, bo‘ysunamiz Qur’ona.

Davron, nechuk davronsan, g‘arib yig‘lar, el tinmas,
Zulmi ortar zolimning, hech ko‘ngilga rahm inmas,
Jahonni yoqdi-ketdi, yomonning o‘ti so‘nmas,
Bir Muhammad hurmati, yer yorilmas, ko‘k inmas,
Charx quvonar bu ishga, bo‘lmas oxirzamona.

G‘ofil qoldim, yoronlar, o‘z-o‘zimdan, rishtim yo‘q,
Haqdan g‘ayri hech yerda panohim yo‘q, pushtim yo‘q,
Faqr bahriga kirdim, yelkanim yo‘q, kishtim yo‘q,
Maxtumquli, men bundan chiqadigan dashtim yo‘q,
Qo‘lim bersam, tutgan yo‘q, tushdim tubsiz ummona.

YoR JAMOLIN KO‘RMAGUNChA KO‘Z BILAN

Kimim bordir, arzim Yorga yetkazsin,
Ishq o‘tida kuydim-ketdim ko‘z bilan.
Kelib, qo‘li bilan o‘tim o‘chirsin,
Yo‘qsa so‘nmas boron bilan, muz bilan.

Kelgan kechdi, kelajakka yurt qo‘ydi,
Oshnolig‘ni nomard buzdi, mard qo‘ydi,
Yor siynamda dog‘ ustiga dard qo‘ydi,
Dard ustiga murch qo‘yibdir tuz bilan.

Ma’shuqim topdirmas, topsam, qo‘l bermas,
Iqbolim uyg‘onmas, baxtim ham kulmas,
Yuragim tinchimas, ko‘ngil tek turmas,
Yor jamolin ko‘rmaguncha ko‘z bilan.

Bir dardga tushibman, hech kimsa bilmas,
Iyso uqmas, Luqmon chorasin qilmas,
Kelgan turmas, tuman boshdan ayrilmas,
Har zamon bir dardni chekkum so‘z bilan.

Ming ishq bilan molu dunyo yig‘arsan,
Bir narsa deb, yuz ko‘ngilga tegarsan,
Dunyo-daryo, tan bir soldir, agar san,
Qachongacha tay ketarsen tuz bilan?

Bu dunyo molindan kim eltdi bir zot,
Avvali – g‘am-qayg‘u, oxiri – barbod,
Bo‘lajaging shudir sening, odamzod,
Yo‘q bo‘larsan tuproq bilan, tuz bilan.

Maxtumquli, ne manzilda turarsan,
Yurt kimningdir, og‘ir ishlar qilarsan,
Qismat bo‘lsa, parcha yerga kirarsan,
Nasib bo‘lsa, olti quloch bo‘z bilan.

QANOTIM YO‘Q, UChA BILMAM, NAYLAYIN

Ko‘ngil istar, kezsam dunyo-olamni,
Qanotim yo‘q, ucha bilmam, naylayin!
O‘qirmen, ko‘rarmen “Favzul-kalom”ni,
Ma’nosini socha bilmam, naylayin!

Ko‘plar unda g‘avvos bo‘lib suzarlar,
Menga zohir, xalqdan pinhon kezarlar,
Gul bodada gulgun sharob ezarlar,
Qo‘l uzatib, icha bilmam, naylayin!

O‘y dashtidan sharob isin no‘sh qildim,
Ketdi aqlim, o‘zim bilmay, jo‘sh qildim.
Sarmast bo‘ldim, darsiz ko‘shkka duch bo‘ldim,
Ruxsat bo‘lmay, ocha bilmam, naylayin!

Yitti yo‘lim, tog‘ qaysidir, tuz qaysi,
Bilmas ko‘nglim, ma’no qaysi, so‘z qaysi,
Fahm aylamam, yo‘l qaysidir, iz qaysi,
Umid uzib, qocha bilmam, naylayin!

Maxtumquli, bu dunyoning hammasin,
Yig‘ib, tugib, qo‘lga berdim nomasin.
Fikr daryosiga aqlim kemasin –
Botirganman, kecha bilmam, naylayin!

OShIQLAR HAQ IShQINDA

Oshiqlar haq ishqinda
Hayrondadir-hayronda.
Ko‘zlar zaif izinda,
Giryondadir-giryonda.

