Annatuvoq Qaqayeva 1961 yilda Dosho‘g‘iz viloyati Ko‘hna Urganch shahrida tug‘ilgan. “O‘zga baxt istamam” (1992), “Odobnoma” (1994), “Ruhiravon” (2004) kabi she’riy to‘plamlari nashr qilingan.
Annatuvoq Qaqayeva badiiy ijod sohasidagi yutuqlari uchun 1996 yili Turkmanistonning Maxtumquli nomidagi Yoshlar mukofoti sohibasi bo‘ldi. U 2001 yildan buyon ijtimoiy hayotda ham faol ishtirok etib, Turkmaniston Xalq Maslahati yig‘inlarida qatnashib kelmoqda.
O‘ZGA BAXT ISTAMAM …
Elim dardi yuragimda cho‘g‘lansa,
O‘z dardim tortishga vaqt istamasman.
Sahroyi tuyg‘ular larzona kelsa,
Shohlik,
xonlik,
beklik,
taxt istamasman!
Keltirmasam yurt boshiga malomat,
Bir yig‘lab turganni qilsam himoyat,
Mayli, qo‘psin boshim uzra qiyomat –
El baxtidan o‘zga baxt istamasman!.
NASIHAT
Chin yo‘lga tushdingmi – qaytma izingga,
Orzu shamchirog‘i so‘nib qolmasin.
Tog‘u-daradan o‘t qarab ko‘zingga,
Qismat boshginangga o‘yin solmasin.
Xaq ishlardan ilhomlansin elu yurt,
Bor boylikka qanoat qil, to‘ygin sen.
El sirini fosh aylama, pinhon tut,
Sirin bermas mahak toshi bo‘lgin sen.
Bilgin, bu dunyoga kelmading sayla,
Ochni to‘q qil,
Dardli dardin daf ayla.
Yomondan qoch,
Savob ishni ko‘p ayla,
Qo‘y, dunyomiz badfe’llardin to‘lmasin!
O‘ZINGDAN BOShLA
Ich-ichingdan pishib uzun kechalar,
Ayta olmayotgan so‘zingdan boshla,
Faqat pokdomon dil quvnar shunchalar,
Haqu nohaq yegan tuzingdan boshla,
Bir-birovga yuklab nohaq gunoni,
G‘amga mahkum etmay ota – onani,
Qo‘shiqqa chulg‘amoq bo‘lsang dunyoni,
Esdan chiqayozgan sozingdan boshla!
Hayot qizil gulday gullasin desang,
Sen ham o‘z hissangni qo‘shishga kelsang,
O‘g‘lingni qalinsiz uylamoq bo‘lsang,
Xolajon, avval o‘z qizingdan boshla.
Bilgil, har narsada bordir bir hisob,
Endi sen qayoqqa ketyapsan shitob?
Seni quvib yetar adolat, insof,
Ta’lim sabog‘in ham o‘zingdan boshla!
ISKANDARNING VASIYaTI
(rivoyat)
Ko‘p kishvarni zabun qilgan Iskandar,
Ajal tepasida solganda soya,
Dedi, qavmin yig‘ib, to‘xtatib janglar:
“Mening ham umrimga yetdi nihoya.
Endi bir vasiyat qilayin menam,
Odam qutulmagay qismatdan-o‘tdan.
Bexos to‘lgan kuni mening paymonam,
Ikki qo‘lim chiqib tursin tobutdan!
Beayov qon kechib, zulm aylab elga,
To‘plagan bo‘lsam-da behad ganj-boylik,
Qo‘llarimga qarab, so‘nggi manzilga
Bo‘sh ketib borishim ko‘rsin xaloyiq !..”
Turkman tilidan Yusuf Nasim tabdili