Mahmud G‘oyibiy – XVIII asrda yashab ijod etgan turkman mumtoz adabiyoti vakili. U 1734 yilda Juzjon (Janubiy Turkmaniston)da tug‘ilgan bo‘lib, Kopettog‘ etagidagi Etrak va Gurgonda yashagan. Ijodi turkiy tasavvuf adabiyoti bilan uyg‘un. Uning she’riyatida Nasimiy, Bahovuddin Naqshband, Xo‘ja Hofiz, Alisher Navoiy, Fuzuliy, ayniqsa, Maxtumquli ta’siri sezilib turadi.
Mahmud G‘oyibiydan katta adabiy meros qolgan. Besh yuzdan ziyod g‘azal “O‘ttiz ikki urug‘”va “Nasihatnoma” dostonlari, ko‘plab murabba’, muxammas, musaddas, mustazod jamlangan katta devoni bizgacha yetib kelgan. Mashhur bastakor va sozandalar – Komiljon Otaniyozov va Bobomurod Hamdamov shoir g‘azallariga musiqa bastalab kuylaganlar.
G‘AZALLAR
* * *
Ishq vodiysi aro yuz ming agar emgak manga,
Kelsa jahd aylab, musallamdir ani chekmak manga.
Har biri mujgonidan ko‘nglim uyi ravshan bo‘lur,
Gar kelib otsa magar siynam uza novak manga.
Bo‘yla kim ekmish jafo tuxmin mening jonimg‘a yor,
Kim bo‘lar tuxmu muhabbatdin vafo ekmak manga.
Bandi-bandim tiyg‘i hijron ayladi ming gaz, vale,
Vohki imkon bo‘lmas emdi bir dame chiqmak manga.
Bo‘lmisham uryon aning devona bir obdali men,
Voh, ne hojat emdi deyman sarupo-ko‘ylak manga.
Vaslidin mahrum, hijronida kezmakdin tirik,
Yaxshidirkim tiyg‘i qatlidin shahid bo‘lmak manga.
Yor ko‘yida qora motamda qolmishmen asir,
Men netay, o‘lmish harom, voh, o‘ynamoq-kulmak manga.
G‘oyibiy, har necha men ul yorga jon qilsam fido,
Ul azobu shiddatin aylar dag‘i ko‘prak manga.
* * *
Topmadi hech kim jahon mulkida davrondin vafo,
Chunki davron bevafodir, ne ta’ma ondin vafo.
Umr ila jondin vafo sen istama ko‘rsam debon,
Kim topibdir dunyoda bu umr ila jondin vafo.
Ko‘rmadim olamda olam ahlidin hargiz vafo,
Buncha kim nolon turar men zoru hayrondin vafo.
Bir ochilg‘on gulni so‘lmay turganin ko‘rdingmi hech?
Olam ahli ko‘rmadi kim ko‘rganin andin vafo!
Kecha-kunduz mehnatu dard hamda afg‘onlar chekib,
Chorasiz bulbul netib istar gulistondin vafo?!
Qay kishi ko‘nglin berib, kimdin vafo topmish, darig‘,
Ko‘rmamish men dil berib, ko‘ngil olonlardin vafo.
Husni sultoning vafosiz bo‘lsa, G‘oyib, tong emas,
Topdi eldan kim vafo, topg‘ayki sultondin vafo.
* * *
Dema bulbul deb ani, gulzorda oshiq jonidir,
Oni afg‘on aylagan, dildor g‘amin hijronidir.
Gulni ko‘r, oning fig‘onidin yuragi yorilib,
G‘unchalar ochilmog‘i oshiq yuragin qonidir.
Bul tikanmas oning shohasida maskan aylagan,
Kim suyaklarga qadalgan yor o‘qi-paykonidir.
Tilka-tilka barglar har yon osilmish shox uza,
Hajr tiyg‘idin tilingan oshiq jismi-jonidir.
Sovurib bodi hazon gulni ne yanglig‘ titratar,
Beshmi-o‘n kun har kishi bu dunyoning mehmonidir.
Bu fano mulkida, odam, husninga gerdayma ko‘p,
Kim etar mag‘rurlik, bu dunyoyi oxir foniydir.
G‘oyibiy, berma ko‘ngil bu dunyoyi foniyg‘a kim,
Kimsa gar berdi ko‘ngil dunyoga, bil shaytonidir.
* * *
Do‘stlar, ishqi haqiqatning xayoli o‘zgadir,
Kim chekar bo‘lsa, oning dardi – maqomi o‘zgadir.
Har kishiga yetsa gar bu ishq xayolidin asar,
Olami ma’nisida sirri-savoli o‘zgadir.
Qilmasin bulbulga nisbat xonishin zog‘u zag‘on,
Oshiq ahlining hamisha qilu qoli o‘zgadir.
Gulga monand lola ham kiymish ol rang ko‘ylagin,
Bog‘ aro ammo qizil gul husn-jamoli o‘zgadir.
Ey oftob, sen yagona kamoli husn bobida,
Lek go‘zallar shohining husni kamoli o‘zgadir.
Iskandar qilmishdi orzu chashmai hayvon uchun,
Hojati oshiqlarning obi ziloli o‘zgadir.
Ishq ahlining, G‘oyibiy, zuhd ahli bilmas rasmini,
Ishq darsin anglaganlarning xayoli o‘zgadir.
MUXAMMAS
Hublar ichra, ey ochilgan lolai gulzor, kel,
Kim qilarmen bulbuli bechora yanglig‘ zor, kel.
Kelmisham Muso kibi mushtoq bo‘lib diydor, kel,
G‘am bilan bo‘ldim yo‘lingda ojizu afgor, kel.
Shod etib qutqar meni g‘amdan, ayo, g‘amxor, kel.
Jilva aylab, noz ila, ey, yor, sayron aylading,
Bir ko‘rinding-u, yana so‘ng yangi farmon aylading.
Kim meni Majnun qilib, sahroda uryon aylading,
Chashma yanglig‘ ko‘zlarim har lahza giryon aylading,
Ko‘p meni yig‘latma, ey, Tangring uchun, dildor, kel.
Dilrabo, oshiq yo‘lingda beqaror o‘lmish axir,
Ixtiyorin ishq olib, beixtiyor o‘lmish axir.
Yona-yona o‘tiga ishq, xokisor o‘lmish axir,
Ko‘rmaga zebo jamoling intizor o‘lmish axir,
To subh kelguncha bo‘lmish ko‘zlarim xummor, kel.
Haq taolo ustixonlardin seni moh aylamish,
Husn bobida seni olamda bir shoh aylamish,
Kimki oshiq bo‘ldi, husningni ko‘rib oh aylamish.
Dardi ishqing rangi ro‘yimni mening kah aylamish,
Dardima aylab iloj, ey lablari gul-bol, kel.
G‘oyibiy, ey dilrabo, bir notavoningdir sening,
Kim sevar jondin seni, ul mehriboningdir sening.
Chun azaldan oshiq o‘lgan bir gadoyingdir sening,
Tingla, bu so‘zlarnikim, sharhi bayoningdir sening,
Endi sen etma gumon oshiqlig‘imga, yor, kel.
Turkman tilidan Qurbon Muhammadrizo tarjimasi