Rajab Hifziy (1893-1918)

Rajab Hifziy (Recep Hıfzı) Usmonli saltanatining Qars viloyatidagi Qag‘izman tumanida yashab o‘tgan xalq shoiridir.
Rajab Tuproqqal’a mahallasidagi madrasada ta’lim oladi, Qur’onxon hofiz bo‘lib yetishadi. O‘zi ham maktab ochib, bolalarni o‘qitadi, imom bo‘lib xizmat qiladi. Ayni paytda oshiqlar, ya’ni baxshilar yo‘lida she’rlar bitadi. Uylanadi, uch farzand ko‘radi. Afsuski, 1918 yil martida xotini So‘na vafot etadi. Bir oy o‘tgach, Sariqamish va Arzirumdagi urushda turk qo‘shinlaridan qochgan armani to‘dalari yo‘l-yo‘lakay qurolsiz musulmonlarni o‘ldiradi. Ular orasida Hifziy ham bo‘lgan.
Bu yil shoir o‘limiga yuz yil to‘lmoqda. Atigi yigirma besh yil yashagan shahid shoirning qo‘lyozmalari to‘planib, turli yillarda nashr qilingan. Quyida shoirning ilk bor o‘zbekchaga o‘girilgan she’rlari bilan tanishasiz. “Bechora boyqush” marsiyasini shoir o‘n besh yoshida o‘lgan amakisining qizi Ziyoda (ayrim tadqiqotchilarning aytishicha, xotini So‘naning vafoti)ga bag‘ishlagan.

BEChORA BOYQUSh

Nechun, nochor boyqush, kezarsan bunda,
Yo‘qmidir vataning, ellaring qani?
Xafasan, salomga alik olmassan,
Shaydo bulbul, shirin tillaring qani?

Ajal tuzog‘ini ocholmasmisan?
Ochib-da ichindan qocholmasmisan?
Ozod aylasalar, ucholmasmisan?
Siniqmi qanoting, qo‘llaring qani?

To‘pidan ayrilsa qo‘zi – falokat,
Tog‘larning qush-qurti uni yer albat,
Qatordan ayrilding, bosdimi kalxat,
Turnam, qocharga o‘ng-so‘llaring qani?

Ochmisan, hech yo‘qmi ovqating, oshing,
Uying qop-qorong‘i, yo‘qmi otashing,
Hamxonang ham yo‘qmi, qani yo‘ldoshing,
Eshigingga tutash yo‘llaring qani?

Qora yerda ko‘k binafsha bitarmi?
Bahor, yozda boyqush sayrab o‘tarmi?
Bog‘-roqqa o‘rgangan cho‘lda yotarmi,
Uyg‘on, g‘arib bulbul, gullaring qani?

Bunda ko‘rpa, to‘shak, yostiq bormidir?
Shunday keng dunyoda joying tormidir?
Ortda tosh devoru oldda yormidir?
Yashil boshli so‘nam, ko‘llaring qani?

Yurganding-ku so‘lu sog‘larimizda,
Yosh bir kiyik eding tog‘larimizda,
Yangi nihol eding bog‘larimizda,
Falak butadimi, tollaring qani?

To‘yingda ko‘p achchiq sharbat ichildi,
Kelinlik libosing tormi – bichildi?
Qadab qo‘y tugmangni, ko‘ksing ochildi,
Ne bo‘ldi, kamarli bellaring qani?

Bormidir u qo‘llaringning xinosi?
Qoramidir ko‘zlaringning binosi?
Qaridingmi o‘n besh yilning so‘ngrasi?
Yo‘qmidir toqating, hollaring qani?

Ey, jigarim, och eshikni, kirayin,
Xastamisan, hol-xotiring so‘rayin,
Suvsiz qolgan bo‘lsang, bir suv berayin,
Daryolardan toshgan sellaring qani?

Yosh joningga axir ko‘zlar qiyarmi?
Ma’sum boshni tosh yostiqqa qo‘yarmi?
Bo‘y qiz oq bo‘z kiysa, shu el kuyarmi?
O‘rasang bo‘lmasmi, shollaring qani?

Har kelib-ketganda salom berayin,
Nishongoh u toshga yuzim surayin,
Ko‘tar niqobingni, yuzing ko‘rayin.
Muncha sarg‘aribsan, ollaring qani?

Yotarsan uzlatda g‘amsiz, qayg‘usiz,
Alla, bolam, alla, qolma uyqusiz;
G‘arib ham yalang‘och, ham och, ham suvsiz,
Ey, falak faqiri, mollaring qani?

