Afanasiy Fet (1820-1892)

Taniqli rus lirik shoiri, tarjimon. Peterburg Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi (1886). Uning ilk she’rlari “Moskvityanin”, “Otechestvennыe zapiski” va “Sovremennik” jurnallarida chop etiladi. Mashhur munaqqid V.Belinskiy “1843 yildagi rus poeziyasi” maqolasida Afanasiy Fet timsolida rus she’riyatiga yangi shoir kirib kelayotganligini e’tirof etgan edi. Fet nafaqat bir-biridan go‘zal she’rlar yaratdi, balki sermahsul tarjimonlik faoliyatini ham olib bordi. U Goratsiy, Yuvenal, Katull, Tibul, Ovidiy, Vergiliy, Martsialning she’rlarini, shuningdek, I.Kantning “Sof aqlning tanqidi”, A.Shopengauerning “Olam: ixtiyor va iroda” falsafiy asarlarini rus tiliga mahorat bilan o‘girgan.

* * *

Ko‘zin o‘ynatib mushukcha kuylar,
Bola ham mudrar gilam ustida.
Tashqarida-chi: bo‘ronlar o‘ynar,
Shamol choladi nayni tinmasdan…

“Bas, yetar bunda senga ag‘anash,
O‘yinchoqlarni yig‘ishtiru tur!
Men bilan kelib avval xayrlash,
So‘ngra tezda uxlashga yugur!”

Bola tez turdi, mushuk ko‘z ochib –
Uni kuzatar, kuylab tinmayin.
Derazaga qor uyurma sochib,
Bo‘ron eshikda chaladi nayin.

G‘afur G‘ulom tarjimasi

* * *

Kuz naqadar sovuq va qurg‘oq,
Shol ro‘moling boshingga o‘ra.
Olov yonar ufqda, mudroq –
Qarag‘aylar osha bir qara!

Shimol tuni – ko‘zing porlashi
Xayolimdan uzilmas hech choq,
Yongan bilan ko‘zing otashi
Isitmaydi qalbimni biroq!

Shuhrat tarjimasi

* * *

Derazam oldida
Bir g‘amgin oq qayin,
Sovuqning dastidan
Kiyingan u qalin.

Uzumning boshiday
Osilgan shoxlari,
Ko‘z quvnar boqishda,
Go‘zal ust-boshlari.

Jimjima shafaq xush
O‘zgartar tusini.
Ko‘nmasin biror qush,
Buzmasin husnini.

* * *

Kecha oydin, ayozli, hayhot,
Qor g‘irchillar, chiqa qol sen ham.
Sovqotmoqda shatakdagi ot,
O‘z joyida turmas mustahkam.

O‘ltiraylik yopib yopinchoq,
Kecha oydin, yo‘llar ravondir.
Sen churq etmay, men ham etmay churq
Yo‘llarimiz bosh oqqan yondir.

Uchqur chana qish kechasida,
Oydinlikdir uchar qor purkab.
Men qalbimni ochaman senga
Va so‘zlayman bitta-bittalab.

* * *

Mendan nari ketmagil zinhor,
Men bilan qol do‘stim, do‘stginam!
Mendan uzoq ketmagin zinhor,
Sen-la yiroq mendan g‘am-alam…

Bir-birovga bizdek yaqinlik
Boshqalarga etmagay nasib.
Pokizayu kuchlik va jonlik
Sevmoqni biz bilmaymiz, afsus.

Qoshimda sen bo‘lolsang har dam.
Boshing egsang go‘yo xoru zor,
Yiroq qochar mendan g‘am-alam,
Mendan nari ketmagin zinhor!

* * *

Jim-jit kecha, yulduzli kecha…
Oy nur sochar titrab va titrab.
Go‘zallikning lablari shirin,
Jim-jit kecha, yulduzli kecha.

Qizginadir sevgi quvonchi!
Yulduzlardir sening ko‘zlaring.
Osmonda ham, suvda ham oy bor,
Go‘yo qayg‘u hamda muhabbat.

Yulduzlarni sevaman, do‘stim!
Uzoqmasman qayg‘udan hech ham,
Sevimlisan menga yana ham,
Jim-jit kecham, yulduzli kecham.

* * *

Qachonkim nurafshon sochingdan o‘pib,
Qaynoq nafasimni ko‘ksingga ursam.
Nechun sen o‘zga qiz haqida to‘lib
So‘zlaysan visoldan bo‘lmasdan xursand?

Oqshom yaqin, lekin qo‘rqmagin, ey qiz,
Seni o‘rab olay yomg‘irpo‘shimga
Oy tuman ichida yulduzlar mij-mij,
Ularning bittasi yoqar hushimga.

Qalbimga ishonmay, mayli, maylimi?
Nigohim, hayajon, so‘zimni tushun,
Qaynoq bo‘salarim tushun maylini,
Sen shoshqin qizgina, o‘zimni tushun.

* * *

Biz ikov borardik xachirga minib,
Bir tekis va quvnab borardi xachir.
Indamay xiyobon ichra biz kirib
Borganda tovlanar edi nur bir-bir.

Qorong‘u xiyobon yorishdi nurdan,
Chiroq zulumotga aytdi alvido.
Yondilar nur sochib chiroqlar birdan,
Biz ikov soyalar qo‘ynida ammo.

Qo‘rqmangiz ey xonim! Men borman bu choq
Xonimning qo‘lini oldim qo‘limga.
Lablarim qo‘ygancha uzoq va uzoq
Bo‘sa oldim qarab hisli ko‘nglimga.

