* * *
Eslaysanmi,
qovoq gullarini…
Qamishlarga o‘rlagan?..
* * *
Yana qadim quduqdan
suv tortayotir ona
O, mening jarangdor xotiram!
* * *
Qorbo‘ron yanvarda
Va yana ketmoqda ota
xotiraning yo‘lakchasida…
* * *
Kuylayotgan ovoz kimniki ajab?
Shu qadar tanish,
mening hayotim uzra…
* * *
Titragan kaftimda
buloq ko‘z ochdi.
Va men ko‘rdim ajdodlarimni…
* * *
Kuzgi izg‘irin.
Qo‘lda piyola
Kaftda isitilgan.
* * *
Xonqizi
iyunning kaftida
O, tangrim, tangrim!..
* * *
Keksaygan kaftimni isitayapman
bolalikning kaftdekkina gulxanida.
O, mening kaftlarim!..
* * *
Betinim titraydi gulmohi
qaynoq qo‘limda!
O, yoshlik – umrim bahori!
* * *
Har tongda
Mo‘y qalam qo‘limda
Abadiyat oldidagi burch.
* * *
Parvoz qilgan turnalar
Ortga boqmoq istaydi:
Vatan qoldi-da ortda.
* * *
Biz bor edik u yerda,
Nayson ranglari aro.
Biz ichgandik u yerda…
* * *
Bahorning so‘nggi kuni
Yomg‘ir yog‘ar erinmay.
Soyabonsiz kezaman.
* * *
Oh, qani edi,
chiza olsam…
Kuzgi dala hidi!..
* * *
Kuzning bo‘g‘iq havosida
inja bir ovozni tuyaman.
Eh, bu mening yoshligim emasmi?!
* * *
Bahor haqli edi.
Men esa unga achinaman.
Bahor haqli edi…
* * *
Biz bulutmiz
bahor va qishlar uzra.
Biz bulutmiz…
* * *
Omoni* degan so‘zda
uch bo‘g‘in bor o‘lchovsiz.
Biri kechikkan saboq.
* * *
Bir marta qanot qoq
Jazirama oldidan.
Satkat* eskiga yangi yamoq.
* * *
Derazadan ingan nur
Onalarning nigohi.
Ondol* — bolalik…
* * *
Bu bulutlar ostida
Biz hammamiz barobar –
Men va kermek* sukutda…
______
* Omoni — ona.
* Satkat — qamish qalpoq.
* Ondol — isitiladigan pol.
* Kermek — egat.
Rus tilidan Ma’rufjon Yo‘ldoshev tarjimasi