Nikolay Labish (Nicolae Labiş) 1935 yil 2 dekabrda tug‘ilgan. Ilk she’rlari maktabda o‘qib yurgan kezlarida nashr qilingan. Hayotligida “Bug‘uning o‘limi” (1955) va “Havas debochasi” (1956) she’riy kitoblarini nashrga tayyorlagan. 1956 yilning 22 dekabrida Buxarest shahrida fojiali halok bo‘lgan.
TUMShUQ
Kuz sirg‘alar o‘rmon ustidan,
G‘oyib bo‘lar g‘ira-shirada.
Zamin uzra qapishgan tog‘lar
Xira tortar o‘sha sirada.
Jur’ati yo‘q, uvishib qolgan,
Tepamizda sekinlar gala.
Uzoq-yaqin xotiralarni
Qanotlari bilan varaqlab.
Men to‘xtayman daraxt yonida,
U yerda bor orzu surnayi.
O‘tar bo‘lsang, bir kuni, kuyi
Samolarga yetmog‘i tayin.
Biroq oqshom sirg‘alib tushar
Va zaminga urilar ekan,
Sanchiladi bizlarga chuqur
O‘tkir, sovuq tumshug‘i bilan…
BAYROQ
Men yarq etgan raqsni ko‘rdim,
Tom tagida, pastqam ovloqda.
Juda erkin, yovvoyi raqsni,
Osmon osti, kimsa yo‘q yoqda.
Ko‘rdim, qanday uchardi o‘ynab,
Ajib moviy olov sharlari.
Shaddod shamol qirmiz bayroqni
Uzib qochdi ko‘zimdan nari.
Yana ko‘rdim, tunuka tomdan
Shoshmaygina o‘tdi bir odam, –
Chatnab ketdi birdan chaqinlar,
So‘ngra yerga sho‘ng‘idi shu dam.
Dushmanlarcha shamol hushtagi
Va yog‘ilar yomg‘ir so‘rog‘i.
Lek bir odam osmon ostida
Qo‘ltiqlagan yurtning bayrog‘in.
U sehrgar emas, bilaman,
O‘zimizday yigit, u, o‘rtoq.
Shundan bayroq uning qo‘lida
Ko‘rinadi ko‘zga yaqinroq.
Yomg‘irli u samolarda-chi,
Guldir-guldir, g‘uv-g‘uv, tars-tursi.
Odamlarning yuziga qo‘ndi
Vatan bayrog‘ining yog‘dusi…
Rus tilidan Farog‘at Kamolova tarjimasi