* * *

Abadiy baxtimiz orasi bilsang
Tugamas bo‘shliqlar, bizgamas bog‘liq.
Qasam ichma menga, bo‘lmagin diltang,
Sodiqliging sening maqtovga loyiq.

Men seni sevaman va erkalayman,
Sochlaring ajoyib, sochlaring qilvir.
Ko‘zlaringda ishonch! Deymanki chindan:
O‘zga yor kerakmas etguvchi dilgir.

Yolg‘on so‘z na hojat? So‘zlaylik burro,
Kerakmikan bizga mag‘rur kekkaymoq?
Abadiy baxtimiz orasi aslo
Tugamas bo‘shliqdir uzundan-uzoq.

* * *

Qimir etmay turdim men uzoq,
Yulduzlarga tikilib zorday.
Mening bilan yulduzlar aro,
Qandaydir bir aloqa borday.

Nimanidir o‘yladim – bilmam.
Eshitildi sirli bir qo‘shiq
Va yulduzlar titradi bir-bir,
Yulduzlarga oshiqman, oshiq.

* * *

Gulchambaring g‘oyat muattar,
Unda butun gullar mujassam;
Kokillaring go‘zal juda ham,
Gulchambaring g‘oyat muattar.

Gulchambaring g‘oyat muattar,
Qamashtirar ko‘zlarni g‘oyat:
Sevmasliging mumkinmas faqat,
Gulchambaring g‘oyat muattar.

Gulchambaring g‘oyat muattar!
Baxtga ko‘ngil juda ham moyil,
Yonginamda qo‘shig‘ing aytgil,
Gulchambaring g‘oyat muattar.

* * *

Ko‘l uyquda, qora o‘rmon jim,
Suv parisi chiqar beparvo.
Osmonda Oy oqqushday jim-jim,
Aksi berar suvlarga oro.

Baliqchilar ketdi uyquga,
Oppoq yelkan silkinmas hamon.
Goh-goh baliq o‘xshab ko‘zguga,
Yaltiraydi ko‘l uzra bu on.

Eshitilar sharpa ovozi,
Tun sukutin buzgan sarsari.
Buzmasa ham bulbul navosi,
O‘ynasinlar suv parilari.

BAHOR

Sambittollar momiq tus oldi,
Hammayoqda gul-gul sambittol:
Yana bahor muattar bo‘ldi,
Quloch yoydi quvnoq va xushhol.

Oq bulutlar suzar osuda,
Hammayoqda iliqlik hokim
Va ko‘ngilga singishib tezda,
Elitadi uyqular muqim.

Hammayoqda rang turfa-tuman,
Ko‘z quvonar boqqaning sayin.
Bayram qilar odamlar xursand,
Hammayoqda xursandlik, sayil.

Hammayoqda ming-ming bolalar.
Ne bo‘lgani emasdir ravshan.
Salomlashar, yo‘qdir nolalar,
Yoqilganday muborak gulxan.

Go‘yo hayot negadir chanqoq,
Hayot to‘liq istamasang ham.
Har bir yurak ichida chaqnoq
Kezib yurar kutilgan ko‘klam.

* * *

Kuz naqadar sovuqdir, ammo
Mumkin qadar issiqroq kiyin,
Qarag‘aylar ustida go‘yo
Yong‘in yonar, o‘chirmoq qiyin.

Shimol tunin yog‘dusi, jonon,
Har qachon ham senga yaqinroq.
Nur sochmoqda ko‘zlar nurafshon,
Ular meni istamas biroq.

* * *

Qalb urishi, lablar nafasi,
Bulbul navosi,
Kumush rangli suv hafsalasi
Jilg‘a jilosi.

Tun yorug‘i tungi sharpalar,
Uzluksiz soya;
O‘zgarishlar sehri qanchalar,
Poyama-poya.

Atirgulning yarqirashlari,
So‘zsiz imolar.
Bo‘salar va ko‘z yoshlari,
Tonggi ibolar.

OHANG

Qandaydir tovushlar yangraydi,
Yostig‘im, qulog‘im qoshida.
Firoqdan dalolat beradi.
Titraydi sevgi-la oshufta.

Oy, yillar o‘tdi-ku! Ko‘p zamon
Hislarga berilmas edi dil…
Endi qalb dard ila andarmon,
Yozilmas undagi dard chigil.

Menimcha ne bo‘ldi? Yangradi
Oxirgi erkalash ohangi.
Ko‘chada chang-to‘zon to‘zg‘idi,
Arava g‘irillab o‘tgandi.

Firoqning ohangi oshufta,
Behuda hazilga moyil ishq.
Yostig‘im, qulog‘im qoshida
Qandaydir tovushlar to‘lar liq.

ChO‘LDAGI OQShOM

Bulutlar qizarib turar osmonda.
Dalalar shudringdan erka va go‘zal.
So‘nggi aravakash oshib dovondan
Yo‘qoldi chang-to‘zon ko‘tarib bu gal.

Hech yerda ko‘rinmas boshpana, ayvon,
Olisda na bir cho‘g‘ va na qo‘shiq bor.
Hammayoq dengizday so‘ngsiz, bepoyon
Javdarzor to‘lg‘onar kuylab beozor.

Bulutlar ortidan oy boqib arang,
Xiraroq nur sochar kunduz kungiday.
Qaydadir bir qo‘ng‘iz g‘ing‘illar tajang,
Yovvoyi kuch uchdi qanot silkitmay.

