Tatyana Snejina (1972-1995)

Tatyana Snejina 1972 yil 14 mayda Ukrainaning Voroshilovgrad shahrida sho‘ro armiyasining katta leytenanti Valeriy Pavlovich Pechyonkin oilasida dunyoga kelgan. Qizaloqning onasi Tatyana Georgiyevna, garchi mahalliy zavodda oddiy texnolog bo‘lib ishlasa-da, she’riyat, musiqa va xalq qo‘shiqlarining chinakam shaydosi edi.
Navqironligidayoq betakror shoira, mohir bastakor, lirik qo‘shiqlar muallifi va qo‘shiqchi bo‘lib tanilgan Tatyana Snejina 1995 yil 21 avgustda fojiali tarzda – avtohalokat tufayli vafot etgan. Bor-yo‘g‘i yigirma uch yil umr ko‘rgan shoiraning she’rlari asosan muhabbat, o‘lim, hayot xususida. Uni tanigan-bilgan ijodkorlar: “Tatyana g‘oyat iste’dodli edi. U hech qachon yozish uchun joy tanlamasdi, faqat yozardi… Ilhom har doim Tatyananing yo‘ldoshi edi. Hamma joyda, har yerda…” deb eslashadi.

OLISDA

Juda sog‘inyapman, yog‘saydi yomg‘ir.
Kimdir bilsa edi… Yo Tangri taolo!
Naqadar sevaman Vatanni, axir,
Moskva – men uchun eng qimmatbaho!

Har doim quyosh bor – yelkamda o‘ynar,
U tomon shoshilsam halovatim jam.
Yuraman Solyanka ko‘chasi bo‘ylab –
Yomg‘ir ostida ham bo‘lmay xotirjam.

To‘g‘risi, yoqmaydi London tumani,
U yerda sen bilan kelmagaymiz duch.
Mening muhabbatim – mening Vatanim –
Mening o‘z yurtimda topar ulkan kuch.

Juda sog‘inyapman yomg‘ir yog‘ishin,
Men yaxshi ko‘rganim – sevganim o‘sha.
Ijara uyimdan chiqarib boshim –
Yomg‘irli shaharni qilsam tomosha.

AZOB BERMAS

Azob bermas menga ehtimol,
Tars etkazib yopsang eshikni.
Eshitarman yengil va behol –
Yuraklaring aytgan qo‘shiqni.

Balki aslo bo‘lmaydi qiyin,
Bormasam men izingdan tushib.
O‘rganarman kun o‘tgan sayin –
Ortiq senga qolmaydi hushim.

Hech qayerda, balki hech qachon,
Ko‘z yoshimni to‘kmasman achchiq.
Unutaman seni o‘sha on –
Eslamayman – oramiz ochiq.

O‘tdi bari – nimaki bo‘lsa,
O‘zgartirib bo‘lmas bu ishni.
Xayolingga keltirma sen ham –
Bu eshikni taqillatishni.

Kutib yashash juda ham og‘ir,
Ayriliqqa to‘la yo‘llarni.
Mayli, mening kaftimga to‘ldir,
Muzlab ketgan o‘sha qo‘llarni.

KUTARDIM

Yana yomg‘ir yog‘ar edi…
Yulduzlar uchar uzoq.
Daftarimni to‘ldirib men
She’r yozardim yaltiroq.

Kelishingni kutar edim,
Artsang deb ko‘z yoshimni.
Dardim ichga yutar edim,
Erdan olmay boshimni.

Yana yomg‘ir yog‘ar edi,
Yomg‘ir yog‘ar edi jim.
Faqatgina seni menga,
Ko‘p ko‘rmasin Xudoyim.

* * *

Kerakmasman unga hech qachon,
Qiziq emas menga ham bu ish.
Men nimaki istagan bo‘lsam –
Oqibati keltirgan tashvish.

Baxtiyordir, balki u mensiz,
Behudadir, balki bu kalom.
Yo‘llaridan qochib men, esiz,
Tunda olov bilan qolaman.

