Bulat Shalvovich Okudjava (9 may 1924, Moskva, Rossiya — 12 iyunya 1997, Klamar, Frantsiya) — Rus shoiri, nosir va stsenarist, bastakor.
ALOMAT
A. Jigulinga
Quzg‘un qarillasa – urushdan nishon,
elda bor shunaqa alomat, ishonch.
Urushga sira yo‘l qo‘ymaslik uchun
bu qarg‘a-quzg‘unni o‘ldirmoq kerak.
Bu qarg‘a-quzg‘unni o‘ldirmoq uchun,
miltiqlarni o‘qqa to‘ldirmoq kerak.
Miltiqlarga agar o‘qlar joylansa,
topilar merganlar, yuragi cho‘g‘lar.
Shu taxlit ota-ot ovi boshlansa,
nishonini topar otilgan o‘qlar.
O‘qning hech kimsaga ichi achimas,
o‘q borib birovga qadalsa, shu bas,
do‘stmisan, dushmanmi – o‘qlar so‘ramas.
Ana shu oqibat, u yog‘i – abas.
Ana shu oqibat, u yog‘i – abas,
Ana shu oqibat – do‘st ham, yot ham yo‘q.
Hamma o‘lar, hanuz qarillar quzg‘un:
uni otadigan biror odam yo‘q.
JUR’AT
yoxud jang oldidan suhbat
– Ay, janob leytenant, nechun xomushsiz?
Yoki yoqmaydimi sizga kasbimiz?
– Ey, janob general, xuddi shu onlar –
yodimga tushmoqda sevgan jononlar.
– Ay, janob leytenant, ko‘ngilni tiying:
jang yaqin, xotinlar xayolin qo‘ying!
– Ey, janob general, jang bo‘lar tayin,
oltin damlarni bir eslab olayin.
– Ay, janob leytenant, mahzunlik nechun!
Biz jangga kirarmiz g‘alaba uchun…
– Ey, janob general, zafar – munosib,
lek o‘sha on menga qilarmi nasib?
– Leytenant, maydonda to‘kilsa-da qon,
askarga keladir obro‘, shuhrat, shon…
– Ey, janob general, shahid uchun – shon,
tirikka afzaldir go‘zal bir jonon.
– Bu nima, leytenant, bu nechuk g‘aflat!
Qani askar burchi, dushmanga nafrat?!
– Ey, janob general, nima qilay man:
aldasam bo‘lardi, alday olmayman…
– Ko‘zing och, leytenant, tavba qil avval!
Seni tergov qilsin harbiy tribunal…
– Nachora, yov o‘qi tegmaydi goho,
ammo o‘zingniki otar bexato.
MUNOJOT
Hali nur tusharkan jahonga,
hali aylanarkan ona Yer,
Tangrim, har bir insonga,
tilaganlarini ber:
qo‘rqoqqa ber asov bir tulpor,
donolarning boshini asra,
baxtli och qolmasin, pul yubor…
Meni ham esla.
Hali aylanarkan ona Yer —
Tangrim, izmingda dunyo!—
hokimiyatga talpinganga
imkon ber va iymon ham, illo,
saxiyga rohat ber,
hech qursa, bir kun.
Xoin tavba qilsin…
Meni ham tushun.
Bilaman: sen uchun hammasi oson,
adlingga, aqlinga ishonaman, hay,
jangda shahid bo‘lgan bir askar
jannat hayotidan umid qilganday,
sokin ma’ruzangga har bitta quloq
ishongani kabi beso‘roq,
jamolingni ko‘rmasdan hali,
senga yukinayotganimiz kabi!
Tangrim, mening ilohim,
yashil ko‘zginam!
Hali aylanadi ona Yer,
ishonib-ishonmay o‘zi ham,
hali yerda yetarli ekan
otash va zamon,
hammaga ber ozdan bo‘lsa ham…
Meni ham unutma hech qachon.
OChIQ EShIK HAQIDA QO‘ShIQ
Bo‘ron o‘kirganda hayvonday —
Uv tortsa g‘ichirlab beshiklar,
Eshiklarni yopmang ayvonda,
Doim ochiq tursin eshiklar.
Og‘ir yo‘l, rutubat, chang, tuman,
Olis yo‘l chorlasa yildirim.
Eshikni ochishni unutmang,
Eshiklarni ochiq qoldiring.
Tun bag‘riga ketayotganda,
Kengroq bo‘ling, bo‘ling sarbaland:
O‘choqqa qalangiz aralashtirib,
Qarag‘ay o‘tinin dil o‘ti bilan.
Devorlar taftlidir, boshqacha,
Ko‘rpachalar — qanchalar mayin…
Yopiq eshik narxi — bir chaqa,
Qulf bahosi — axir, bir tiyin!
TISIAN TABIDZE YaShAGAN UY EShIGIDAGI O‘YLAR
Asrang bizni, shoirlarni.
Asranglar faqat.