Tag‘in sayrongohga chiqolmasmisan?
Chiqib shu bog‘larga boqolmasmisan?
Turg‘izsam, oyoqqa qalqolmasmisan?
Tutay, menga uzat, qo‘llaring qani?

Sen ham Hifziy kabi kechroq uyg‘onding,
Uyg‘onding-da, tosh yostiqqa tayanding,
Asli xonim misol qovrulding, yonding,
Ellar sovurdimi, kullaring qani?

MARHUMANING JAVOBI

Sendan xafamasman, amakim o‘g‘li,
O‘lim lol ayladi, tillarim yo‘qdir;
Egdi qomatimni, bukdi belimni,
O‘rnimdan turishga hollarim yo‘qdir.

Ajal tuzog‘ini ocholmas bo‘ldim,
Ochib-da ichindan qocholmas bo‘ldim,
Ozod ayladilar, ucholmas bo‘ldim,
Qanotim siniqdir, qo‘llarim yo‘qdir.

Qo‘ziydim, ayrildim suruvlarimdan,
Tog‘lar qon yig‘ladi ohu zorimdan,
Kalxat cho‘qir shul qonagan yerimdan,
To‘kildi parlarim, jilarim yo‘qdir.

Zaharga aylandi ovqatim, oshim,
O‘chog‘im buzdilar, so‘ndi otashim,
Na bir kimsam qoldi, na-da yo‘ldoshim,
Uy, mo‘ri, eshigim, yo‘llarim yo‘qdir.

Bildiring boyqushlar bundan kechganda,
Salom ayting har turnalar uchganda,
Oq, qizil gullar ilk g‘uncha ochganda,
Menga ham yo‘llangiz, gullarim yo‘qdir.

Bag‘rim hasratidan tom yonar bo‘ldi,
Qarshim jar, qo‘nalg‘am tosh devor bo‘ldi,
Shunday keng dunyoda joyim tor bo‘ldi,
Qo‘nib ham suzolmam, ko‘llarim yo‘qdir.

Sog‘liqda kezardim so‘lu sog‘larda,
Kiyikdek sakrardim qiru tog‘larda,
Butoq yoygan nihol edim bog‘larda,
Falak ko‘p butadi, tollarim yo‘qdir.

To‘yimda ham achchiq sharbat ichildi.
Kelinlik kiyimim torroq bichildi,
Vujudimda ko‘p yaralar ochildi,
Kamar bog‘lash uchun bellarim yo‘qdir.

Qora qoshlarimning o‘smasi so‘lmish,
Qora ko‘zlarimga tuproqlar to‘lmish,
Gul rangim sarg‘arib, za’faron bo‘lmish,
So‘nmish ol yanog‘im, hollarim yo‘qdir.

Xabar aylang, qushlar tutsin azasin,
Ro‘molimga uya qursin, yayrasin;
Qo‘ymadilar to‘ldirishga ko‘zasin,
Hovuzdan ayrildim, sellarim yo‘qdir.

Men kelganda, elimizda yoz edi,
Etganimiz sho‘xlik, jilva, noz edi,
Sarpo yig‘olmadim, umrim oz edi,
Ko‘chdim – ko‘ylaklarim, shollarim yo‘qdir.

Onam meni bir qush qilib uchirdi,
Qolma, dedi, bog‘laridan ko‘chirdi,
Zolim falak charxda yanchib, o‘chirdi,
Qora kiydim, yashil, ollarim yo‘qdir.

Yoru yo‘ldosh meni tushlarda ko‘rsin,
Ko‘rganlar xotirim, holimni so‘rsin,
Yo‘ldan o‘tgan-ketgan fotiha bersin,
Falak tilanchisi, mollarim yo‘qdir.

Bir xastaman, sayrongohga chiqolmam,
Chiqib, yorning yo‘llariga boqolmam,
Suyasang ham men oyoqqa qalqolmam,
Uzatgani nozik qo‘llarim yo‘qdir.

Men ham Hifziy kabi shoshib uyg‘ondim,
Uyg‘ondim-da, tosh yostiqqa tayandim,
Misli Asli xonim qovruldim, yondim,
Cho‘l yeli sovurdi, kullarim yo‘qdir.

ChEChAKLAR

Tag‘in ol, yashilga yerlar bo‘yondi,
Naqshlandi ming alvonga chechaklar.
Ruhim irshod bo‘ldi, ko‘nglim quvondi,
Bir jon bag‘ishladi jonga chechaklar.