Ehtiyot qil va qutqar, Tangrim,
Ehtiyot qil va qutqar, omin!..

Tangrim, qutqar. Va ehtiyot et,
O‘sha inson men uchun aziz.
Uning bilan bo‘lsam, go‘dakdek
Men o‘zimni sezmayman yolg‘iz.

Sening hukming, sening qudrating,
Panohingga ilhaqman shu choq.
Bezataman atirgullarni –
Hech kimda yo‘q ko‘zlari munchoq.

Tangrim, qutqar. Va ehtiyot et,
O‘sha inson men uchun aziz.
Uning bilan bo‘lsam, go‘dakdek
Men o‘zimni sezmayman yolg‘iz.

Ehtiyot qil va qutqar, Tangrim,
Ehtiyot qil va qutqar, omin!..

JUMA KUNI

Juma – ajoyib kun…
Juma – betakror,
Juma – qop-qorong‘i tunlarga soya.
Axir, bu – ulug‘ kun. Yo‘q zarra g‘ubor,
Engil uyg‘onaman. Yep-engil g‘oyat.
Shu kuni seni ham kutaman sho‘x-shan,
Shu kuni bo‘sh kelar… Avtobus bo‘m-bo‘sh.
Bekinib turadi sening qiyofang –
Misli kapalakday jo‘sh uraman, jo‘sh…
Shu kuni avtobus uchadi yeldek,
Xuddi tok urgandek yurak urar tez.
Shirin qarashlaring butkul olar erk,
Hatto esimizdan chiqar ismimiz.
O, yana yaqinlab qolar bekating,
Tushasan. Bir o‘zim qolaman. E, voh!
Yonimdagi bo‘shliq – qolar surating –
Esimdan chiqmaydi bu so‘nggi nigoh.
Keyin jim ketasan. Lek men sen emas,
Juma kelishiga bor yana hafta!
Keyingi safar men topaman jur’at,
Sen bilan tushaman men ham bekatda.

OLIS YoShLIKDA

Yop-yorug‘ balandda
Olis bolalik,
Asrardi onamning qo‘li
shamoldan.
Eng ezgu ertaklar –
ko‘zlari yumuq,
Tushlarimda qolgan,
Tushimda qolgan.
Sehrli ertaklar
pushtirang tusda,
Yam-yashil o‘t uzra
qanot yozar ot.
Qaysidir o‘lkada
juda olisda –
O‘zini ko‘rsatib
turardi hayot.
Qanoti bor otni
izlayman hanuz,
Xayolan uchaman –
bilmay g‘am-tashvish.
U yerda osmon sof –
emasdir yovuz,
Orzular cheksizdir.
Maqsadlar tanish.
O, qancha yil o‘tdi.
Tugadi ertak,
Ammo tushlarimda
etmoqda davom.
Esimdan chiqmaydi,
onamning qo‘li –
Va qanoti bor ot
hamon mehribon.
Sokin tun.
Tush ko‘rib uxlaydi qizim,
Musht qilib tugilgan
qo‘llari yumshoq.
Ukam bor.
Xuddiki men kabi yuzi –
Tushida shu otni
Qidirar uzoq.