Qildi anga Haq rahmat,
Nuri tajalliy qudrat,
Xirqa kiygan Xoja Ahmad
Sayramdadir, Sayramda.

Erdan chiqqan og‘ochlar,
Tili sanoli qushlar,
Subhon suygan darvishlar
Davrondadir, davronda.

Ayil, oshig‘im, ayil,
Majnun bo‘l, xalqqa yoyil,
Xalil o‘g‘li Ismoil
Qurbondadir, qurbonda.

Tur tog‘inda turanlar,
Necha g‘oyib eranlar,
Jamolini ko‘ranlar
Farmondadir, farmonda.

To‘ldirgan bu dunyoni,
So‘zlar har du saroni,
Kulli ishning bayoni
Qur’ondadir, Qur’onda.

Maxtumquli, och tillar,
Qulluq qil oylar, yillar,
Erta qulluqsiz qullar
Armondadir, armonda.

BARChANING BOShIGA YeTAR BU DUNYo

Xush qol endi, yoru do‘stlar, yoronlar,
Ishonma, hammadan o‘tar bu dunyo.
Chora topmadilar o‘tgan valiylar,
Barchaning boshiga yetar bu dunyo.

Birovni shoh etar, berar ko‘p rivoj,
Bir nechalar yig‘lar, bir pulga muhtoj,
Kimlar chora topmas, o‘tar noiloj,
Har kimga yuz alam tutar bu dunyo.

Nazar qilsa, pora etar toshlarni,
Bir nechaga og‘u etar oshlarni,
Bir nechalar olib aziz boshlarni,
Bir yot o‘lkalarga ketar, bu dunyo.

Nurindan yaratdi Iysoni Jabbor,
Erk O‘zingda, har na qilsang, Biru Bor,
Bir g‘aribman, Sendan o‘zga kimim bor,
Meni ko‘p qimmatga solar bu dunyo.

Hazrati Odamni aylading hayron,
Havvo judo tushdi, ko‘zlari giryon,
Xudoga roz aytdi hazrati Luqmon:
“Nomardga etmasin duchor bu dunyo!”

Qani ul Iskandar, qani Sulaymon,
Oxirinda bo‘ldi joyi go‘riston,
Qani Suhrob, Barzu, Rustami doston,
Biridan qoldirmas asar, bu dunyo.

Maxtumquli, ko‘nglingda yuz kulfat bor,
Qazoning damiga bo‘ldik giriftor,
Yaratgan, xor etma, bo‘lgil xabardor,
Yo‘qsa, ishim armon etar bu dunyo.

QAYG‘U ChEKSA, YIGIT KIShI ChOL BO‘LAR

Odam o‘g‘li, bu dunyoda kezarsen,
Bir kun sening alif qadding dol bo‘lar.
G‘ofil bo‘lma, to‘g‘ri yo‘ldin ozarsen,
Bulbul kabi sayron tiling lol bo‘lar.

Oxirzamon bo‘lsa, fitnalar tursa,
Zolimlar yomonlik majlisin qursa,
Podshohlari rishvat deya dam ursa,
Faqirlarga kun-nafaqa xor bo‘lar.

Yaxshi-yomon izzat qilar boylarga,
Faqiru benavo qolar voylarga,
Har yigitkim, g‘arib tushsa joylarga,
Hasrat chekar, har bir mohi sol bo‘lar.

Har kimsa shariat yo‘lin bilmasa,
Olimlarning so‘zin ko‘zga ilmasa,
Qirq yoshinda kishi tavba qilmasa,
Uning ishi hiyla, makr, ol bo‘lar.

Har yigitkim, g‘arib tushsa vatandan,
Xabar so‘rar har bir yo‘ldan o‘tgandan,
Telmuribon hojat tilar yetgandan,
Hojati bitmasa, qiylu qol bo‘lar.

Kel ey, do‘stim, chekma qayg‘u-g‘amni sen,
Oqtirmagil ko‘zlaringdan namni sen,
Bu dunyoda g‘animat bil damni sen,
Qayg‘u cheksa, yigit kishi chol bo‘lar.

