Krilov Ivan Andreevich [1769.2(13).2, Moskva – 1844.9(21).11, Peterburg] – rus yozuvchisi, masalchi. «Pochta duxov» (1789), «Zritel» (1792) jurnallarini nashr ettirgan.
1786—88 yillarda poytaxt dvoryanlarining axloqiy buzuqligini fosh etuvchi komediya («G‘azabnok oila», «To‘polonchilar», «Qizlarga saboq va b.), tragediya («Kleopatra», «Filomela»), komik operalar («Bahodir Ilya», 1870) yozgan.
Hukumatga qarshi yozilgan «Trumf» («Chimchilash») tragediyasi (1799—1800) qo‘lyozma holida tarqatilgan. «Qalb» qissasi (1792) da podsholik tuzumi va Yekaterina II ning yasama liberalizmi ustidan kuladi.
1809 — 43 yillarda 200 dan optiq masallar yozgan. Birinchi «Masallar» kitobi 1809 yil nashr qilingan. Ularda ijtimoiy illatlar fosh etilgan, zulm va zo‘rlik qoralangan («Bo‘ri bilan qo‘zichoq», «Hayvonlar o‘lati», «Bo‘rilar va ovchilar», «Dehqonlar va daryo» va b.), vazirliklarning qayta tashkil etilishi («Kvartet»), Arakcheevning zolimligi tanqid qilingan («Baliqlar raqsi»).
1812 yildagi Frantsiya-Rossiya urushi yillarida yozgan «Mushuk va oshpaz», «Itxonaga kirib qolgan bo‘ri», «Qarg‘a va tovuq», «Mushuk va Churtan baliq» va boshqa masallarida vatanparvarlik g‘oyalari ilgari surilgan. Asarlarida sofdil va mehnatsevar kishilar ulug‘langan, dangasa, qo‘rqoq, ikkiyuzlamachilar tanqid qilingan. Masallari demokratik ruh bilan sug‘orilgan. Satirasi kuchli, tili o‘tkir va ta’sirchan.
Asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilingan.
G‘AYRIJINS ITTIFOQ
Bir kuni Toshbaqa, Baliq, O‘rdak,
Qildilar maslahat uchi birdak,
Dedilar: Biz arobakash bo‘lamiz,
Tortarmiz arbani va yo o‘lamiz.
Yopishub bir arbaga mahkam,
Jon-dildan chekurdi uch hamdam,
Kuchlari arbaga yetushmas edi,
Arba bunlar yo‘licha ketmas edi.
O‘rdak osmon sariga tortardi,
Baliq esa yoniga tortardi,
Toshbaqa sudrar erdi orqa sori,
Yo‘q edi ittifoqning osori.
Qildilar qancha sa’y bebarakat,
Arba o‘rnida turli beharakat.
Munda kim ayb egasi, kim aybsiz,
Bir havodis bizim uchun kayfsiz.
Bu ishi bir kishi go‘zal biladur,
Arba hamon qimirlamay turadur.
TULKI ILA SERKA
Tulki sakrab yurar edi cho‘lda,
Bir quduq bor edi o‘shal yo‘lda.
Nogahon tushdi-ketdi gumburlab;
Choh ichinda o‘tirdi g‘ung‘urlab.
Ul quduq tor edi, chiqolmas edi,
Tulkining baxtiga suyi oz edi.
Serka o‘tlab yururdi yiroqda,
Susabon su(v) qidirdi shul choqda.
Serka choh boshiga kelib oralab,
Ko‘rdi Tulkini tepadan mo‘ralab.
Tebratib to‘rbadek uzun soqolin,
So‘rdi Tulkini(ng) hol-ahvolin.
Serkag‘a Tulki maxtadi su(v)ni,
Suv deganda toshardi nafsi uni.
“– Su(v) desang, tush, bu yerga, ulfat bo‘l,
Su(v) degan bu quduqda erkan mo‘l”.
Serka otdi o‘zin quduq sori,
Tulkining hiylasi bo‘lib yori,
“Gum” etib tushdi Serka suv ichiga,
Suvlari sachradi quduq chetiga.