Ekinzor dalalar tilla tuslarda
Sayradi bedana kayflari xushday.
Tinglayman, shabnamlik dala-tuzlarda
Sayraydi qushchalar yarim tovushda.

Sinchkov ko‘z aldanar nim qorong‘uda.
Kechqurungi salqin tushmoqda bu dam.
Yarqirar oymoma, yulduzlar ko‘kda
Daryoday yarqirar kahkashon yo‘l ham.

JO‘KA TAGIDA

Jo‘ka osti maqtovga loyiq,
Jazirama yetmas bu tomon.
Boshim uzra osilgan yoyiq
Elpig‘ichlar yelpir har zamon.

Uzoqlarda issiq va sarob,
Mudraganday tuyular hayot.
Jazirama u yerda serob,
Chigirtkalar sayrashar, hayhot…

Moviylanar osmon bir pasda,
Tutun misol ko‘rinar osmon.
Bulutlar ham surilar asta,
Xayolingda jamlangansimon.

XONANDA XONIMGA

Qalbimni olib ket uzoq-uzoqqa,
Chakalak ortida qolgan firoqqa.
Ushbu ovoz, qaynoq ko‘z yosh ustiga
Nur sochib muhabbat yarar husniga.

Ko‘rinmas mavjlarni oralab har on,
Xonishing sehriga mast bo‘lmoq oson.
Suvlarning kumushrang mavjlarida naq
Yuksakka suzaman oqqushday mutloq.

Uzoqqa taralar ovozing — ohang,
Go‘yoki tun ketib kelgandayin tong.
Go‘yo qaydandir kelganday ovoz
Ohangdor bir ovoz, javohirday soz.

Qalbimni olib ket uzoq-uzoqqa
Chakalak ortida qolgan firoqqa.
Tushaman kumushrang mavjlarda yo‘lga,
Go‘yoki lipillab turgan bir ko‘lka.

Aziz Abdurazzoq tarjimalari.

* * *

Bugun ko‘kda yulduz ko‘p yorqin,
Havo rang olovlar porlaydi.
Sen  yonimdan jimgina o‘tding,
Nigohlaring meni ko‘rmaydi.

Nega bezovtasan, ey yurak,
Hayiqqaning sezdi-ku ko‘ksim?
Sovuq tanda bu issiq urmoq
Yuzga berdi tongning nafasin.

Tun bo‘yi kuzatdim milt-miltni,
Porlashlar yorug‘roq va mayin.
Sukunat – cho‘g‘, junjitar etni,
Sehrlanar bilganim sayin.

* * *

To‘lqin-to‘lqin bulut oqar,
Uzoqlarda to‘zon turar.
Otlimi yo piyodami
Bari changga botib borar?

Ana uchar bir chavandoz,
Abjir otda, epchil otda.
Hey, olisda qolgan do‘stim,
Meni ham goh olgin yodga.

* * *

Bog‘ nur ichra
Kech olovda
Ko‘nglim yorishgan – xushvaqtman har holda.

Mana turibman,
Mana yuribman,
Go‘yo bir sirli xabarni kutgan bo‘lib man.

Bu tong,
Bu ko‘klam
Aqling-ku yetmaydi, lek, toza, ko‘rkam.

Baxt butunmi,
Rostmi yig‘larim,
Sen – mening baraka, rohat sirlarim?!

* * *

Sevaman ko‘p narsalarni
Yurakka yaqin olgan,
Faqat
Goh-gohida sevaman.

Eng avvalo,
Ko‘rfazdan o‘tishni.
Shunchaki,
Eshkakning
Xushohang maromin unutib,
Bichirlagan ko‘piklar ko‘pchishin,
Ortga qarab-qarab qo‘yishni –
Kuzatishni –
Ancha uzoq ketdimmi,
Yana qancha qoldi manzilga,
Ko‘rinarmi miltillagan shu’lalar?

Ba’zan,
Kichik-kichik orolchalarda
Ko‘zga tashlanib qolar
Hayallagan baliqchilar yog‘dusi,
Menga doim yaqin tuyular
Birgina afzallik.
Qizil ko‘zli quyon sevganday,
Maftunkor oqqushlar har bahor
Parvoz qilar bo‘ynini cho‘zib,
Qanotlarin kerishib,
Aylanib qo‘nishar sokin suv uzra.

Jar boshida qisilib,
Shoxlarini tarab, yuvib,
Yirik bargli qayin o‘smoqda,
Bu makonda
Azal-azaldan yashab kelar bulbul.
U har tong kuylar,
Ba’zan-ba’zan tunda ham,
Qachonki,
Oy hiylakor
Kumush nurin
Barglarga,
To‘lqinlarga yoyganda,
Jim turolmas,
Kuylayverar
Balandroq, balandroq.

Shunda,
G‘alati fikrlar kelar aqlimga:
Nimadir bu –
Hayotmi, tush?
Baxtlimanmi
Yoki bu aldov?
Jimlik,
Jimlikdan javob yo‘q.
Nenidir shivirlar
Ortda qolgan mayda to‘lqinlar.

Yo‘l bosildi,
Eshkaklar miq etmas,
Tip-tiniq osmonda
Charaqlashni boshlar yulduzlar.

* * *

Joyimdan jilmasdan men uzoq turdim,
Olis yulduzlardan uzolmadim ko‘z.
Men va yulduzlar. O‘rtamizda xayolot yurdi,
Qandaydir bog‘liqlik ko‘rsatganday yuz.