Maxtumquli, nasihatlar tuzarsan,
Xaloyiqning yurak-bag‘rin ezarsan,
Lekin o‘zing to‘g‘ri yo‘ldan ozarsan,
Rustam bo‘lgan, bir kun piri Zol bo‘lar.

SAHAR VAQTI G‘OFIL BO‘LMANG YoRONLAR!..

Sahar vaqti g‘ofil bo‘lmang, yoronlar
Dargohlar ochilar chog‘dir bu chog‘lar.
Rahmatga duch keldi bul vaqt eranlar,
Haq nuri sochilar chog‘dir bu chog‘lar!

Osiy bo‘lma, gunohingdan tina qol,
O‘zni tani, menligingdan ina qol,
Yaxshi vaqtdir, tavba qilib do‘na qol,
Yoziqlar kechilar chog‘dir bu chog‘lar!

Haq seni saqlasin hijron yelindan,
Adashmagil yo‘lchilarning yo‘lindan,
Muhabbat jomlari do‘stning qo‘lindan,
Hazir bo‘l, ichilar chog‘dir bu chog‘lar!

Ming yil kezsang yolg‘onchini surubon,
Tan tuproqqa do‘nar bir kun chiribon,
Yo‘qlik maydonida majlis qurubon,
Menlikdan kechilar chog‘dir bu chog‘lar!

Maxtumquli, ketding dunyo ko‘yina,
Johillikdan ko‘ngil qo‘yding o‘yina,
Endi oyoq bosding o‘ttiz uyina,
Ko‘z yoshi sochilar chog‘dir bu chog‘lar.

ShOH NAQShBANDIY

Bir kecha yotardim, Shohi Naqshband.
Karami jo‘sh aylab, bir non ketirdi.
O‘ngi qo‘lida boda – gulgun sharobi,
Chap qo‘lida toza biryon ketirdi.

Uyg‘ondim uyqudan, qoldim tushimdan,
Hayron qoldim devonaning ishindan,
Bodasin no‘sh aylab, ketdim hushimdan,
G‘amdiydadan ashki giryon ketirdi.

Jon xurujga keldi qaynab jo‘shmoqdan,
Yuragim mavj urdi to‘lib-toshmoqdan,
Bir ishorat bo‘ldi unga tushmoqdan,
Fahm etmadim, jonga armon ketirdi.

Anglamadim, ishqqa bo‘ldim xaridor,
Bilmadim, istadim dilbardan diydor,
Ishq dardiga tushdim, qoldim giriftor,
Kim ham bu dard uchun darmon ketirdi?

Maxtumquli, turdim tavof etmoqqa,
Til farmon bermadi javob etmoqqa,
Ishq ahlining holin xarob etmoqqa,
Aqlim olib, mastu hayron ketirdi…

NUQSONA KELGAY

Musulmonlar yovlashsa bir-biriga,
Davlat qaytib, dinlar nuqsona kelgay.
Zulm aylab, bir-birin olsa asirga,
Falak bu ishlardan pushmona kelgay.

Bir-birini chopmoq emas erlikdan,
Bu ish shaytondandir, balki ko‘rlikdan,
Manmanlik ayirgay elni birlikdan,
Davlat ketib, navbat dushmona kelgay.

Yaxshilik kamayib, iymon qisilsa,
Yomonlar quturib, yo‘llar kesilsa,
Shariat bo‘shashib, nomus ezilsa,
Zamonaning izni shaytona kelgay.

Tingla, maskan tutgan kishi cho‘llarda,
Sadaqa kamaysa ulug‘ ellarda,
Xalq ustiga qahat tushib, yillarda,
Xastalik ko‘payib, qast jona kelgay.

Musulmonsan, xabardor bo‘l zuloldan,
Haromdan qoch mudom, izla haloldan,
O‘lchovdan ursalar, yurtning vaboldan
Barakati ko‘chib, osmona kelgay.

So‘zimni olgaylar bilganlar qalqa,
Murodim – nasihat aylamoq xalqqa,
Qozisi gap uqmas, begi past o‘lka
Yomg‘ir yog‘may, yeri qizmona kelgay.

Sharrga shuhrat bermoq – shaytonning kori,
Qahrin yutmoq erur Rahmonning kori,
Ko‘paysa har elning boshliq-sarkori,
Nizomi buzilib, vayrona kelgay.

