Ubayd Rajab (1932-2004)

1932 yilning 15 mayida Sug‘d viloyatining Panjakent nohiyasi Nignoti qishlog‘ida dunyoga kelgan. 1954 yilda Taras Shevchenko nomidagi Dushanbe shahridagi davlat Pedagogika institutini imtiyozli diplom bilan tamomlagan.  Ish faoliyatini «Tojikiston pioneri» gazetasidan boshlab, keyingi yillari «Mash’al» jurnalida, «Tojikiston komsomoli» gazetasida davom ettirgan.  1961 yildan «Sadoi Sharq» jurnalida bo‘lim mudiri, 1966 yildan muharrir vazifasida ishlagan. Tojikiston yozuvchilar Ittifoqida kotib, rais o‘rinbosari, bolalar adabiyoti bo‘yicha maslahatchi vazifalarida ishlagan.
Asosan bolalar va o‘smirlar uchun she’rlar  ijod qilgan. «Shirin orzular», «Shirinzabon suhbatdoshim», «Onaginam», «Bir dona marvarid», «Bobomning sovg‘asi» kabi she’riy to‘plamlari chop etilgan. Kattalar uchun ham «Ilhom», «Payraha» kabi aqator kitoblari chop etilgan.
She’rlari jahonning ko‘p tillariga tarjima qilingan. 1962 yildan Tojikiston yozuvchilar Ittifoqi a’zosi bo‘lgan. Tojikiston Lenin komsomoli mukofoti (1977), H.K.Anderson nomidagi mukofotlari bilan taqdirlangan. Tojikistonda xizmat ko‘rsatgan Madaniyat xodimi (1982), Tojikiston xalq shoiri (1994) edi. 2004 yilning 11 avgustida olamdan o‘tgan.

SIR EMAS

Bilaman,
Osmoni teshmoqchi bo‘lib,
Qancha bo‘y cho‘zmasin yer yuzidan tog‘,
Vaqt o‘tar,
Past bo‘lar kekkaygan boshi,
Vaqt shunday ayovsiz, zalvorli chaqmoq.

Bilaman,
Bo‘ysunmas, qaysar, sho‘x daryo
Tin bilmay oqadi ko‘p vahimador.
Bir kunmas-bir kuni tog‘dan uzoqda,
Yangi bir ummonda topadi qaror.

Bilaman,
Suv to‘la ummonda toshqin
Ustma-ust jo‘sh urar to‘fon singari.
Ammo bora-bora shashtidan qaytar,
Ummon qatra-qatra qurigan sari.

Bilaman,
Osmonning qo‘ynida yashnab,
Tonggacha ko‘zidan nur to‘kkan yulduz,
Kiprik qoqmay chiqqan oshiqqa o‘xshab,
Uchib ketar o‘qday bir kuni, afsus…

Zamin ustidayu
Osmon ostida,
Vaqt o‘tar yetaklab yillar karvonin,
Bunda har narsaning o‘z kamoli bor,
Bunda har narsaning o‘z zavoli bor.
Har bitta narsaning bor ibtidosi,
Har bitta narsaning bor intihosi,
Faqat do‘stlikkina mangu barqaror.

Har narsa eskirar,
Eskirar tayin,
Faqat do‘stlikkina bu zamin uzra,
Mustahkam bo‘lgaydir eskirgan sayin.

YoDIMDA

Unutmam ajdodlar pandu hikmatin,
Qulog‘im ostida jaranglar har vaqt.
Derdilar: mevasiz daraxt kekkayar,
Egilib turadi serhosil daraxt.

Haqiqat hech qachon topmagay zavol,
Marddar haqiqatni izlashdan tolmas.
To‘g‘rilik — men uchun vijdonim amri,
Bu yo‘ldan hech kimsa qaytara olmas.

Zaminga mustahkam qo‘yaman qadam,
Bo‘lmasin to undan qadamim judo.
Kirmam xato yo‘lga hatto tushda ham,
Bu yo‘lni hech kimga ko‘rmayman ravo.