Balkim qoldi asr, balkim, yil, hafta, soat,
Ikki – uch daqiqa qolgan yo qolmagandir…
Bizni asrang.
Hamma shoir — asli bir taqdir.
Bizni asrang gunoh-savobimiz, g‘ussamiz ila.
Izlab izimizda yurar Dantes, qotillar.
Ular unutmagan sira o‘tmish tavqini,
vazifasi shudir – otmoq, surmoq zavqini.
Qaydadir Martinov kezar, sariq ko‘zi – qon.
Bir shoirni otdi, yana otmoq istamas bu on.
Ammo shudir uning kasbi, o‘qlar ola-tasir,
qadimday otishni buyurar yigirmanchi asr.
Asrang bizni, shoirlarni, axmoqlarning dastidan,
battol hukmlardan, dovdir olomonning qasdidan.
Bizni asrang, tiriklikda asrang, asrang, bas.
Ammo bizni asray, deya o‘lish shart emas.
Bizni asramang, podani asragan kabi bir ko‘ppak!
Bizni asramang, ko‘ppakni sohibi asragandak!
Sizga hali kelar she’rlar, qo‘shiq, ohanglar…
Faqat shoirlarni asrang.
Bizni asranglar.
YuRT! VATAN! MAMLAKAT! HUKUMAT! DAVLAT!..
Yurt! Vatan! Mamlakat! Hukumat! Davlat!
Qalbimizda yotgan va biz qabrga olib ketadigan bularmas,
Nozik qarashlar, o‘pichlar — muhabbatning shirin makkorligi,
Arbatning qiyshiq so‘qmoqlari va sokin shivir-shivirlar.
1992
NIMA KERAK O‘ZI OCh ChUMOLIGA?
Nima kerak o‘zi och chumoliga?
Ikkita semiz bit yetar.
Ushlab yesa – baxtiyor…
Shahrimiz to‘ladir shod aholiga—
ular bunchalar ko‘p, yo Parvardigor!
1993
OLMONIYa. BONN.
Shundoq supermarket yonida – qamoq.
Mahbusxona — aqling toshar, shoshqaloq.
Eng qallob mahbuslar unda turadi,
yonboshlab ekranda kino ko‘radi.
Unda yashash uchun bari muhayyo:
ko‘rpa-to‘shak toza, oppoq, musaffo,
tayyor mo‘l nonushta, tushlikning zo‘ri,
bor hattoki bunda tish shifokori.
Vatanim – Rossiya, ortimda mutloq.
Yorim, bolam bordir, ko‘nglim ham to‘lar.
She’rlarim o‘qilar yurtimda, lek goh
olmon qamog‘ida yashagim kelar?!
1993
HAQIQIY INSONLAR JUDA-JUDA OZ…
Haqiqiy insonlar juda-juda oz…
Aldamang, kelmadi ular zamoni.
Siz halol va qat’iy sanab chiqing-chi,
Har ko‘chadan chiqar nechta insoniy.
Haqiqiy insonlar juda-juda oz…
butun yer sharida – bir hovuch, xolos.
Butun Rossiyada – bir mening onam,
qo‘lidan ne kela u sho‘rlikning ham…
1956
DO‘STLAR, MO‘’JIZADAN QILMANGIZ UMID…
Do‘stlar, mo‘jizadan qilmangiz umid,
xorij va’dasiga uchmang ham uncha.
Biz yig‘laymiz, tinmay yig‘laymiz, tokim
Moskov ko‘z yoshlarga ishonmaguncha.
1969
STALIN PUShKINNI VARAQLAR…
Stalin Pushkinni varoqlar,
mohiyatin bilmoqni xohlar,
ammo she’rning sirli ma’dani
ochmas unga sinoatini.
Bu tog‘likning o‘tkir nigohi
ko‘rarmidi hikmat qa’rini?
Qaro zulmat ko‘rinar unga —
ko‘rolmaydi shoir qalbini.
Shoir xalqni qanday etdi zabt,
el zulmat va nurga qorishiq
shoirining sharafi uchun
kuylamoqda nurafshon qo‘shiq?
Ha, shu qalam tebratib o‘tgan
shoir xalqqa ne qilib yoqdi?
Ozodlikni kuylab tutoqdi?..
Garchand shoh ham uni erkalar,
satrlari muxolif dilda,
yoshlar uchun edi bir mayoq,
o‘ldi o‘ttiz yettinchi yilda!
Eh, yana shu la’nati bir yil,
ramziy bo‘lib qoldi-ku, xalqim!
Deylik, o‘ttiz beshinchi bo‘lsa —
biroz yengil bo‘lardi, balkim.
Balkim, u — ingliz josusi,
axir Bayron bilan do‘st edi?
Xavf-xatardan topardi rohat —
botirligi boshini yedi…
Ehtimol u efiop shohning
ayg‘oqchisi edi erktalab?..