Yashillanar, butoqlanar, tollanar,
Yuz ming tusda tovlanaru sollanar,
Biri yashillanar, biri ollanar,
Biri botgay qizil qonga chechaklar.

Saharda yig‘ladi, rahmat tilandi,
Go‘zal ko‘zlarida yosh donalandi,
Kunga qarab-qarab, parvonalandi,
Oz qoldi ishqimdan yongay chechaklar.

Bag‘rimdagi xanjarmidir, o‘qmidir,
Mening dardim chechakday ko‘p, cho‘g‘midir;
Ey Tangrim, bularning dardi yo‘qmidir –
Nechun kular bu devona chechaklar?

Saf tortmish namozga, qiyom etadir,
El esarkan, sajdasiga ketadir,
Suvsar ekan, obirahmat yutadir,
Ko‘zin tikar ul osmonga chechaklar.

Ruhim qizil guldan isini olsa,
G‘am emas, tikani ko‘ksimni yulsa,
Qay zamon sevganim sayronga kelsa,
Salom ayting u jononga, chechaklar.

Bodi sabo sarin esar bog‘larda,
Mast bo‘lar-da, sollanar-da, yig‘lar-da…
Teran daralarda, yuksak tog‘larda
Lashkar tortmish har bir yonga chechaklar.

Sho‘x qushlar ichinda parlanar, kezar,
Xasta ko‘ngillarga darmonlar tuzar,
Har gul tomiridan oqar siymu zar,
Arzir ming javharga dona chechaklar.

Musofirman, ko‘lkangizda qolayin,
Har yaprog‘ingizga qurbon bo‘layin,
Qo‘ying, birin uzib, sotib olayin,
Ne berayin bu gulshanga, chechaklar?

Shaydo bulbul gulni doim chorlaydir,
Sayrar yonib, yuragini torlaydir,
Qarshimizda yulduz kabi porlaydir,
Aylar meni bir parvona chechaklar.

Hikmati botin-ku chechakka zohir,
Bularning sirriga emasman mohir,
Har biri qiymatlig‘ la’lu javohir,
O‘xshaydirlar dur, marjonga chechaklar.

Kibr etgan kofirning iymoni yitar,
Bu xor-zor tuproqda, ko‘r, nelar bitar,
Topar karomatni, irshodga yetar –
Ogoh esa bir lisonga chechaklar.

Irmoqlar, soylarning tiniq suvlari,
Qushlarning sehrlik u huv-huvlari,
El bilan keladir gul xushbo‘ylari,
Ul jannatdan bir nishona chechaklar.

Saharda uyg‘onib, ufqqa yuzlandi,
Go‘zallar kezindi, o‘tlar izlandi,
Havo bulutlandi, quyosh gizlandi,
Yarasharmi bu tumanga chechaklar?..

Qay biri ochilmish yo g‘uncha bo‘lmish,
Birining dardi bor, sarg‘ayib-so‘lmish,
Qay biri sargardon, yot yerda qolmish,
Aylanmishdir yoy-kamonga chechaklar.

Ba’zilar issiqdan bezib, yechinmish,
Ba’zilar soyada saqlanib, tinmish,
Ba’zilar egniga alvon kiyinmish,
Xush keldingiz bu sayronga, chechaklar.

Kel, ey Luqmon hakim, kattardi yara,
Ilmi hikmat kerak, bizlarga qara,
Chechakdan topdilar o‘limga chora,
Arzir biri ming darmonga, chechaklar.

Haroratdan qizib, sal mast bo‘libdir,
Yonog‘iga yomg‘ir tomib, kulibdir,
Yulduz ko‘kdan yerga duv to‘kilibdir,
Ziynat bermish bu jahonga chechaklar.

Bul billur piyola, qoramtirdir ul,
Qanday yarashadir savsanga sunbul,
Birisi oqargan, biri qizil gul,
O‘xshar yana ko‘k rayhonga chechaklar.

Bir to‘pi oshiqdir, bazm aylar to‘lib,
Bir to‘pi kurashar pahlavon bo‘lib,
Oqar suvni icharkanlar teng bo‘lib,
Rahmat deydir u bog‘bonga chechaklar.

Bular xo‘p ochilmish, holin so‘rayin,
Ko‘zim qiymas, so‘lmay turib terayin,
Keltirib, dastasin yorga berayin,
Bir-biridan nozikona chechaklar.