O‘LIMDAN SO‘NG…

Naqadar sovuq yer. Oq, oppoq mozor,
Shunday o‘laman, deb o‘ylaganmidim?
Yo‘l shilta. Uchirib kelar mashina –
Oh, shu payt sirpanib ketdi oyog‘im.
Nima bu, qayerga ketmoqda olib,
To‘xtating! Kerakmas bunday musiqa.
Bas qiling, yuragim bormoqda yonib,
Aza qo‘shiqlari tuyular siyqa.
Nahotki, boshimda hamma nutq so‘zlar,
Hamdardmi do‘stlarim, qarindosh-urug‘?
Kimningdir nafratin yashirar ko‘zlar –
Kimningdir sevgisi qalbga sanchar tug‘.
Albatta, endi kech. Barisi ayon,
Aksincha… yotibdi eng so‘nggi surat.
Yuzini o‘girib teskari tomon –
Oh, kimdir yig‘lashga etadi jur’at,
Tobutga mix urar kimdir… Taqa-taq!
Eshitilmay qo‘yar qushlarning sasi.
Nega yuragimdan o‘chib borar zavq,
Shumi hayot bilan o‘lim orasi?
Kimningdir ovozi keldi…
juda zid.
Kimningdir yulduzli onlari keldi,
eshitib turibman.
Hamma yoq jimjit,
Hovuchlab otishar yuzimga yerni…

QISMATGA

Mendan buncha bo‘lma darg‘azab,
Qismat, qara o‘ngu so‘lingga.
Qo‘yib yubor, turmagin ushlab –
Meni solib qo‘ygin yo‘limga.

Hech kimsaga qilmagayman arz,
Hech kimsaga qilmam shikoyat.
Yurak og‘rib, ko‘nglim ketsa darz –
Sabr qilgum, o‘qigum oyat.

Etiksiz va qo‘lqop, qamchisiz,
Men janglarga chiqaman peshvoz.
Ortda tursa izma-iz –
Yopiq jangga beraman ovoz.

Qizdirilgan nayza qo‘limda,
Yuragimni kuydirar beshasht.
Endiyam g‘ov chiqmas yo‘limdan,
Mumkin emas bu holda yashash.

Qoch, ortimdan-izimdan kelma,
Berolmayman o‘zimga javob.
Men olovdan qo‘rqmayman sira,
Kuyganimni qilay e’tirof.

Etar endi! Kel, tin olaylik!
Xavotirlar bosilguncha to.
Qo‘l silkib tez xayrlashaylik,
Boshqa yo‘ldan ketaylik tanho.

Mendan buncha bo‘lma darg‘azab,
Qismat, qara o‘ngu so‘lingga.
Qo‘yib yubor, turmagin ushlab –
Meni solib qo‘ygin yo‘limga.

MENI ChAQIR…

Meni chaqir… yetib kelaman darhol,
Sen menga keraksan – keraksan, yolg‘iz.
Sen mening yagonam, umidim-iqbol –
Men sening haqingda o‘ylayman hargiz.

Go‘yo borayapman ummonda cho‘kib,
Shunda ham o‘ylayman seni kun uzoq.
Go‘yoki xayolim olganday ko‘kni,
Qalbimda yig‘ilib qolganday so‘roq.

Ko‘p narsa kerakmas… so‘ramayman yo‘q,
Faqat jim qolaman – seni ko‘rganda.
Titroqqa tushaman – urganday sovuq,
Seni unutishim – esga kelganda.

Menga qalbingdagi oppoq rang muhim,
Senga kerak emas… shoshilgan payting.
Yolg‘iz qolganimda chaqirgin va jim –
Menga sevishingni shivirlab aytgin!

Azizim, sen mening borar manzilim,
Yagona yo‘limsan – Tangri yaratgan.
Meni tushunmasang oh chekar dilim,
Sen menga baribir qismatsan qaytgan.

Sen mening qalbimsan – yorug‘ oftobim,
Chaqirgin o‘zingga! Va uzatgin qo‘l.
Kechiksang – yig‘layman, oshar xunobim,
Topolmay qolaman yuragingga yo‘l.

Yo‘limizni ochib bersin yulduzlar,
Chaqirmasang bugun… Borishimni kut.
Boraman bo‘ronlar, yomg‘irlar uzra –
Urishib qolsak ham tezgina unut.

Eshikni yopaman jahl otida,
Ortimdan yangraydi “To‘xta!” degan so‘z.
Kiprigim pirpirar ko‘nglim ortidan –
Olis-olislarga qarar ikki ko‘z.

Rus tilidan Xosiyat Rustamova tarjimasi