Ion Aleksandru (1941-2000)

Ion Aleksandru (Ioan Alexandru; born Ion Șandor, dekabr 25, 1941, Ruminiya – sentyabr 16, 2000, Bonn, Germaniya) – rumin shoiri va siyosatchi.

URUShNING TUGAShI

I

Jon berardi urush tangrisi men tug‘ilgan kun,
Olatasir otishardi so‘nggi farmonlar.
Soyalariga o‘zlarini osishardi zambaraklar,
Uyimizda esa sovg‘a-salom ulashishardi.

— Halol xizmating uchun
avvalo seni taqdirlayman, —
dedi urush tangrisi otamga. —
Asl qarag‘aydan yo‘nilgan bu yog‘ochoyoq.
Ma, ol! Buyursin!
Xafa bo‘lma, olamdan o‘tsang,
O‘z jonzotlaridek og‘ushiga oladi seni o‘rmon.
Savodsizligi uchun
o‘ng qo‘lingni yelkangdan uzib
tuproqqa topshirdim, —
o‘rganib olsin-da yozish-chizishni!

— Ko‘rib qo‘y, Mariya, — dedi urush tangrisi onamga, —
otlarimni ko‘zyoshlaring bilan sug‘organing,
etigimni artib tursin, deb
ikki o‘g‘lingni
haqorat ostonasiga qoldirganing,
tungi kayfu safoim uchun
ikki qizni bo‘yga yetkazganing haqqi
Sochingga oq hadya etyapman,
hadya etyapman uyqusiz tunlaru
Huvillagan uyni…
Muborak bo‘lsin!

Senga esa, adrda yashovchi George Pyotr o‘g‘li,
Yo‘qotganing — bir juft qora ko‘zing evaziga
Mangu zulmat mulkin boricha
ixtiyoringga topshiraman.
Xotining bilan davru davron suringlar
o‘la-o‘lguncha!..

Qishloqqa atigi qirq nafar yetim,
O‘nta buzuq imorat (qolganlari vayron bo‘lgan!)
kunbotari tutab yotgan osmon,
jomsiz jomxona,
hu, qiyoda oyogidan osilgan yetti xotin,
qo‘shni hovlisida idrab yotgan
yigirmata ot murdasini qoldiraman.

Senga yangi chaqaloq, yaqindan tanishishga
ulgurmaganimiz uchun
sigirning sutsiz yelinini,
bog‘da kuyib ko‘mirga aylangan olxo‘rini,
quduqning so‘qir ko‘zini
qoldiryapman:
osmon seni yulduzlari bilan boqsin!

2

Dehqonlar urushning titrayotgan halqumiga
tikilib turishdi.
Ostona hatlayman, deb uning
gursillab yerga qulaganini ko‘rishdi.

Shamol bulutlarni sarosar quvgan
notinch bir kechada jon taslim qildi urush.
Tobut yasashdi unga erkaklar —
– Boloxonador so‘kishlardan.

Qiyalikda joy topilmaganligi uchun
Qishloq ahli mash’ala ko‘tarib
sudrab borishdi uni o‘rmon yoqasiga
va yoqib yuborishdi.

Shamol urushning kulini ko‘kka sovurdi!
Duoyibad qilib chiqishdi uni tun bo‘yi
G‘azabdan shatirlab daraxtlar.

Muhammad Rahmon tarjimasi