O‘ylayman. Unutaman o‘ylarim.
Bir sirli jo‘r ovozlarni tingladim
Va keyin yulduzlar titray boshladi,
Shu ondan ularni sevdim – bilganim.

* * *

Kutaman, olaman ko‘z tashlab,
Intizor o‘tirib so‘qmoqda.
Kelarsan, shu bog‘dan yo‘l boshlab,
Va’dang bor, intiqman kutmoqqa.

O‘zicha chivin ham ming‘illar,
Yaproqcha uzilar va tushar.
Tovushlar kengayar, ulg‘ayar,
Tungi gullar kabi u yashnar.

Xuddi, torni uzib yuborar
Qarag‘ayga otilgan qo‘ng‘iz,
Bo‘g‘ilib sherigin chaqirar
Qiziloyoq qo‘narkan shu kez.

Sokin o‘rmon ko‘lankasida
Uxlayapti yosh-yosh butalar.
Ko‘klam hidin tarar osuda,
Sen kelayapsan, oh, go‘zal dilbar!

* * *

Oy hovurimni bosar
Jazirama kundan so‘ng –
Ko‘ksimda gul barg yozar
Omadim kelgani o‘ng.

Bu qanday baxtdir – sevdim,
Shu gulga menman posbon.
Xursandmanki, men seni
Birovga bildirmasman.

Ko‘rmaysanmi, shoshaman
Xira tortgan ul boqqa.
Va har yerda jo‘shaman
Bo‘y taratib dimoqqa.

* * *

Uxlamagin, kun chiqar, qara,
Keldim bir juft atirgul birla.
Shabnam – kumush ko‘zyoshlar aro
Porlab, orom beradi nurlar.

Ko‘klam chog‘i, chaqin-chaqmoqlar,
Sof havo, ilk yaproq, tugunlar.
Jimgina ko‘zyoshi to‘kmoqda
Yoqimli bo‘y  taratgan gullar.

Rus tilidan Rauf Subhon tarjimalari

* * *

O, ajoyib manzara,
Qandayin diltortar joy:
Bu oppoq tekisliklar,
Bamisli to‘lishgan oy.

Yuksak osmon rangida,
Yaltirar qorlar titroq.
Chanada olislarga
Ketgim keladi yiroq.

* * *

F.I.Tyutchevga

Bahor o‘tgan – qoraygan o‘rmon,
Ma’yus anhor, xafaqon tollar;
Quyoshdan-da balandda osmon,
Shamol so‘rab ingrar nihollar.

Yalanglikda u tanish omoch,
Kutar ega, sabotli mehnat;
Qatqaloqda otgancha quloch,
Ot va ko‘ngil etar itoat.

Ammo bir kun bu xilvatgohda
Uyg‘otadi kuychi bahorni;
Qo‘shiqlarin yoyib atrofga,
Kuylatadi tunda anhorni.

Qanday shirin: kamtar, zahmatkash,
Tingla, bahor – chorlaydi sozi!
Tabassum-la boq unga yakkash,
Bulbuldan-da tiniq ovozi!

* * *

O‘zni olib qochma; taqdirga ko‘ngil
Va g‘ussa dog‘ini etgil ixtiyor.
Endi ko‘z yoshlarin yashirmas ko‘ngil,
Endi sevaman deb aytmassan takror.
Daryo yuzidagi to‘lqin singari
Ketding olislarga bedarak va jim.
Bunda-chi, men seni o‘pganim kabi
Sovuq qabrtoshni o‘padi o‘lim!

TUTQUN

Qichitqio‘t shovqini
Derazamning ostida;
Yashil tollar chodiri
Egilgan bo‘y-bastiga.

Shodlantirar qayiqlar,
Olislarda ko‘m-ko‘klik;
Oh, bu temir yoyiqlar,
Biz uchun ular yo‘qlik.

Tokay bu qayg‘u izni,
O, qani uxlab qolsang;
Erkinlik va dengizni
Tushlaringda ko‘rolsang.

Yo‘qol, ey, qalbdan, hadik,
Ayt, tokay g‘am chekamiz;
Qo‘llar misli arradek,
Panjarani kesamiz.

KO‘KLAM YoMG‘IRI

Derazamdan quyoshning zarrin
Zar kokilin qirqdi abrlar…
Gala chumchuq silkib qanotin
Cho‘milishib qumda dirillar.

Parda tortig‘ yerga osmondan,
Tebratar yel qir-qiyasini;
Yomg‘ir go‘yo oltin to‘zondan,
Tikar o‘rmon hoshiyasini.

Tomchilari sachrab oynaga,
Nishlar boshlar kurtakni yora;
Xushbo‘y tortgan bog‘ etagida
Arg‘uvonlar chalar nog‘ora.

* * *

Yulduzlarga tikilgan ko‘yi,
Men dong qotdim, o‘tdi ancha vaqt,
Yulduzlar va mening o‘rtamni
Bog‘lamishdi allanechuk ahd.

Men tushunmay nelar o‘yladim,
Yulduzlar-la jo‘r bo‘ldim beun
Va o‘rgandim axiyri titrab,
Yulduzlardek sevishni har on…

* * *

Taqiqlangan senga, dildora,
Menga yaqin kelmog‘ing bu chog‘;
Taqiqlangan izhor dil qilmoq,
Taqiqlangan sevmoq oshkora.

Lekin bunga yo‘q aslo chora,
Taqiqlamoq mumkinmas axir;
Barqanot kuy kabi baribir
Ishq-muhabbat doim oshkora.