Tulki aytdi: “Ayo, uzun saqqol!”
Duzg‘a yetding sen yaqqol.
Suvni to‘ygancha man ichub erdim,
Qolganin butun sanga berdim”.
Sakrabon Serka ustiga chiqdi,
Andan irg‘ib yuqoriga chiqdi.
Serkaning sohibi necha muddat,
Axtarubon bo‘lub edi diqqat.
Oxiri bu quduqda ko‘rdi oni,
Serkaning qolmish erdi yorti joni,
Ming mashaqqat bilan chiqardi bazo‘r,
Serka bo‘lgan edi cho‘loq ham ko‘r.
Sohibi Serkaning ko‘rib holin,
Aytdi boshin silab, tarab yolin:
“Ey soqoli cho‘q, aqli yo‘q Serkam,
Qildi Hijron soddalik, erkam”.
MAYMUN ILA KO‘ZOYNAK
Juda qartaymish erdi bir Maymun,
Ko‘zining nuri qolmab erdi butun.
Ul eshitdi bu dard uchun darmon –
Ko‘zoynak tutar emish inson.
Pul yig‘ub ko‘zguni sotib oldi,
O‘zini qayta(ga) zahmatga soldi.
Goh tutardi dumiga, goh ko‘ziga,
Foyda bermasdi oynagi o‘ziga.
Bo‘ldi Maymun taqolmayin hayron,
Dedi: “Xo‘b hiylagar erur inson,
Manga kim dedi ani olg‘il deb,
Kim buyurdi ko‘zingg‘a solg‘il deb.
Qursin oynak ko‘zimni qildi xira,
Taqmazam oynakini endi sira.
Tuf! Bu dunyoni e’tibori yo‘q,
Ochni holin biladurmi to‘q?!
Sarf etar pulni yo‘qg‘a insonlar,
Qilmayur ko‘r va shalga ehsonlar,
Kimga aytay bu dardu hasratni,
Kim eshitgay bu qayg‘u kulfatni.
Ko‘zlarim ojiz, o‘zim qariman,
Mustahiqman, kamina kamtarinman.
Hech kishi so‘rmayur bu ahvolim,
Ketdi quvvat, madorim, iqbolim.
Ko‘zgu ham menga qilmadi darmon,
Dilda hasrat, ko‘ngulda ko‘p armon.
Ko‘zguning xayri yo‘q ekan misqol”,
Deb otib toshni urdi ul darhol.
Oynagin parcha-parcha qildi o‘zi,
O‘rtanub der edi o‘zi bu so‘z(n)i:
“Oynak olmoq o‘zi ekan oson,
Mushkuli ani taqmog‘ida ekan”.
Kimki haddidan oshub ish qilsa,
Oxirida bo‘lur shulay Hijron.
IT ILA YO‘LOVChI
Kechqurun yo‘l ketardi iki kishi,
So‘zlashurdan yo‘q erdi o‘zga ishi.
Nogahon bir kuchuk chiqib bog‘dan –
Vovulladi bunlara so‘l va sog‘dan.
It ovozin eshitdi boshqalari –
Keldilar, jam bo‘ldi yoshu qari.
Yig‘ilub barchasi hujum etdi,
Yo‘lchilar aqli boshidan ketdi.
Yo‘lchilardan biri olib bir tosh,
Urmoq o‘lg‘onda aytdi bir yo‘ldosh:
“Qo‘y, qo‘ling og‘ritub nima qilasan,
Itlarning fe’lini o‘zing bilasan.
Hamla qilgang‘a vermayur rohat,
It guruhinda bo‘yladur odat”.
Itlara solmayin qulog‘ onlar,
To‘g‘ri ketaverdilar iki jonlar.
Darhaqiqat, sekin-sekin hamasi,
Tarqalub ketdi, qolmadi birisi.
It degan itligin qilaberadur,
E’tibor etmasang ketaberadur.
Abdulla Avloniy tarjimasi