Har joyda o‘tirsam,
Har qayda yursam,
Haddimni anglayman, bilaman juda.
Kim oshsa haddidan, toshga qoqilar,
Qadam qo‘ymagayman huda-behuda.

G‘iybat qilgan tilni uzgim keladi,
Tirnoqdan kir izlash qabih bir odat.
Luqmani kattaroq olganingda ham,
Gapni katta qilmoq, axir, ne hojat?!

Shodlikka to‘lsa gar birovning uyi,
Terimga sig‘mayman shoddigin ko‘rib.
G‘am chekkan odamning g‘amini yeyman,
G‘amga jang boshlayman bir safda turib.

Birovning poyiga sanchilsa tikan,
Igna vazifasin o‘tar mujgonim.
Nomardning bo‘g‘ziga solaman changal,
Sadqadir mard uchun tandagi jonim.

Cho‘qqiga chiqmoq gar etmasa nasib,
Azobu mashaqqat chekkandan keyin,
Bosh egib boqaman o‘shal cho‘qqiga,
Undan yuz o‘girmoq, qanchalar qiyin!

Yo‘limdan qaytmayman,
Yo‘ldan qaytmoqlik
Mardlikdan emasdir, emasdir saboq.
Oldinga yuraman,
Qisqaradi yo‘l,
Bo‘lsa ham qanchalik uzundan-uzoq.

Unutmam ajdodlar pandu hikmatin,
Xuddi bir merosday tutaman aziz…
Mendan farzandlarga qolajak meros,
Hayotda yo‘qolmas bu merosdan iz.

SIZ BILAN TIRIKMAN

Archalar — tog‘imga yam-yashil libos,
Tog‘lar —jon-tanimga madoru ixlos.

Buloqlar — musaffo dillar timsoli,
Cho‘qqilar — osmonga ustun misoli.

Sizlarga ochiqdir qalbim eshigi,
Qalbimdir siz uchun vafo beshigi.

Daryolar — muzlarning ko‘z yosh — bulog‘i,
Yo‘llar — qoyalarning oltin belbog‘i,

Sahrolar — ne’matga to‘la dasturxon,
Bog‘lar — gul qo‘llardan saxovat, ehson.

Sizlarga ochiqdir qalbim eshigi,
Qalbimdir siz uchun vafo beshigi.

Qanot qoq, qalbimday, ey, murg‘i hilol,
Hurkib uch qoyadan, o‘ynoqi marol.

Sayrang qir-adirda, xushxon kakliklar,
Qalbimning rozidan beringiz xabar.

Sizlarga ochiqdir qalbim eshigi,
Qalbimdir siz uchun vafo beshigi.

TOG‘
(Otamga bag‘ishlayman)

Zira chopon,
Ko‘m-ko‘k dastor,
Ko‘pdan xabardor.
Rangi so‘lg‘in,
Yuzi ajin,
Ajinlarin silaydi mayin.

Pishgan — oftob taftidan yonoq,
Sochi xuddi mavjdayin oppoq.
Ko‘z qisilgan,
Ma’yus va g‘amgin,
Sirdoshi — zamin.

Ajib bir holat:
Lablarida aytilmagan hikmat
Qatma-qat,
Tuproqqa boqadi o‘ychan, muloyim,
Tuproqdan nelarni izlarkan doim?

Nedir aytmoqchi u sovuq tuproqqa?
Nedir aytmoqchi u o‘tga, buloqqa?
Boshida ne o‘y bor?
O‘zicha so‘ylar,
Balki u yigitlik davrini o‘ylar?

Yo shirin xayolning varaqlaridan,
Yo yerning pokiza yonoqlaridan —
Qishloq qismatini o‘qir u shu choq?
Shamol fig‘on qilar,
Tog‘ esa xomush,
Daryo to‘fon qilar,
Tog‘ esa xomush.
Munchalar o‘xshaydi otamga bu tog‘!

Tilak Jo‘ra tarjimasi