* * *

Etakdagi o‘rmon shabbasi
Qoplanganda tim yashillikka
O‘ynoqi jarqaldirg‘ochlarning
Sho‘ng‘ishini ko‘rardik ko‘kda.

Taralardi yodgor kunlardan
Xushbo‘ylikning totli nafasi;
Aylanardi ekinzorlarda
Erkinlikning ajib havosi.

Va qushlarning orom qo‘shig‘in
O‘chirardi bir payt kelib shom.
Nurga cho‘mib ko‘z o‘ngimizdan
Lip-lip etib o‘tardi oqshom.

* * *

Qishki oqshomlarning yaltirashi bor,
Bor shiddat, bemisl go‘zalliklari;
Qorlarning ostida uxlaydi qator
Yobonlar, makonlar, o‘rmonlar – bari.

Endi yoz tunining ko‘lankalarin
Kechalar vahmli shovullashi yo‘q.
Borliqda ko‘tarib hukmron barin,
Bulutsiz osmonning lovullashi yo‘q.

Uyg‘otmoq istamam men-da behuda,
Bu atrof osuda uyquda bu dam;
Nazar sol, azizam, bu xush uyquga,
Bizni uyqusida tush ko‘rar olam.

* * *

Ofeliyaga

Sen qanday malaksan ko‘kda osuda
Yog‘du taratganday jim va otashin;
Ibodat qilasan mungli qayg‘uda,
O‘zing uchun hamda yana men uchun.

Biroq tillaringda aylanmaydi, yo‘q,
“Sevaman” kalomi – haroratsiz muz.
Ko‘pdan gumonlarga qilgancha qulluq,
Yuragingda qanot qoqar sovuq kuz.

* * *

Derazamning ro‘parasida
G‘ussa dog‘in tortar bir qayin.
Sovuq ayoz xarxashasiga
Jim, bemajol bergancha ra’yin.

Qanday mungli: bir shingil uzum
Osilgancha turar butoqda;
Sen nazzora qilgil, azizam,
Motam tutgan ular bu chog‘da.

Lekin tongning shafag‘i yongan,
Suygum tonggi bu jilvalarni;
Ammo menga achinmay qushlar
Qoqib tashlar butoqchalarni.

* * *

O‘lik dengiz, qoraygan o‘rmon,
Yuzib chiqqan oq suv parisi.
Oqqush kabi ko‘k yuzida oy,
Alahsigan rutubat tusi.

Uyqudagi baliqchilarning
Shu’lalangan bo‘z yelkanlari.
Shaloplatar qamishzorlarni
Zog‘orabaliqning tanlari.

Jim ham sokin atrof-tevarak
Kuylar faqat oqshomning rozi.
Maysazorda suv parilarin
Tebratadi bulbul ovozi…

* * *

Bu erta tong, shodlik bu,
Bu kun taratgan yog‘du,
Bu ko‘klamgi shovullash,
Bu ketma-ket qichqiriq,
Bu qo‘nimgoh – qushlar liq,
Bu jilg‘a va shildirash.

Bu tol-qayin – sirdoshlar,
Bu tomchilar – ko‘z yoshlar,
Bu yumshoq par – barg emas,
Bu tog‘lar, bu vodiylar,
Bu pashsha-bolarilar,
Bu hushtak tovshi elas.

Bu og‘magan nur-shafaq,
Bu uxlagan qishloq naq,
Bu tush ko‘rmagan nahor,
Bu g‘ubor, bu issiq joy,
Bu sadolar, hoynahoy,
Bu – bas, hammasi – bahor.

Sherzod Komil Xalil tarjimasi

* * *

Qalin tumanlardan iymanib chunon,
Jonajon qishlog‘im bekindi, inon.
Bahorgi quyoshning tafti qadrdon,
Shamol tumanlarni haydadi, hayhot.

Darbadar kezish ham jonga tegdi ko‘p,
Bepoyon zaminu dengiz ham unut.
Osmonim qopladi qop-qora bulut,
Vatanim ustida yig‘lash-chun ozod.

* * *

Shovqinga inonma, dabdabaga o‘ch
Rahmsiz olomon inongandek hech.
Shaffof dunyosisan uning-da, voz kech,
Irg‘itu u haqda qayg‘urma, abad.

Zig‘ircha ishonma, shuldir o‘tinchim,
Shovqinu dabdaba, rohat o‘tkinchi.
Yolg‘iz sening dunyong beg‘ubor, inju,
Unga qadrlidir shunisi faqat.

* * *

Go‘zallikdan iborat dunyo,
Ulkanlikdan zarraga qadar.
Behudaga intilyapsan,o,
Ibtidosin topmay muqarrar.

Kun yo asr ma’nosi nadir,
Cheksizmidi to bungacha – sir.
Garchi inson abadiy emas,
Abadiydir insoniylik, bas!

* * *

Bu tong – quvonch lazzati,
Kun va tunning quvvati.
Bu zangor gumbaz tiniq,
Bu qichqiriq ne hushlar,
Bu to‘da-yu, bu qushlar,
Suvlar shovuri iliq.

Bu tollaru qayinlar,
Bu tomchilar, ko‘z yoshlar.
Bu patlar ham barg emas,
Bu vodiylar, bu tog‘lar,
Bu daryolar, bu bog‘lar,
Bu chinqiriq tark etmas.

Bu subhidam sharpasi
Tungi qishloq nafasi,
Uyqusiz tun ham bedor.
Bu taqur-tuqur ovoz,
Qushlar sayrog‘iga xos,
Buning barchasi – Bahor.

