ULUG‘LIK
Ona tuproq ulug‘ ne’mat chashmasi,
Shakli quyosh – dasturxonda nonimiz.
Hayotning boshidir bu tuproq, bu yer,
To‘ydirar, kiydirar, saqlar jonimiz.
Suvlarning qudrati buyukdir juda,
Suvdir tabiatga jon baxsh aylagan.
Ma’ni bormi suv bo‘lmagan tuproqda,
Suv hayotdir borliqni naqsh aylagan.
Ona-Vatan buyuk, unda jam mudom,
Asrlarga tengdosh umr ma’nisi.
Er yuzida eng suyukli narsaning
Vatanga teng bo‘lmas bari-barisi.
Inson martabasi ulug‘dir bizda,
Ham ulug‘dir Qoraqumning havosi.
Turkmanning ko‘ksini ko‘kka ko‘targan
Ulug‘ qavmimizning tilak-duosi.
DAVRONA TUShDI
Zamonlar aylandi baxtli turkmanning,
Nurli qorachig‘i ummona tushdi.
Dalalari bo‘ston, cho‘li gulzorlik,
Yo‘llari ezgulik farmona tushdi.
Endi o‘z turmushin qo‘shiq, soz etar,
Osuda kunlarin qo‘ynin yoz etar.
G‘ayrati, shiddati bir ovoz etar,
Nurlari hattoki osmona tushdi.
Hech kim unga tengmas soxtu sumbatda,
Bizda odam martabasi qimmatda.
Aslo tolmasin, ezguligu hurmatda,
Bugun shon-shuhrati har yona tushdi.
Turkman olqish aytar Orqatog‘ina,
Yurakdan quvongan shamchirog‘ina,
O‘lkamiz o‘xshaydi Eram bog‘ina,
Elim shunday ajib davrona tushdi.
Turkman tilidan Abduvohid Saidmatov tarjimasi