Aleksandr Yeryomenko (1950)

Aleksandr Viktorovich Yeryomenko (25 oktyabr 1950, Gonoshixa, Oltoy o‘lkasi) — rus shoiri.M.Gorkiy nomidagi Adabiyot institutini tamomlagan. Boris Pasternak nomidagi mukofot laureati (2002).

* * *
Kelishganman, ko‘zimda yolqin,
Ilon kabi donoman – ayon.
Men ayolni osmonga otdim –
Va meniki bo‘ldi u ayol.

May shishani qo‘limda ushlab,
Restoranda kezinganim on,
Ruh tarayman jangchiga o‘xshab,
Kiyik kabi chaqqonman, chaqqon.

Shivir-shivir yetar ortimdan, –
Ko‘rsatishar – barmoqlar bigiz:
“U ayolni osmonga otgan,
O‘sha ayol osmonda hanuz”.

Men bu ishga iqrorman, iqror:
Biror joyga bordimmi – tamom –
Quchishadi takroru takror,
Pul berishar – maqtab bearmon.

Hali qancha bo‘lar tortishuv, –
Ko‘nglimda shu bahsni tuyganman:
Nechun soldim el ichra g‘ulu,
Nima ichib, nima kiyganman.

Bir aybimni olay bo‘ynimga,
Shu she’rda ham aytayin bugun –
Uchmaganman fazo qo‘yniga,
Bu ham faqat chekkanim uchun.

Va albatta, yashab abadiy
Mehnat qilmoq umrim rejasi:
Shu beparvo avlodlar haqqi, –
Yo‘qolsin deb yolg‘on peshasi,

Bu dunyoda har bir kas borkim,
Mendek, rostni aytolsin halol:
“Men ayolni osmonga otdim –
Va meniki bo‘ldi u ayol”.

Usmon Azim tarjimasi