Ana Blandiana (1942)

Ana Blandiana (Ana Blandiana, Otilia Valeria Coman, 25 mart 1942, Timishoara) — rumin shoirasi, publitsist. Ana Blandiananing ilk she’rlari 1952 yildan she’rlari matbuotda chop etilgan. 1975–1977 yillarda Buxarestdagi Tasviriy san’at instituti kutubxonasida ishlagan. 1976 yildan boshlab shoira asarlari dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilinib, nashr etila boshlagan. Stefan Mallarme nomidagi she’riyat akademiyasi, Yevropa she’riyati akademiyasi va Jahon she’riyati akademiyasi a’zosi. Gerder (1982, 1988) va boshqa mukofotlar bilan taqdirlangan.

QAYTMAS BO‘LIB KETAR BO‘LSANG…

Qaytmas bo‘lib ketar bo‘lsang sen,
Qo‘rqqin,
Moviy jomchalardan, qo‘rq —
Tundan ovoz o‘g‘irlaymanu
O‘sha ovoz bilan ortingdan
Bo‘zlayman, bo‘zlayman, bo‘zlayveraman…

Unutmoqchi bo‘lsang sen meni,
Ko‘rinmagin oyga:
oydinda
oyoqyalang yugurganimni
U, albatta, senga eslatar.

Sen tarki yor
ixtiyor etsang,
Ehtiyot bo‘l yomg‘irdan, qordan.
Unutmoqchi bo‘lsang sen meni
Aylanib o‘t,
yaqiniga borma dengizlarning,
Qushlardan ham ehtiyot bo‘lgin.

Bo‘lguncha to xotiring ozod,
Sokin xilqat topmaguningcha
Erga mahzun soch tashlagan u
Sambittollar ostiga borma.

Sen tarki yor
ixtiyor etsang,
Yosh joningga qasd qila ko‘rma:
Qabrga ham kirishim mumkin
Ortingdan men gulga burkanib…

TILAK

Boladek beg‘ubor, ma’sum tong bo‘lsin,
Xazon bo‘lib shitirlasin
Yog‘dulari subhi sodiqning.
Oppoq qog‘oz,
hafsala bilan uzoq yo‘nilgan qalam hidi
xonani tutsin.
Fikrlardan, muhabbatdan entikib
Yo shunchaki, uyg‘onib uyqudan
Oyog‘imga shippak ilaman,
Engilgina ko‘ylakda
chiqarman ko‘chaga.
— Hozir nechanchi yil, bilmaysizmi, — deb
mastu masrur so‘ramoq uchun
birinchi uchragan yo‘lovchidan, —
ko‘chaga chiqaman…

UZR

Monelik qila olmayman men
Kunning yigirma to‘rt soatligiga.
Uning uzunligi uchun
Uzr so‘rashim mumkin.
Kapalaklarning tuxum ochib chiqishiga
Monelik qila olmayman.
Kapalak, qurtlar uchun uzr so‘rashim mumkin, xolos.

Gullarning mevaga,
Mevalarning — danakka,
Danaklarning — daraxtga aylangani uchun
sen meni kechir.

Kechir meni buloqlarning daryoga,
Daryolarning — dengizga,
dengizlarning — okeanga aylangani uchun.

Muhabbatning chaqaloqlarga,
chaqaloqlarning — yolg‘izlikka,
yolg‘izlikning yana muhabbatga aylangani uchun
kechir, meni kechir.

Xohish-irodamga qarab qolgan yo‘q,
Kechar tiriklikning azaliy zayli!
Ma’zur tutasan, do‘stim…

Muhammad Rahmon tarjimalari

SEN TUShSAN

Meni hamma sevardi doim,
Meni yomon ko‘rganlar esa,
Aslida-chi, ko‘proq sevardi.

Qish kunlari doim zavq bilan,
Yurgandayin qorlarga botib,
Odamlarning orasida ham
Yashar edim men mehr totib.

Qasos hukmi hamisha qoyim,
Sharti uning sevgiga sevgi
Va qonga qon so‘ralar doim.

