Ra’no Muboriz (1965)

XUDO HOFIZ

Ketar bo‘ldim bundan ey jon, Xudo Hofiz, Xudo Hofiz,
Go‘zal yuzlar bo‘lsin omon, Xudo Hofiz, Xudo Hofiz.

Bu bedardlar tuzgan davron, bu mehri yo‘q g‘o‘r olomon,
Yashayversin bo‘lib sarson, Xudo Hofiz, Xudo Hofiz,

Neki xush damlarim bo‘ldi, tug‘ildi bari g‘amlardan,
Barchasiga keldi poyon, Xudo Hofiz, Xudo Hofiz.

Og‘irdir menga tark etmoq, odamlardan yiroq ketmoq,
Yolg‘izlik bu erur hijron, Xudo Hofiz, Xudo Hofiz,

Bir qushchadek qilsam parvoz, garchi dilda umidim oz,
Bag‘ring ochgil menga osmon, Xudo Hofiz, Xudo Hofiz,

Seni ko‘zim qarog‘ida va yo dilim ardog‘ida,
Asragayman  aziz inson, Xudo Hofiz, Xudo Hofiz,

Oshiqlikda umr ko‘rsam va yo darvesh bo‘lib yursam,
Meni o‘rtaydi bir armon, Xudo Hofiz, Xudo Hofiz,

Haq xohlasa kelib Navro‘z, balki yana uchrasharmiz,
Ne tong, kelsa o‘shal davron, Xudo hofiz, Xudo hofiz.

MEN KELADIRMAN

Harfni tayyor qiling, men keladirman,
Shavqni bedor qiling, men keladirman.

Xoh mast bo‘lsin, xoh past bo‘lsin mayliga befarq,
Jumlani hushyor qiling, men keladirman.

Tablak chalib jar soling jumla jahonga,
Uyingiz bozor qiling, men keladirman.

Bas yetadir, qoshu qaboq qilib yurish, bas,
Chehrani gulnor qiling, men keladirman.

Surayyodan tushib kelmoqdaman men,
Tarki ul xushtor qiling, men keladirman.

Bas, balandlik, qo‘nim topay deyman zaminda,
Erni hamvor qiling, men keladirman.

Andakkina mehr meni qondira olmas,
Mehringiz bisyor qiling, men keladirman.

Qoshingizga keldim baland tog‘lardan oshib,
Qabulni takror qiling, men keladirman!

Tojikchadan Hasanboy G‘oyib tarjimasi