* * *

Ajib bir surat,
Tug‘ishganday baxt .
Oq tekislik bor,
To‘lin oyga yor.

Oy nuridan-da,
Qorda porlar iz –
Olisda chana,
Uchadi yolg‘iz.

MAY TUNI

Uchayotgan bulut so‘nggi bor,
To‘planarkan boshimiz uzra,
Va hilolning qoshida nochor,
Yumshoq erib ketar ohista.

Hukm surar bahoriy afsun,
Naq manglayda yulduzlar bilan.
Sen dilbarsan! Tolesan men-chun,
Behalovat zamindagi shan.

Baxt qayerda? Qashshoqlikka shon,
Xuddi tutun – neni quchamiz.
Ha abadiy uning ortidan
Havo yo‘li bilan uchamiz.

* * *

Derazamning oldida qayin,
Tikiladi g‘amgin va o‘sal.
Injiq ayoz quvshirgan sayin,
Ko‘rkamlashar yanada – go‘zal!

Xuddi uzum boshlari misol,
Osilgandir shoxlari – ozg‘in.
Nigoh uchun quvonchli timsol,
Kiygan tag‘in motam libosin.

Tong shafag‘in tovlanishin xo‘b,
Yoqtiraman, kuzatgum uni.
Afsusdaman. Qushlar gar qoqib
Yuborsalar shoxlar ko‘rkini.

* * *

To‘lqinsimon bulutlar bilan,
Ko‘tarildi uzoqdan to‘zon.
Otliq yoki piyodamikan,
Ko‘rib bo‘lmas chang ichra shu on.

Irg‘ib kelar allakim, ko‘rdim,
Abjir otning ustida xushhol.
Olisdagi qadrdon do‘stim,
Men haqimda o‘yla, esga ol!

* * *

Salomim aytgali yoningga keldim,
Quyosh balqqanini eslatmoq uchun.
Uning qaynoq nuri barglar uzra jim
Titradi yiltirab, ko‘rsatib kuchin.

O‘rmon uyg‘onganin aytmoqlik uchun,
Navdalarda ko‘klam bo‘y cho‘zganin ham.
Har bir qush patlarin qoqishdi beun,
Bahor asirida tashnahol, bardam.

Ishtiyoqim butkul so‘ylamoq uchun,
Xuddi kechagidek yoningga keldim,
Qalbim baxtli ondan yashnadi butun,
Senga xizmat qilmoq shavqiga to‘ldim.

Xushxabar yog‘ilsin, mayli to‘rt yoqdan,
Ko‘nglimni yoritsin quvnoq kayfiyat.
O‘zimku bilmayman bu surur nedan,
Hayot, kuylamoqdan ayirma faqat.

* * *

Qanday kecha! Havo musaffo,
Kumush tusda barglar mudrar, o.

Sohilda-chi tollar tarar soch,
Uxlar ko‘rfaz betashvish, yuvosh.

Tinim bilmas hech qayda to‘lqin,
Jimjitlikdan bag‘ri olib tin.

Tun yog‘dusi sen kabi chorlar,
Qora soya oqarib porlar.

O‘t-o‘lanlar ifori mayin,
Tiniq tortar aql dam sayin.

Yurak istar, ehtirosdanmas,
Sof havodan nafas olsa, bas.

TUTQUN

Deraza ostida,
Guvillar xushhol,
Osilib turgancha
Chodirsimon tol.

Olislarda qalqar,
Quvnoq qayiqlar.
Temir panjaralar
G‘ijirin uqar.

Bag‘rida uxlardi,
Qayg‘ular bir dog‘.
Dengizni yo‘qlardi,
Ozodlik har chog‘.

Tug‘yon solganda ruh,
Zerikish so‘nar.
Quloqlar tinglardi,
Charxlasa qo‘llar.

* * *

Men senga hech narsa demayman,
Bezovta ham qilmasman bir bor.
Jimman, uning g‘amin yemayman,
Shama uchun menda yo‘q qaror.

Tungi gullar uxlar kun bo‘yi,
Quyosh kezar daraxtzor aro.
Nishlamoqlik kurtaklar o‘yi,
Eshitaman qalb gullashin, o.

Xasta ko‘ngil qiladir ado,
Sovuq rutubatdan titrayman.
Bezovtaku qilmasman aslo,
Men senga hech narsa demayman.

* * *

Ulardan o‘rganing – eman, qayindan,
Chor-atrof qahraton, qahri qattiq zil.
Behuda sovqotib ko‘z yoshlar to‘ngan,
Qobig‘i darz ketib junjikar butkul.

Izg‘irin kuchayar daqiqa sayin,
Iddao-la so‘nggi barglar uzilar.
Yurak-chun qish qahri ortadi tayin,
Jim tur, axir sen ham. Jimdir daraxtlar!

Lek bahorga ishon – ko‘klam dahosi,
Hayot nafasi-la zavq tutar rosti.
Porloq kunlar uchun ko‘targanda jom,
Ko‘ngil xastalikdan qutilar tamom.

* * *

Yozgi ekinzorda javdarlar pishdi,
Tillo jarangini tutar boshoqlar.
Injiq shamol esa zarlanib quchdi,
Jilovlandi go‘yo yiroq-yiroqlar.

Oy ojiz termilar topolmay jur’at,
Hayronu lol kunning to‘lmaganidan.
Biroq uzun kecha kengaygan fursat,
Quchog‘ini yozdi kun ham yayrab – sha’n.