Parvardigor O‘zi – faqirga panoh!
Ul kimdir, bo‘lmagay tilida sano?!
Qaysi yurtda agar ko‘paysa zino,
Erlari qimirlab, larzona kelgay.

Maxtumquli, tursam so‘zim sochmoqqa,
Anglamaslar shaylanadi qochmoqqa,
Qaysi xalq ko‘niksa sharob ichmoqqa,
Yurtda o‘lat tarqab, vayrona kelgay!..

KO‘ZDAN YoSh KELSA

Dunyoda necha ish bordir – yomondir,
Biri shuldir – nohaq qahri jo‘sh kelsa.
Oshiqqa har kuni oxirzamondir,
Yordan yiroq tushib, aro tosh kelsa.

Do‘stingni ushlama, nafdan qolmasin,
Dushmaning saqlama, siring bilmasin,
Ochda – olging, bekka berging bo‘lmasin,
Ish mushkuldir, anglamasga duch kelsa.

Zamin seni hali zamon yutarmi,
Oqil bunda bunday beg‘am yotarmi,
Hech bir masxaralik bundan o‘tarmi –
Ketgan quruq ketib, kelgan bo‘sh kelsa.

O‘n qat uying bo‘lsa temir qal’adan,
Ajal topar, amr bo‘lsa Ollohdan,
Haqiqat, er yuz qaytarmas balodan,
Haq rizosi bilan boshga tosh kelsa.

Oshiqman deb lof urarlar yolg‘ondan,
Bilganini aytar, so‘rsang bilgandan,
El ko‘zicha yuz yil toat qilgandan
Yaxshidir, bir sahar ko‘zdan yosh kelsa.

Boylar bog‘lab saxovatning yo‘lini,
Ko‘paytirar do‘zax moyi-xilini
Ko‘ring, bu zamonning so‘fi, pirini,
Tinmay olaverar, tekin osh kelsa.

Maxtumquli, so‘yla, aqling yetguncha,
Oxirating qozon, bekor yotguncha,
Do‘zaxdadir, to dunyodan o‘tguncha,
Yaxshi erga yomon xotin duch kelsa.

QIZIL TILING SO‘ZLAR EKAN, O‘LDIM DE!..

Dunyo ko‘rmay, tutqun qolsang bir burchda,
Bodipoydek yer yuziga yeldim, de!
Chin-Mochinda, Rumda, Hindda, Habashda
Turli-tuman hunarlarni bildim, de!

Och ham bo‘lsang, borma elga tilakka,
De: “Ko‘shkdaman, boshim yetar falakka!”,
Cho‘lda qolsang, hech topmayin ko‘lanka,
Eram bog‘i ichra soya topdim de!

Osh ko‘rganda, o‘zing otma turlanib,
Och bo‘lsang ham, viqor saqla, sirlanib,
Zar to‘kibon, chin qullardek orlanib,
Yosh o‘lsang ham, Nuh yoshiga keldim de!

Muhtojliging Haqdan o‘zga bilmasa,
O‘shal ro‘zg‘or basdir, ochdan o‘lmasa,
Hindi kabi usti boshing bo‘lmasa,
Podishohlik libosini oldim de!

Suvga, yelga hukmi o‘tgan Sulaymon,
Boq, ulardan ne nom qoldi, ne nishon,
Tashna qolib, joying bo‘lsa cho‘liston,
Daryo ichra men Iskandar bo‘ldim, de!

Yo‘ldosh bo‘lsang til tushunmas mo‘r bilan,
Joy topolmay, birga yotsang mor bilan,
O‘ttiz qavat to‘shak, yuz ming er bilan –
Qorun xazinasin qo‘lga oldim, de!

Maxtumquli, cheksang jafo-jabr, bil,
Ollohga xush kelar, shukru sabr qil,
Qilcha jonga qizil tanni qabr bil –
Qizil tiling so‘zlar ekan, o‘ldim de!

KETIB BORADIR

Dunyoga e’timod etmang, yoronlar,
Kimga kelib, kimdan ketib boradir.
Misoli Iskandar, shohlik surganlar
Bir-bir navbatinda o‘tib boradir.

