Andrey Dementev (1928-2018)

Andrey Dmitriyevich Dementev (16 iyul 1928, Tver — 26 iyun 2018, Moskva) — rus shoiri, radio va televideniye suxandoni. «Yunost» jurnali bosh muharriri (1981—1992). SSSR davlat mukofoti laureati (1985). SSSR yozuvchilar uyushmasi a’zosi. Rossiya Federatsiyasida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi (2004).

BUGUN BIR YO‘QLAB KELSAM…

Onam xotirasiga

Sog‘intirmay kelishga
Vaqtim yo‘q edi.
Ona degan bebaho
Baxtim yo‘q endi.

Unda vaqtim yo‘q edi –
Bugun yo‘q onam.
Kechirsaydi, yetarmu,
Ko‘klarga nolam.

Yov quvganday yugurdim,
Vaqt doim tig‘iz.
Endi sog‘inib kelib
Yig‘layman yolg‘iz.

Huvillagan xonasi
Ma’yus va sokin.
Dardim yengillatolmas
Sharob ham, lokin.

Ayro o‘tdi, azizam,
Ne-ne bayramlar.
Bugun bir yo‘qlab kelsam,
Dil to‘la g‘amlar.

Seni tanho yod etib
Kuygum, onajon.
Xudo haqqi, aybimdan
O‘tgin, jonajon…

* * *

Hech narsa ustida chekmangiz afsus,
Hech narsa haqida qilmang pushaymon.
Mayliga, boshqalar davronlar sursin,
Siz ham tiriksiz-ku, boshingiz omon.

Avvaldan pushaymon chekmang, tunu kun,
Hali yuz bermagan ming g‘avg‘oni deb.
Va gar bo‘lib o‘tgan xatolik yukin,
Bo‘lmas bo‘lsa aslo ortga qaytarib.

Xijolat ustiga pushmon lozimmas,
Yo‘qotgan do‘stmi yo sevgingiz sabab.
Do‘stlar qadamdadir, zamon oxirmas,
Sevgi ham keladi kuningiz poylab.

Afsuslanmang, sizmas, boshqa bir odam,
Lavozim otiga minsa bu g‘ammas.
Illo, juda masrur ko‘rinsalar ham,
Boshlig‘u rahbarlar g‘amsiz odammas.

Hech qachon, eshiting, hech qachon yonmang,
Pushaymon o‘tida, afsus cho‘g‘ida.
Bag‘ri butunlikka hech narsa yetmas,
Lekin afsuslanmang hech kim yo‘g‘ida.

Qaysi bir mug‘anniy kuy chalar selob,
Borliqni chulg‘agan navo sehrangiz.
Lek undan chuqurroq his qilib kuyin,
Undan ham sel bo‘lib tingladingiz siz.

Hech qachon, hech qachon kuyinmang, minba’d,
Kechroq keldingizmi, ketdingiz vaqtli.
Mayli, mug‘anniyga nasibdur minbar –
Lekin tinglay bilgan siz-ku, chin baxtli!

* * *

Yopishmadi, bizning ishlar, yopishmadi-ya,
Boshqa-boshqa zamonlardan ekan taqdirlar.
Sen xayoliy bir siymoni sevgansan, ha, ha!
Men ham seni sevaman deb, o‘ylab yuribman.

Endi bizni qololmaydi hech narsa ushlab,
Men ketgumdir,g‘amda seni qoldirib nolon.
Bu ters taqdir osmonlarda yozilmish, yo rab!
Muchalga boq – birimiz it, birimiz sichqon.

Yuragimda na alam bor va na dard, qayg‘u,
Bo‘lganda ham hammasini yuvib ketar vaqt.
Ilojim ne, boshda senga og‘ir bo‘laru,
Mening g‘amim, tashvishimni o‘ylama faqat.

Ketayapman, ko‘zlaringga so‘nggi bor boqib,
So‘z aytaman chin sevgingni topishing tilab.
Manov suvratlarni esa yuborgin yoqib,
Saqlab yurma hasratlarim albomda yillab.