Bepoyon javdarzor ustida giryon
Kun botar, kun chiqish orasida jim,
Oniy lahzada ko‘z qisarkan osmon,
Diydasi to‘lishib sochar quvonchin.

KEChA

Yangradi tinch daryo ustida,
Jarangladi o‘tzorda chaqnoq.
G‘uldiradi daraxtzoraro,
Yolqinlandi narigi qirg‘oq.

Huv olisda, g‘ira-shirada,
Mashriq tomon jilmoqda daryo.
Jig‘alari rangin porlab-da,
Bulut tutun bo‘lib o‘rlar, o.

Do‘ngliklarda goh nam, goh otash,
Kun tafti bor tun nafasida.
Ko‘k va yashil alanga talash,
Yonayotgan oy shu’lasida.

QARAG‘AYLAR

Bokira zaranglar, mungli qayinlar
Orasida manman qarag‘aylar yo‘q.
Jo‘shqinlik hissini uyg‘otar ular,
Hushyor boqishiga chidab bo‘lmas, o‘h.

Atrofin o‘ragan qo‘shnilari jim,
Na titrashni bilar, na olar nafas.
Hatto bahorda ham shodlanmas bir zum,
Qishning qahratonin eslatar, abas.

O‘rmon to‘kkanida so‘nggi barglarin,
Bahor uyg‘onishin kutishga tushar.
O‘zga avlodlarni cho‘chitib barin,
Sovuq go‘zalligi bilan qolishar.

* * *

Porloq kunni kuting ertaga,
Qaldirg‘ochlar chug‘urlashar soz.
Alanganing alvon yo‘lida,
Shaffof shafaq yorishar bexos.

Ko‘rfaz uzra mudrar kemalar,
Hilpiraydi mitti tug‘i ham.
Olis samo sari umtilar,
Hadsiz dengiz ungadir hamdam.

Ojiz soya bostirar shunday,
Yorug‘lik ham chekinar tayin.
Kun o‘tdiku demaysan bunday,
Kech tushdi deb aytmaysan tag‘in.

* * *

Qaldirg‘ochlar ko‘zga tashlanmas,
Shomgi shafaq ollanar, biroq.
Go‘ngqarg‘alar uchishdi chuvvos,
Xuddi to‘rdek ko‘rinib elas,
Tog‘ bag‘rida charx urib bu choq.

Oqshomdan-da atrof uyquda,
Hovli ichra qorong‘ulik yov.
Quruq barglar uchar ohista,
Shomda shamol quturib juda,
Derazani qoqdi beayov.

Bundan ko‘ra esib qorbo‘ron,
Shodlantirar ro‘baru kelsa.
Cho‘chigandek har ne sharpadan,
Jar solishib janubga tomon,
Uchmoqdadir turnalar esa.

O‘rningni-da tark etsang shu dam,
O‘krab-o‘krab yig‘lasang to‘lib.
Maydon ichra qaraysan beg‘am,
Boshpanasiz ey yolg‘iz odam,
Xuddi to‘pdek sakrab va kulib.

* * *

Ko‘z ilg‘amas g‘azotlar bilan,
Va ko‘rinmas qanotlar bilan.
Olib keldi Shimolga otash.
Borgan sari yorqinlashdi kun.
Daraxtlar-la sayr etmoq uchun,
Olib chiqdi o‘rmonga quyosh.

Ufq uzra shafaqlar alvon,
Nafislanib bo‘ldi namoyon.
Qoplangandir qor bilan har yon,
O‘rmon esa pinakda hamon.
Har notada yangraydi inonch,
Jo‘shqinligu qanotli quvonch.

Yalanglikda ekinzor qator,
Dengiz kabi yastanib yotar,
Po‘lat ko‘zgu misol nurafshon,
Daryo uning qoq o‘rtasida,
Muz parchalar o‘ynar osuda,
Gala- gala oqqushlarsimon.

* * *

Naqadar qashshoqdir afsus bizning til!
Do‘stu yovga aytib bo‘lmaydi savil.
Shaffof to‘lqin bo‘lib qilar g‘alayon,
Qalbning mangu azob chekishi abas,
Ulug‘ dahosiga bo‘ysungaydir bas.
Beshafqat yolg‘ondan muqaddam, inon.

Shoir senda erkin so‘z ovozi bor,
Po‘latdek mustahkam, guldek fusunkor.
Anglab bo‘lmas giyoh hididek harchand,
Uchar bulut aro Zuhal burguti,
Ko‘rimsiz vodiyni tark etib butkul,
Chaqmoq guldastasin ko‘tarib baland.

KAMIN OLDIDA

So‘na boshlagach cho‘g‘ qorong‘ulikda,
Kulrang tusga kirar qizil kamalak.
Shunday hilpiraydi qizg‘aldoqlar va
Qanotlari bilan moviy kapalak.

Turnaqator rangin ko‘zlari ila
Jalb etar baliqning horg‘in nigohi.
Tushunarsiz yuzu nursiz qiyofa,
Ko‘kimtir kul ichra tikilur gohi.

Eski qadrdondek erkalar shu dam,
Unutilgan baxtu qayg‘u sarsari.
Kerakmas deydiyu aldaydi qalb ham,
Afsus, qayg‘ulidir ularning bari.

* * *

Quyuq jo‘kaning osti naqadar salqin erur,
Jazirama oyog‘i bu yerga yetmagan, hey.
Xushbo‘y yelpig‘ichsimon tebranadi begidir,
Ming-minglab yaproqlar-da, tepamda osilgan ko‘y.