Ishqsizlar chechakka neni ham aytar,
Chechakning xushbo‘yi jononga ketar,
Kecha-kundaz tinmay yig‘lar, zikr etar,
Inonadir ul rahmonga chechaklar.

Gul bo‘g‘ilar zolimlarning dastida,
O‘lim haqdir, ajal jonlar qastida,
Do‘stlar tursin mozorimning ustida,
Topshirsinlar meni sanga, chechaklar

Biz ham sizlar kabi bir gulshan edik,
Dardi g‘am so‘ldirdi, zarnishon edik,
Zotan-ku, azaldan parishon edik,
Badtar soldi parishonga chechaklar.

Men Hifziyman, suvlar kabi oqarman,
Yuragimni ishq o‘tida yoqarman,
Endi bundan keyin tinmay yig‘larman,
Yoshim ichsin qona-qona chechaklar.

BUMIDIR

Azal sayronida, jahon bog‘ida
Boshimni baloga solgan bumidir?
Kecha-kunduz hasratida yonganim,
Aqlimni boshimdan olgan bumidir?

So‘ydi, badanimda qonni qurutdi,
Teshdi yuragimni, hijron yurutdi,
Etu yog‘ni parcha-parcha eritdi,
Aylagan jismimni talon bumidir?

Tanam titraydiru bu jonim og‘rir,
Soy oqar ko‘zimdan ko‘ksimga to‘g‘ri,
O‘zi malaksiymo, jamoli o‘g‘ri,
Ko‘z ko‘ra, ko‘nglimni yulgan bumidir?

Yorga maktub o‘qir totli tillarim,
Yozuv bilmas, qalam tutmas qo‘llarim,
Zulfin tuzog‘ida qoldi yo‘llarim,
Dardlarim tubiga tolgan bumidir?

Zavqi–huri jannat, ishqi–jahannam,
Botinimda yuz ming fikru dardu g‘am,
Zohirimda so‘z va suhbat, xayli dam,
Otashi bag‘rimga to‘lgan bumidir?

Qon bo‘lib oqdi-ku jigar porasi,
Dori qabul qilmas ishqning yarasi,
Luqmon kelsa hamki yo‘qdir chorasi,
Har dardimga darmon qilgan bumidir?

Naylayin dunyoning davlatu molin,
Etar sevgilimning husni kamoli,
Har dam nazarimda naqshi jamoli,
Xayoli ko‘nglimda qolgan bumidir?

Hijron zulmatida nuri nihonim,
Zimiston qish ichra yozu bahorim,
Yig‘lama, sabr ayla, chashmi diydorim,
Bu jonimga jonon bo‘lgan bumidir?

Subhu shom nomingni aytib, har damda
Yig‘larman, yig‘larman, ko‘zlarim namda,
Muhabbat ilmida, qafasi g‘amda,
Hifziy, seni asir qilgan bumidir?

YoR, AYLAN-AYLAN

G‘aflatda ovimni qochirdim, hayhot,
Yot ovchi emasman, yor, aylan-aylan.
Azaldan muhabbat, endi ayriliq
Ayladi jonimga kor, aylan-aylan.

Yashilbosh so‘nalar ko‘llarga tushdi,
Majnun Laylo deya cho‘llarga tushdi,
Savdoyu sirrimiz tillarga tushdi,
Yo‘qmi nomus ila or, aylan-aylan.

Qarshimda ko‘rinib, bag‘rim ezarsan,
Yuzma-yuz kelganda qochib, bezarsan,
Ne deyin? Nechun sen chetda kezarsan?
Bilolmay, bo‘ldim-ku zor, aylan-aylan.

Bu ag‘yorligingmi, yo‘qsa nozmidir?
Cho‘lda uchgan o‘rdak va yo g‘ozmidir?
Ingranar turnalar, bahor, yozmidir?
Yog‘dirding boshimga qor, aylan-aylan.

Ishqing zanjirini bo‘ynimga taqding,
Na yo‘ldosh bo‘lding, na tashlab, uloqding;
Charchagan kiyikdek ortingga boqding,
Qochma, bir so‘rog‘im bor, aylan-aylan.

Ulfatim borida shirin til edim,
Muhabbat faslida bir bulbul edim,
Azal bog‘imizda men ham gul edim,
Endi bo‘ldim tikan – xor, aylan-aylan.

Na kunduz kunduzim, na kecham kecha,
Xayoling ko‘nglimning tugunin yechar.
Hifziyning bag‘riga urding-ku xanjar,
Har daraxt boshimda dor, aylan-aylan.

Turk tilidan Tohir Qahhor tarjimasi