Anduhlaring, g‘amlaringda qolgan yalang‘och
Qoyalardan jildim, yo‘lim tubanlik, kadar.
Hayot shudir – yo‘li uzoq, goh sur, goho qoch,
Bir sevgidan, yana boshqa bir sevgi qadar.

* * *

Dilda umidlarni o‘ldirmoq,
Ham o‘zgalar ustidan kulmoq,
Yaxshilikni bilmaslik, illoh,
Dunyodagi eng og‘ir gunoh.

Buyuk ishlar bir chetda turib,
O‘zni mayda ishlarga urib,
Past nazarda umr ko‘rmaklik,
Undan ham og‘ir gunoh balkim.

Seni odam qilgan insonga,
Ko‘zingga nur bergan iymonga,
Va ustozga xiyonat, e voh…
Mana bu eng dahshatli gunoh!

* * *

Tasodifiy kimsalarni do‘st tutib rosa,
O‘tkinchi kas, nokaslardan kutdim nimadir.
Qanday bo‘lsa, men shundayin yashadim, ammo,
O‘zgacha bir hayot yo‘lin bermadi taqdir.

Kimlarningdir alamiyu gina, kinlari
Soyasida o‘tib ketdi yoshligim porlab.
Zo‘ravonga egmadimu aslo boshimni,
Osmonga ham sapchimadim, yuksaklik xohlab.

Qanday bo‘lsa, men shundayin yashadim, shukur,
Ortda qolgan kunlarimdan hech uyalmadim.
Men taqdirdan solih, yaxshi so‘zlardan boshqa
Biron narsa so‘ramadim, qarzga olmadim.

* * *

Ba’zida hovliqib ketaman bexos,
Umrim o‘tib borar, qilar ish serob…
Hayot esa goh shod, goh qildi selob,
Ortga bir qarashga fursat doim oz.

Tashvishlar hududsiz ummonday go‘yo,
Hammamizga o‘sha bir xilda tartib:
Biz tashvish ketidan quvdik avvalo,
O‘zimizga qo‘ymadik vaqt ham ajratib.

Ne kunlar o‘tmadi… Ehtimol ertan,
Yana ne sinoat tayyor turgandur!
Roziman, hayotim bergan g‘amlardan,
Tonglariga shukur, shomiga shukur!

* * *

Kuymay ham qo‘ydim-a, dushmanlarimga,
Bezlik qilsalar ham xafa bo‘lmayman.
“Mish-mish tog‘ora”da ho‘pam yuvildim,
Yana ivitsalar mayli, o‘lmayman.

Oshkor hasadlarga tiygum tilimni,
Yomonlarning o‘zi ham, so‘zi ham o‘xshash.
Yuvib, qo‘ltig‘imga urdim qo‘limni,
Illo, ko‘pni ko‘rdim, shu-da, bir yashash.

G‘iybat o‘ngu so‘lim, yo‘lim malomat,
Yo‘lda tik boraman yaramni silab.
Afsus, tez bitmaydi bunday jarohat,
Ammo saboqlari semirar yillab.

* * *

Xira tortar ko‘ngil olami,
Sotqin chiqsa birga yurganing.
Va o‘rtaydi dunyoning g‘ami,
Sirlaringni baham ko‘rganing.

Ammo, lekin bu qadim meros,
Inson shunday – bir qul, bir podshoh.
Ishonchingga darz solar bexos,
Yaxshilikka zulm qaytadi goh.

Kimlar seni maqtar, suykalar,
Yuksaladi ko‘kka omading.
Sen bilmaysan, kuyar, o‘pkalar,
Qay bir o‘zing suygan odaming.

Ham ayanchli bu, ham kulgili,
Chunki bari uch kunlik muyum!..
Bugun yetgan o‘zanim nurli,
Farog‘atli, ilohiy tuyum.

Endi bunda yo‘q ilinj, marra,
Yaratganning durri ustivor.
Bu sohilda yillar bir zarra,
Yo gard, yoki gul changicha bor.

Ammo bir fe’l pand berar mudom,
Ba’zilar hech ko‘ngli to‘lmaydi.
Qo‘chqor kabi kimni bo‘lsa ham,
Bir suzib qo‘ymasa bo‘lmaydi.

Rus tilidan Muslimbek Yo‘ldoshev tarjimasi