Zaxariya Stanku (1902-1974)

Zaxariya Stanku (Zaharia Stancu) 1902 yil 7 oktyabrda tug‘ilgan. 1932 yilda Buxarest universitetining falsafa va filologiya fakultetini tugatgan. 1927 yilda nashr qilingan “Sodda qo‘shiqlar” ilk she’riy kitobi Ruminiya Yozuvchilar jamiyati (1949 yilda bu jamiyat Ruminiya Yozuvchilar uyushmasi tarkibiga kiritilib, Stanku uning birinchi raisi etib saylangan) mukofoti bilan taqdirlangan. U Ruminiya Davlat mukofoti (1954) va Gerder mukofoti (1971) bilan taqdirlangan. Stankuning “Sehrli maysa” (1941), “Tutunli yillar” (1944) “Oqqushlar qo‘shig‘i” (1973), “To‘lin oy qo‘shiqlari” (1974) kabi she’riy kitoblari nashr qilingan. Z.Stanku 1974 yil 5 dekabrda Buxarestda olamdan o‘tgan.

* * *

Qanday aziz edi o‘tgan kunlarim,
Biri ham qolmadi, ketdi-ku kuyib.
Kul qoldi ulardan, faqat, to‘kilib.
Shamol yeldi kunlar kulin sochgani,
Gullagan bog‘larga sochmoqqa uni.

Bilmadim tunlarning qanday kechganin,
Tunlar erib ketdi biri ham qolmay.
Erib ketdi tunlar qishning qoriday.
Er yorildi bexos va davomiga
Qoldirmay birin ham tortdi komiga.

Sevgim qanday edi, esimda ham yo‘q,
Balki shirin edi, ehtimol, achchiq,
Umr kabi uzoq, balki bir oqshom,
Qanotida olib uchib ketdi Vaqt.

Bilmam, qanday kechar o‘limim mening,
Beozor bo‘lmog‘in istardim uning.
Qattiq kutgan edim, nafratlangandim,
Uni chaqirgandim haydamoq uchun.
Uni chaqirgandim…

ILK XOTIRALAR

Qariyapman, biroq eslayman
Ona sutin achqimtil ta’min.
Tut daraxti uzra uzilib
Suzib yurgan bulut to‘plamin.

Qoqsuyak it iskalar meni,
Shamol tinmay ko‘zga separ qum.
Bunda ko‘rgan odamlar bari
Yalangoyoq yurar tunu kun.

Ko‘kka o‘rlar, ucholmas olov,
G‘azab sochar o‘choqda alvon.
Garchi eshik ochmasalar ham,
Kunduz va Tun bo‘lardi mehmon.

Sovuqlari olardi uzib,
Tun sovug‘i tishlardi meni.
Alam edi quyosh manguga
Ko‘k toqiga qoqilmagani.

SO‘RAMA, MENDAN SO‘RAMA

Quyosh so‘ramaydi, yaxshimanmi men yo yomonmi,
Har kuni men uchun nurini sochar.
Yulduz so‘ramaydi, yaxshimanmi men yo yomonmi,
Kechalar yog‘dular sochib yo‘l ochar.
Shamol so‘ramaydi mendan fazilatlarim,
Esish payti kelsa, esadi mayin
Va tinadi tinish vaqtida.
Yomg‘ir so‘ramaydi, men kim, qandayin,
Yog‘averar, yog‘ish mavsumi.
Gar charchasa to‘xtashi tayin.
Mening fazilatim so‘ramaydi qor,
Vaqti kelgan payti yog‘adi shitob,
Erib ketadi u, ko‘rinsa oftob.

Sen mendan so‘rama, yaxshimanmi yo men yomonmi,
So‘rama, yashashni xohlayman yo yo‘q,
Yashagim kelarmi yo yo‘q yashagim?

Mening sevgim qadimiy sevgi,
So‘ramagin, so‘rama mendan…

Rus tilidan Farog‘at Kamolova tarjimasi