Olisda kuydirguvchi havo chaqnaydi nuqul,
Dam tebranar, dam mudrar kengliklarning xushsozi.
O‘tkir-quruq uyquni quvadi yeldek butkul,
Chigirtkalarning sho‘x jaranglagan ovozi.

Shoxu shabbalar aro moviylashdi keng osmon,
Xuddiki yengilgina tutun qoplagan misol.
Uxlayotgan tabiat orzu-umidisimon,
Qat-qat bulutlar o‘tar, tomchilari-da zilol.

ASALARILAR

Ruhsizliklar aro bo‘laman g‘oyib,
Tanholikda hayot kechirish qiyin.
Yurak g‘ash, ko‘rinar dunyo torayib,
Har nastarin xushbo‘y guliga ajib,
Asalari qo‘nib boshlaydi kuyin.

Toza maydon aro imkon bor, axir,
O‘rmonda qolaman tamom yo‘qolib.
Erkinlikda qadam tashlash ko‘p og‘ir,
Yurak injiqlanib tobora og‘rir,
Ko‘ksimda naq toshni yuribman olib.

Yo‘q shoshma! G‘am-g‘ussa, nechun anduhlar,
Bunda xayrlashaman. Shumurt-chi uxlar.
Evoh yana paydo asalarilar!
Sira tushunmadim, nedirlar ular,
Hamon qulog‘imda jaranglar gullar.

QISh OSMONI…

Qish osmoni chaqnab yulduzlar ila,
Xayolchan nurlarin o‘ynasa sochib.
Ko‘z oldimda siymong oyday qalqar-da,
Nurdan yaralganday porlaydi ajib.

Hurliqodek yengil kelayapsan uchib,
Iltijo qilaman izlaringga, oh.
Qalbim muhabbatni olarkan quchib,
Biroq o‘sha yorqin izlar yo‘q, evoh.

Husningdan qush kabi uchardim rosti,
Yulduzlar charaqlab, mayli, to‘ksin zar.
O‘ynoqi nurlarning mavjli jilosi,
Tungi g‘uborlarda chatnab aks etar.

XAYoL

Biz yolg‘izmiz; bog‘dan deraza tomon,
Oy shu’la sochmoqda… shamimiz benur.
Sening itoatkor sochlaring ayon,
Nozik yelkang quchib, to‘lg‘onar masrur.

Nechun sukutdamiz? Yo istibdod – ul
Shohlikning maydagi sokin tunimi?
Yo shundan kuylarmi zavq bilan bulbul,
Atirgulni yoqqan zorli unimi?

Yo gullar ortida uyg‘ondi qushlar,
Shamol xas inlarin chayqatgan hamon.
Rashklangan yulduzlar titrab va xushlab,
Hamon yaqinlashib kelar biz tomon?

MENDAN UZOQLAShMA

Uzoqlashma mendan hech qachon,
Kel qadrdon, mening bilan qol.
Uzoqlashma bir lahza, bir on,
Sen borsanki, quvonch-g‘ussa – bol.

Bizdan ko‘ra, o, ular inoq,
Bir-biriga qaray olar tik.
Beg‘uboru tiyrak, kuchliroq,
Biz sevishni eplay olmadik.

Ko‘z oldimda bo‘lsang sen agar,
Ma’yus tortib boshim egaman.
Sensiz quvonch bol emas – zahar,
Uzoqlashma faqat sen mandan!

QOChMA…

Qochma, qochma, yolvormam bir bor,
Ko‘z yosh, dilda yashirin dard yo‘q.
Sevaman deb aytaman takror,
Qayg‘umda bo‘l sabru suyanchiq.

Sen tomonga yelday uchsam,o,
Asov daryo to‘lqini misol.
Sovuq toshni o‘pmoqlik – vido,
Bo‘sa olish, jon bermoq – iqbol!

* * *

Seni quvontirsa agar subhidam,
Xurofiy belgiga inonsang ro‘y-rost.
Lahzaga bo‘lsin-da seva turib ham,
Shoirga tuhfa qil atirgulni, bas.

Gar kimnidir sevib, tutsang havasdan,
Bir umrga yashash zavqini totgung.
Bilgilki, mehr-la she’rda topasan,
Abadiy muattar atirgulni so‘ng.

* * *

Qarang, kecha shunday zarrin va oydin,
Ko‘klam nafasidan tuygung g‘oliblik.
Oh, qadrdon do‘stim yodga solmagin,
Jur’atsizu g‘arib sevgimizni, lek.

Samoga yoygancha xushbo‘y hidin, oh,
Nafas olib nafas chiqarmoqda yer.
Qoq osmonda mangu o‘chmasdek shafaq,
Sokin ko‘rfaz uzra akslanayotir.

Qani ayt, bu yerda baxtlimizmi biz?
Qanday uyalmayin o‘ylash mumkin-a?
Yorqin nurda mavjud go‘zallik so‘zsiz,
Buning barchasiga bermok kerak tan!

* * *

Hali yorug‘ deraza oldi,
Quyosh chiqqan bulutni yorib.
Qushcha qanotlari ila jim,
Qumga ag‘nab, titrardi horib.

To osmondan zaminga qadar,
Chayqaladi tutash darparda.
Go‘yo tilla o‘t-alangada,
O‘rmon cheti ko‘rinar ortda.

Yarqiradi oynada tomchi,
Muattar hid anqir jo‘kadan.
Va nimadir boqqa keldi jim,
Yaproqlarni shitirlatib – shan.

Rus tilidan O‘roz Haydar tarjimasi