Nikita Stenesku (Nichita Stănescu) 1933 yil 31 martda tug‘ilgan. 1957 yilda Buxarest universitetining filologiya fakultetini yakunlagan. Ilk she’rlari “Tribuna” adabiy jurnalida chop etilgan. Uning “Tuyg‘ularni his etib” (1964), “G‘amgin tuyg‘ular” (1966), “So‘z emas” (1969), “Ruminiya zamini” (1969), “Dilgir mumtoz ohanglarda” (1970), “Zamin belgilari” (1982) va boshqa kitoblari rumin mumtoz she’riyati xazinasidan joy olgan. Gerder (1975) va ko‘plab boshqa adabiy mukofotlar sovrindori. 1980 yili Nobel mukofotiga nomzodi qo‘yilgan. 1983 yil 13 dekabrda vafot etgan.
G‘AMGIN SEVGI QO‘ShIG‘I
Bir kuni, qachondir, juda ham erta
Hayot mening uchun topadi yakun.
Maysalar shimadi tuproq mazasin,
Oqib ketayotib tomirlarimdan,
Bechora yurakni sog‘inar qonim.
Biroq havo toza, sen-da begunoh,
G‘ururi sarbaland yosh dilimizning.
O‘lish vaqti kelar otlarning bir kun,
Temir stanoklar eskiydi hatto.
Vaqti kelsa quyar yomg‘irlar sharros,
Yaratgan iznida yo‘q zarra xato.
Jami ayol zoti sen kabi kerik,
Yana senga o‘xshab kiyinar ular.
Ulkan oqqush uchib keladi bir kun,
Surib tashlaydi u ko‘kdagi oyni.
ShE’RIYaT
She’riyat, bu – yig‘layotgan ko‘z,
U – yig‘layotgan yelka,
Yig‘layotgan yelkaning ko‘zi.
She’riyat – yig‘layotgan qo‘l,
Yig‘layotgan qo‘lning ko‘zi u.
U – yig‘layotgan tovon,
Yig‘layotgan tovonning ko‘zi.
O, do‘stlarim, siz,
Ko‘zyosh emas, she’riyatsiz,
Balki ichga yutilgan yig‘isiz,
Kashf etilmagan ko‘zning yig‘isi.
Go‘zal bo‘lishi kerak bo‘lgan,
Baxtli bo‘lishi kerak bo‘lgan
Ko‘zning ko‘z yoshi.
Rus tilidan Farog‘at Kamolova tarjimasi