Tatyana Zommer

Tatyana Zommer Rossiyaning Chelyabinsk viloyatida tug‘ilgan. Jurnalist, shoir, yozuvchi, esseist, rassom. Moskva Yozuvchilar uyushmasi, Rossiya Yozuvchilar uyushmalari a’zosi. Beshta she’riy kitobi chop etilgan.

* * *

1. Devor bo‘ylab ochilar
yomg‘irli oyna.
Aksing orom olar
sim karavotda – ko‘zguda.
Men bo‘m-bo‘sh xonada
vaqt devorini yaratib
nafas olyapman sensiz.

2. Keltirilgan guldastalarda
singib ketgan ko‘zlaring aksi.
Ular barvaqt o‘rnidan turar,
novdalar uchida
ola-kula qilib qaroqlarini,
juda kech kiradi ko‘rpa ostiga
devordagi vaqtga razm solishga
kuch-madorim yo‘q.
Ko‘rmayman
tuyaman
men ulardan to‘yinganimni.

3. Har gal yuragimda halok bo‘lsang sen
bo‘shagan guldonning suvin to‘kaman
olamning sovigan nigohlariga
sening ko‘zing bilan nazar solaman.

Rus tilidan Go‘zal Begim tarjimasi