Habib Yusufiy 1916 yilda Samarqandda tug‘ilgan. Ilk ta’limni uyda o‘z otasidan olgan. 1940 yilda O‘zbekiston davlat Universitetining filologiya fakultetini xatm qilgan. Bir muddat SSSR Fanlar akdemiyasining tarix, til va adabiyot Institutining ilmiy xodimi bo‘lib ishlagan.
Pushkin, Lermontov, T.Shevchenko, I.Krilov, V. Mayakovskiy, A. Odoyevskiyning she’rlarini tojik tiliga tarjima qilgan. 1939 yilda Tojikiston yozuvchilar Ittifoqiga a’zolikka qabul qilingan. 1942 yilda urushga ketgan. 1945 yilda Polshadagi janglarda halok bo‘lgan.
VATAN IShQI
Vatan ishqi dilimda jo‘shqin buloq,
Qalbim tutar Vatan so‘ziga quloq.
Vatanni kuylayman, bag‘riga diyor
Onadek oldi-yu, etdi baxtiyor.
Vatan jonim mening, jahonim mening,
Vatan bog‘im mening, bo‘stonim mening.
Davrimiz ajoyib davr erur, qutlug‘,
Tarix bunday davrni ko‘rgani ham yo‘q.
Kaykovus davrini o‘tkazgan jahon,
Bu kabi zamonni ko‘ribdi qachon?!
Bu bo‘ston qayda bor, dilbaru xurram?
Porloq quyoshidan munavvar olam.
Bu zamon bag‘ridan o‘sgan navnihol,
Vatan ardog‘ida topibmiz kamol.
Vatan uchun jonni fido etgaymiz,
Vatan ne buyursa, ado etgaymiz.
Makkor dushman bizga hamla etsa gar,
Ham g‘avg‘o ko‘tarsa o‘shal fitnagar,
Ona-Vatan uchun boshlar bo‘lsak jang,
Yov Vatan postida poymol bir chang.
QALBIM BAHORI
La’li labing xandasi oldi dilim qarorin,
Nargis ko‘zing ko‘zlabdur magar dilim shikorin.
Sendan bir dam ajralsam, xazon bu jon gulshani,
Gul-gul ochilgan yuzing guli dilim bahorin.
Yuzing shu’lasi har dam ko‘z oldimda jilvagar,
Mehring dilimda hargiz, yozgil dilim xumorin.
Ko‘zing ko‘zgusidan, nargis, bir nazar hadya ayla,
Nigohing nishtarin sanchib, olgin dilim g‘uborin.
Hasad otashi qurshab olgay raqiblarimni,
Ko‘rsa ular qalbimda mehri dilingning borin.
Yuzing gulzoriga bir tushgan edi nigohim,
Gulim, oshiqlik etdi shunday dilim shiorin.
Yuzingda qora zulfing giriftori bo‘lgan dam,
Muhabbatning yo‘liga soldi dilim guzorin.
Dedim: Ishqing otashin hamma yerda pinhon tut,
Lek hammaga bildirdi, netay, dilim sharorin?!
Tilak Jo‘ra tarjimasi