Stevan Raichkovich (1928-2007)

Stevan Raichkovich (Stevan Raichkoviћ) – shoir, essenavis, nosir va bolalarga mo‘ljallangan kitoblar muallifi. Serb fan va san’at akademiyasi haqiqiy a’zosi. Yigirmadan ortiq she’riy kitoblari, jumladan, “Xarsanglar beshigi” (1963), “Daryoga borayotgan kema” (1967), “Tasodifiy memuarlar” (1978), “Tegramdagi olam” (1988) va “Kundalikdan she’rlar” kabilari mashhur. Qator esselar to‘plamlari ham bor. U Shekspir, Petrarka ijodidan tarjimalar qilgan. “Etti rus shoiri” (A.Axmatova, M.Svetayeva, B.Pasternak, I.Brodskiy va boshqalar) she’riyatidan qilgan tarjimalar to‘plami ham sevib o‘qiladi.

BALKON

Qosh qorayib borar.
Balkonda bir kimsa
ko‘kimtir tutunlar orasidan boqadi.
Parishonxotir farqlashga urinar
nigoh maydoniga tushgan xaslarni,
ana shular daf’atan qoqib kelishar
mudroq bosayozgan shuur eshigin,
ichkariga kirolmay.
Va nogoh idrokidan ayrilib
molxona tomlarining qora dog‘larida
to‘rtburchak nur elas balqiydi,
limonrang hayot antiqa tomgancha
oynalarning so‘l-o‘nglarida.
U o‘zining miya qutisiga joylaganicha
pakana daraxtning kesilgan sharpasin,
mo‘rilardan o‘rlagan tutunda, huv, o‘sha,
sitoralar milt-milt qilgan juda ham balandda,
havolarda erib ketadi.
Balkonda ul kimsa hislarga chulg‘anar,
hatto yombi misol aniq-tiniq ko‘radi,
qandaydir shitirlashin
mo‘ndi, qora devor
hujralarining, tunlar qulfloq bo‘lar hamisha.
U Nigohi-la kuzatadi ufqda
kechalarni kesib uchar qushlarni
mo‘ldan-mo‘l hisobsiz va hisobdan nari
tutib bo‘lmas, ko‘nglida kechirganlari
mavjlanib toshib chiqadi
uning xotirasi o‘ngirlaridan –
boshi
hammasini saranjomlab ololmas,
yolg‘izlik,
shunaqa dahshatli va ko‘lvor,
chidamoq dushvor.
Termularkan balkondan xumor,
unutilgan tuyg‘ular zanjirma-zanjir
ko‘kimtir tutunlar ostida bir dunyo tavajjuh etadi.
Bularning bari bir zamon shaffof bir saroyga sig‘masday edi,
endi – yaxlit, bir butun
go‘yoki ko‘rinmas ko‘priklar solinib
paydar-pay ot qo‘ygan tug‘yonlar –
va yana ismsiz nelardir jamuljam, birodar.
Muhimi ko‘tarilgan qo‘llar –
jipsdir, boshqacha bo‘lmagan, bo‘lmas ham –
ul kishi bu jumboqni yechmoqchi bo‘lib javobda
bo‘linar ming bitta bo‘lakka, holbuki, vaqt tilsim shahrini
tiklamagan kecha yo bugun.
U birdan xotirlar
qarorlar va ijrolar oralig‘idagi jimitday
masofalarni,
va yana undan-da azaliy nimalarnidir,
favqulodda va noqulay Ikar haqida,
fitratning basirat ko‘zida namoyon,
suvdagi xarsangdan aylanib ko‘z ochgan girdobday,
suyanch kesakisiga tirmashib yopishar,
metalning sovug‘i jonidan o‘tarkan,
beixtiyor o‘zini orqaga oladi,
devorga suyanib, qaroqlarin yumgancha,
nimadir demoqni istaydi, nimadir –
shu choqqacha tug‘ma shoirlarning birontasi aytmagan.

OLIS MOZIYDAGI NOTANIShOYIM

Endi boqarkanman bu joyga: hovli shu’lalarga chulg‘angan,
baland qilib urilgan devor, faqat oshib o‘tar ertachi qushlar
erku osmonlarga chorlagan mudom. Hovlida yoshligimni o‘rtagan
sen sari orzular qadrdon… Menga yod hamisha o‘ng kelar tushlar.
O‘ylardim berilib: so‘lim yoz, yuz bersa qaniydi mo‘jiza.
Sen bilan bo‘lsamu bu yerni ko‘rmasa birorta mijg‘ov zot,
bosgan ul alaflar ichida yashrinib yo‘lingni poylardim, bo‘sh ko‘za
menginani, nuragan devorlar g‘ishtiday elardi o‘r hayot.
Erkalar shams seni, uch odim narida ketganmiz ayrilib,
his qilib, telbavor qonginam qaynaydi, jonginam.
tomchilab-tomchilab, singidim zaminga, boqdingmi qayrilib,

gurkiradi tegramda jimjitlik, nur qo‘rg‘on desam ham bo‘lar kam.
Men esa hadikda, qularday jannatiy ul ma’vo –
etilgan mevalar nest-nobud, chilparchin romlari…
Xudoyim!
Qolsaydi hammasi asliday, qalbga mos tinch sado,
She’rlarim chulg‘asa ko‘nglingiz, xafiya begoyim.

ALLAQANDAY KO‘ChADA

Kimsa bilmas ko‘chaning bir kimsasi –
Xudo bergan subhi sodiq hamisha
hovliqqancha tortib turib o‘ziga,
eshik ochar, to‘kiladi suvog‘i,
chekinarkan ortga olib kelbatin,
nogoh qalqar manglayida yozig‘i,
aslida ham bular bari begona, shu eshik ham tasodif,
shu boismi kunlar o‘tib bir kuni,
topolmasdan kulbasin, tun ostida qolib ketar g‘aribon.

Rus tilidan Vafo Fayzulloh tarjimasi