Kezdi, chizdi, yashadi, yozdi
hajviyalar, epigrammalar…
Moskov ko‘kin bosar quyuq tun,
sovub qolar to‘shak, misli muz.
Ammo Iosif Vissarionich
uxlamoqni istamas hanuz.
Hamma narsa kelar qo‘lidan:
otar, qamar, jimlikka ko‘nmas,
lek shoirning erksevar ruhi
hukmdor hukmiga bo‘ysunmas.
O‘ylayverib toriqdi juda,
og‘riq kirdi “dono” boshiga…
Chorasini topadi, deya
Beriyani chorlar qoshiga.
1979
ShER – HAYVONLAR ShOHI? INSON –ASLI HAYVONLAR ShOHI…
Sher – hayvonlar shohi? Inson –asli hayvonlar shohi.
Mana, tongda inson uyi eshigidan chiqarkan,
atrofga qaraydi olazarak, sovuq jilmayar…
Yana nima qilarkan, deb bexos seskanar Dunyo.
1969
BIR KUN AYTDI ChEXOV, ANTON PAVLOVICh…
Bir kun aytdi Chexov, Anton Pavlovich:
oqil o‘rganadi, o‘rgatar – nodon.
Qancha nodonlarni ko‘rdim erta-kech,
orden olishim shart men allaqachon.
Nodonlar to‘planar poda singari.
Oldinda g‘o‘dayib borar bosh nodon.
Bolalikda derdim, bir tong uyg‘onsam,
nodon qolmas – barin tortadi osmon.
Eh, go‘dak orzusi – xom-xayol, xato,
qaysi bulutlarda kezdim men sodda.
Olam miyig‘ida kular ustimdan…
Qaydadir adashdim, balkim, hisobda.
Nodonlar to‘dadir, oqillar – yolg‘iz,
oqil yolg‘izlikni sevar, voh, ajab.
Yolg‘izni talamoq juda ham oson,
ularni tutishar bitta-bittalab.
Hamma oqillarni tutishsa shartta,
kelar oxirzamon, so‘ngsiz falokat…
Aqlli – sertashvish, nodon – halokat.
O‘rtachasi yaxshi. Qaydadir o‘rta?
Nodon bo‘lish afzal, dil ko‘nmas faqat,
oqil bo‘lging kelar –dor turar qalqib…
Falak zabonida makkor bashorat.
O‘rtasin toparmiz biror kun, balkim.
1986
YoMG‘IR EZIB YoG‘AR, ADO BO‘LDI YoZ
Yomg‘ir ezib yog‘ar, ado bo‘ldi yoz,
go‘yo yoz bo‘lmagan kabi hech qachon.
Bo‘m-bo‘sh bog‘da naychi chalar soz,
bog‘da undan boshqa yo‘q birorta jon.
U tanho, yaydoqda yomg‘irlar ichra
ivigan butaning shoxiday ichkin.
Qachondan, qay ondan, qiyin yo oson –
hech neni so‘ramas naychidan hech kim.
Eh, mug‘anniy, egni ohorsiz naychi,
qo‘lida izmiga itoatkor nay.
Mana, kun ham o‘tdi, o‘tar umr ham,
kuzgi yaproqlarni shamol to‘kkanday.
Go‘yo yerga kirib bormoqda samo,
zo‘rg‘a eshitilar nayning bo‘zlashi.
U kuyning navosi -”Kechir-alvido”,
“Hammani kechirdim” – uning so‘zlari.
Nachora, taqdirdir ivimoq butkul,
uqubutlar chekmoq, yutmoq ko‘z yoshni,
taqdiri azaldan yopiq eshikka
umid-la tunu-kun urmoqlik boshni.
Eh, mug‘anniy, egni ohorsiz naychi,
qo‘lida izmiga itoatkor nay.
Mana, kun ham o‘tdi, o‘tar umr ham,
kuzgi yaproqlarni shamol to‘kkanday.
1969
Karim Bahriyev tarjimasi
GURJI QO‘ShIG‘I
Ko‘mgum uzum urug‘ taftli tuproqqa,
Novdaga lab bossam, uzilar charos,
Ulfatlar chorlanur, dilda ishq oqqay,
Olamda boshqacha yashamoq na soz?
Yo‘qlab kelganlarim, bo‘ling mehmonim,
Yuzga rostin ayting, men kimlarga xos.
Xatoyu gunohim kechar rahmonim,
Olamda boshqacha yashamoq na soz?
Men uchun kuylaydi qirmizi Dali,
Bosh eggum engimda oq-siyoh libos,
Tinglagum, o‘ldirur sevgi, g‘am hali,
Olamda boshqacha yashamoq na soz?
Shafaq burchaklarda to‘zg‘igan chog‘i,
Deyman, o‘ngimda suz, qayta qanot yoz:
Ko‘k buyvol, oq burgut, zarrin gulmohi,
Olamda boshqacha yashamoq na soz?
Rus tilidan A’zam Obid tarjimasi