Yahyo Kamol (Yahya Kemal Beyatlı) 1884 yili Makedoniyaning Skope shahrida tug‘ilgan. Turk shoiri, yozuvchi, siyosatchi, diplomat. Abdulhamid II ga qarshi harakatlarda ishtirok etgan. 1903 yili Parijga qochgan. Sorbonna universitetida o‘qigan. 1912 yili Istanbulga qaytgan.
She’riyatda asosan g‘azal janrida ijod qilgan.
YO‘QOLGAN ShAHAR
Uskup-shonli Yildirim Boyazidxon diyori,
Avlodi fotihonga uning aziz yodgori.
Feruza gumbazlar-la bizning shahrimizdir u,
Bizniki u, chehrasi, ruhi ila bizdir u.
Uskupki, Shar tog‘inda Bursaning davomidir,
Toza qonlar to‘kilgan bir lolazor jomidir.
Ko‘klarga osilmish, boq, uch urush silohlari,
Ko‘zlardan tomgan yoshdir har bayram sabohlari.
Kirmagandim umrimning hali o‘smir chog‘iga,
Onamni ko‘mib qaytdik sovuq kuz tuprog‘iga.
Isobekning so‘g‘ishda ochilgan mozorligi
Ruhimga to oxirat naqsh ayladi borlig‘in…
Bir vaqtlar biznikiydi vatanda, bugun nechun
Bizniki emas Uskup, qon yutarmen bu uchun.
Qalbimda bir xayoli qolib, g‘oyib bo‘lgan u,
Ayriliqdan ezilgan qalblarda qolgan qayg‘u.
Ayriliq bitmasa-da, o‘tsa-da qancha sana,
Biz senda bo‘lmasak-da, bizlardasan sen yana.
Turkchadan Tohir Qahhor tarjimasi