Birovni boy qilar, birovni gadoy,
Ne qilsa, erki bor, ul qodir Xudoy,
Birovning murodin berib, hoynahoy,
Birov g‘am sharbatin yutib boradir.

Birovga beribdir qayg‘u-g‘am, mehnat,
Umrida bir soat ko‘rmadi rohat,
Birovga etibdir nomardni ulfat,
Uning umri “Oh!” deb o‘tib boradir.

Birovning boshida ko‘pdir tumoni,
Qayg‘u-alam bilan chiqadir joni,
Bir yaxshiga duch etibdir yomonni,
Noiloj dunyodan o‘tib boradir.

Kimlardir yig‘laydi, maqsadin topmay,
Nechalar oh urar, og‘zini yopmay,
Bir olg‘ir bayroqni oladir, chopmay,
Bir bedov kezolmay qaytib boradir.

Dunyo uchun chekma qayg‘u, andisha,
Sabr et balosiga, rozi kelmisha,
Yig‘labon, g‘am bilan tolma hamisha,
Ajal qo‘li yoqang tutib boradir.

Maxtumquli aytar: barcha nasihat –
Ollohga qul bo‘ling, Rasulga – ummat,
Bilsangiz, dunyoning barchasi hasrat,
Hasrat bilan bir-bir ketib boradir.

Turkmanchadan Mirzo Kenjabek tarjimalari

OShIQ BO‘LMIShAM…

Ey, yoronlar, bir yuzi gul oya oshiq bo‘lmisham,
Barchalar maqsudi gul-ra’noya oshiq bo‘lmisham,
Bulbulam bog‘ ichra, bir g‘avg‘oya oshiq bo‘lmisham,
O‘zi g‘oyib, zulflari yaldoya oshiq bo‘lmisham,
Manzilim bog‘ ichradir, sahroya oshiq bo‘lmisham.

Chun falak soldi bizi ul kun fani tuprog‘ina,
Tushdi sayrim doimo Makka, Madina tog‘ina,
Bulbul bo‘ldim, sayradim, kirdim Eramnin bog‘ina,
Poyiband bo‘ldim u kun g‘am elining tuzog‘ina,
Yuz balo, mehnatli bir savdoya oshiq bo‘lmisham.

Jismim ichra yor g‘amidur, manzilim sahroda, hey,
Chekkanim g‘am-g‘ussadur, man do‘nmisham Farhoda, hey,
Soldi ishqing, dilbaro, jonu jigarim o‘ta, hey,
Vodarig‘o, kechti umrim, zoya berdim boda, hey,
Ohi ko‘p, afg‘oni ko‘p bir kuya oshiq bo‘lmisham.

Bilmadim, ne bahri yerdir, ne muazzam tog‘idir,
Oldi ko‘nglim, ketdi aqlim, tan mudom nechog‘idir,
Nisbat etib bo‘lmas uni, qumri, bulbul, zog‘idir,
Elg‘araz har zulfina – etmish ming er tuzog‘idir,
Qaddi-qomati baland zeboya oshiq bo‘lmisham.

Do‘st, havoyi vaslini men muncha chandon istaram,
Domi-zulfi qaddina o‘zimni zindon istaram,
Dema: g‘amdan bir zamon ko‘nglimni xandon istaram,
Bir g‘arib oshiq manam, yor, sani sandan istaram,
Kecha-kunduzi, biling, huv-hoya oshiq bo‘lmisham.

Istamas yorim mani, ul yora zorim yo‘q manim,
Qolmisham hayron bo‘lib, g‘ayrat-madorim yo‘q manim,
Oldi jonim iasq o‘ti, ixtiyorim yo‘q manim,
Kelsa – aqlim tark etar, ketsa – qarorim yo‘q manim,
Kiprigi – o‘q, qoshlari – ol oya oshiq bbo‘lmisham.

Aytadir Maxtumquli, man unda kona o‘g‘radim,
Sayl etib bordim, falakda lomakona o‘g‘radim,
Chun meni rasvo qilibdur, ishqi kona o‘g‘radim,
Etmish ikki shahr ila ming bir do‘kona o‘g‘radim,
Shuncha sargardon bo‘lib, man zoya oshiq bo‘lmisham.

Turkmanchadan o‘zbekchaga Xurshid Davron tabdil qilgan