Karim Qurbonnafasov (1929-1988)

Karim Qurbonnafasov (Kerim Gurbannepesow) – Turkmaniston xalq yozuvchisi, Mahtumquli nomidagi Davlat va yoshlar mukofoti sohibi. Turkmanistonning Ko‘ktepa tumanidagi Yulg‘un qishlog‘ida tug‘ilgan. Yosh Kerim she’riyatga erta qiziqadi. Uning dastlabki mashqlari “Mudom tayyor” gazetasida, “To‘qmoq” satirik jurnalida bosiladi.
1951 yilda shoirning ilk jiddiy asari – “Kuchimning manbai” chop etildi. “She’r va poemalar” (1958) kitobi, “Toymas bobo” (1960) poemasi ijodkorga katta shuhrat olib keldi.
Shoirning she’rlari mazmundorligi, tilining nihoyatda boy, sodda va shiraliligi bilan ajralib turadi.

TO‘RT XIL ODAT

Kekkayishni xunuk odat deydilar,
Battarroq desang ham bo‘lmagay yolg‘on.
Ammo bu odatni tark etmoq uchun
Bukilib yurish ham yaxshimas, yoron.

Vaysaqilik xunuk odat deydilar,
Battarroq desang ham bo‘lmagay yolg‘on.
Ammo bu odatdan soqit bo‘lay deb,
Xo‘mrayib yurmoq ham yaxshimas, yoron.

Laganbardorlik bad odat deydilar,
Battarroq desang ham bo‘lmagay yolg‘on.
Ammo bu odatdan voz kechmoq bo‘lib,
Gerdayib yurish ham yaxshimas, yoron.

Yalqovlikni xunuk odat deydilar,
Battarroq desang ham bo‘lmagay yolg‘on.
Va lekin yalqovlik qilmaslik uchun
Jonbozlikka ruju yaxshimas, yoron.

Boshqa xunuk odatlar ham bor derlar,
To‘g‘risi, bular ham emasdir yolg‘on.
Biroq har bandimda bir so‘z almashlab,
Vaysab turmoqlik ham yaxshimas, yoron.

KENGLIK

Men dengizni suydim, dengiz ham meni…
Bag‘rida olisga olib ketadi.
Biroq suzib borib, sal xato qilsam,
Bilaman, u meni aniq yutadi.

Men u qizni suydim, u qiz ham meni…
Unga so‘z saralab, gaplar bichaman.
Ammo to‘rt-besh karra so‘zda adashsam,
U meni kechirar, qasam ichaman.

Qirg‘oqlari olis, hatto ko‘z yetmas,
Ey, sen – Qora dengiz, dunyoday kengsan.
Biroq yana-yana kengroq bo‘lishni
O‘sha nozik nihol qizdan o‘rgansang…

ShOIR BO‘LAMAN DESANG…

Ko‘chamizdan o‘tib borar odamlar,
Birlari xushnuddir, birlari g‘amgin.
Nima uchun mamnun, ne uchun g‘amgin?
Bilgingiz kelar-u, so‘ramoq qiyin.

Asli qiziqmoqlik kerakmikan-a?
Birovning sirini bilmoq ne darkor?
Tug‘ilish, o‘lim bor foniyda, ammo
Yana boshqa ming bir sabablar bisyor.

Ko‘chamizdan o‘tib borar odamlar,
Birlari shodondir, birlari g‘amgin.
Bugun ma’yuslar – shod, xushvaqtlar – g‘amgin.
Teskari, shunday ham bo‘lmog‘i mumkin.

Mayli, negaligin so‘ragan esang,
Aytaylik, sababin bilding ham deylik.
Ayt-chi, endi shoir bo‘laman desang,
Keyin nimalarni qalbingga tugding?

Mayli, sabablarin so‘ragan bo‘lding,
Aytaylik, barini bilgan ham bo‘lding.
Ayt-chi, endi shoir bo‘laman desang,
Keyin nimalarni qalbingga tugding?

ChINOR

Turibsan-a, savlatingga gerdayib,
Mayli maqtan, gerday qancha istasang.
Ammo buncha gerdayishdan, koshkiydi,
Ma’ni yo‘qligini bir oz anglasang.

To‘g‘ridir, buguncha zo‘r savlating bor,
Vaqt yetib, umringga yasalsa yakun,
Bugungi qomating, “ulug‘vorliging”,
Bor shuhrating bilan tugar bus-butun.

Hatto yonboshingdan o‘tgan har bir kas,
Abadiy yashashga da’vo qilolmas.
Ular ham olamni tark etgach, keyin
Vaqt sinovidan balki o‘tolmas.

Lekin sen buguncha bo‘lsang-da ko‘rkam,
So‘ng o‘tgach kun-oylar, o‘tgach asrlar,
O‘sib-ulg‘ayganing sening shu joyda,
O‘ylayman, eslamas kelgan nasllar.

Turibsan-a, savlatingga gerdayib,
Mayli maqtan, gerday, necha istasang.
Ammo buncha gerdayishdan, koshkiydi,
Ma’ni yo‘qligini bir oz anglasang.

Turkman tilidan Qurbon Muhammadrizo tarjimasi

SABOQ

Turmushning ajoyib saboqlari bor,
Ulardan ko‘plari biz uchun ayon.
O‘z aziz onangga vafo qilmasang,
Vatanga ham vafo qilmassan, inon.

Turmushning ajoyib saboqlari bor,
Yanada bittasi biz uchun ayon.
O‘z aziz do‘stingga vafo qilmasang,
Dushmanga ham zarra bermassan ziyon.

Turmushning ajoyib saboqlari bor,
Ayondir biz uchun, yanada ayon.
Hayotda kimgadir foyda bermasang,
Ketsang ham hech kimsa topmaydi ziyon.

QADR BELGISI

Yaxshi insonlarning qimmat-qadrini,
Yomonga uchramay bilmas emishsan.
Yildirimday bedovlarning qadrini,
Chaman*ga uchramay bilmas emishsan.

Yomon kitob, oz emasding avvalam,
Oz emassan, uchrayursan har qadam.
Yaxshi qadrin bilmoqlik uchun,
Xudo bilsin, kerakdirsan bugun ham.
____________
* Chaman – sekin yuruvchi ot.

Turkman tilidan Muzaffar Ahmad tabdili