Ahliddin Hisoriy (1954)

Ahliddin Hisoriy 1954 yil 15 aprelda G‘arm tumanida tug‘ilgan. Taras Shevchenko nomidagi Dushanbe Pedagogika institutining tarix-filologiya fakultetida tahsil olgan. “Irfon” nashriyotida, Kamoliddin Behzod nomli o‘lkashunoslik muzeyida va uzoq yillardan buyon Tojikiston Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi Adabiyotni targ‘ib qilish markazi direktori vazifasida ishlab keldi.
“Shafaq”, “Tong nafasi” kabi kitoblar muallifi.

ENG GO‘ZAL SO‘Z

Sadaf tanamdan jon gavharimgacha
Fikru xayolimda yashaydi Vatan.
Dedilar, so‘ylagil: «Vatan»dan o‘zga
Tilimga kelmadi go‘zalroq suxan.

ONA QALBI

Ona qalbi bamisoli oftob erur,
Lim-lim to‘la ezgulikdan savob erur.
Dunyoda ne bordir undan ulug‘,
Har bir harfi yuzlab doston, kitob erur.

ONA TILI

Bolalik chog‘imda sho‘x edim juda
Bir so‘zni eshitgach tortdimku ziyrak.
Bir g‘arib aytardi: « Dunyoda baxt yo‘q,
O‘z ona tilingdan so‘zlashdan bo‘lak».

ILM VOJIB ERUR

Ilm vojib bo‘ldi ahli zamonga,
Yoshmu u yo qari, har bitta jonga.
Olimga shoirlik vojibmas, ammo,
Olimlik vojibdir har bir shoirga.

IZLAB O‘TDIM

Orzularga to‘la dilni nima qilay,
Mudom yarim bu ko‘ngilni nima qilay?
Tiriklikning talotumli to‘fonida
Izlab o‘tdim tanho  Gulni, nima qilay?

Tojikchadan Hasanboy G‘oyib tarjimasi