To‘xtamasdan yog‘ib tursa qor,
Nozik, zolim zar iplar bilan
O‘rab qo‘yar yo‘lni kumushga
Va bo‘ron deb anglar meni ham.

Qor oralab ketaman tushday,
Sen – mening tushlarim,
Men esa mangu
Uyg‘onmasam deyman aslo bu tushdan.

Ba’zan jim qarayman tegramga,
Ko‘zlarim jovdirar parishon.
Yumshoq qor yaxlaydi ustimda,
Momiq kiyim yopib mehribon.

Sovqotmayman uyqumda, iliq,
Men bilaman, shu tarz o‘laman.
Kechirarlar bori gunohim,
Agarda men sendan uyg‘onsam.

Mening o‘zga tilagim ham yo‘q.
Faqatgina yopiq qovoqlarimdan
Shu jimirlash tursaydi oqib…

* * *

Kel, suhbatlashamiz
O‘zimiz tug‘ilgan Vatan haqida.
Mening vatanim – yoz.
Shunchalar nozik u,
Yaproq qulab tushsa,
Uni vayron etishi mumkin.

Osmon esa yulduzlardan og‘irlashyapti,
Erga tegay deydi ba’zida.
Mabodo enkaysang,
Eshitasan, nozik maysalar
Qiqirlashib yulduzlarni erkalaganin.

Gullar shu qadar ko‘p,
Ko‘zlar og‘rib ketar,
Quyoshdanmi, deysiz.
Quyoshga o‘xshaydi
Shoxlardagi larzon mevalar.

Men tug‘ilgan yurtda
Hamma narsa bisyor,
Faqat o‘lim yo‘q.
Faqat cheksiz baxt bor.
Xuddi tushga o‘xshar hammasi.

Rus tilidan Farog‘at Kamolova tarjimasi

YoMG‘IR AFSUNI

Yomg‘irni sevaman,
jalani sevaman aqlsiz, behush,
Devona jala bilan sokingina yomg‘ir,
Tortinchoq qizdek yomg‘ir bilan
sho‘x-shaddod ayoldek jala,
Sel yomg‘ir, sim-sim yomg‘ir, mayda-mayda tomchi yomg‘ir,
Yomg‘irni sevaman,
jalani sevaman aqlsiz, behush.

Odamning bo‘yini ko‘madigan o‘tloqdek shaffof maysalarida
Odamning boshidan oshadigan o‘tloqdek nuqra g‘umaylarida
Aylanib-aylanib o‘ynagim kelar,
Yumalab-yumalab o‘ynagim kelar,
Barmoqlarim bilan uzib-uzib olsam
yomg‘irlarning olmos munchoqlarini,
Tishlarim bilan tishlab-tishlab olsam
yomg‘irlarning bug‘doy boshoqlarini,
Mening hayajonim ko‘rib, erkaklar boshi aylansin,
Mening jununimni ko‘rib, yigitlar mast bo‘lib qolsin.

“Men eng go‘zal ayolman”, – deb aytishim
juda xunuk ekanligin bilaman,
Bu ahmoqlik, balki bu yolg‘on,
Biroq yomg‘ir yog‘ayotgan paytda,
faqat yomg‘ir yog‘ayotgan paytda
O‘zni izhor etishimga izn ber,
Sehrli so‘z aytishimga ruxsat ber:
“Men eng go‘zal ayolman”.

Men eng go‘zal ayolman,
chunki yomg‘ir yog‘moqda, yomg‘ir,
Yuzlarimga urilar tomchi, sochlarimga taqilar marjon,
Men eng go‘zal ayolman, yonoqlarim yuvadi yomg‘ir,
Bo‘ylarimga urilar shamol,
ko‘ylagim hilpirab yopar tizzamni.

Men eng go‘zal ayolman,
chunki sen naqadar olislardasan,
men esa kutaman seni intizor,
Men eng go‘zal ayolman,
sabr ila kutaman seni vafodor,
Men eng go‘zal ayolman,
chunki sen bilasan vafodorligim.
Yomg‘irda muhabbat taralar xushbo‘y.

Barchani sehrlar yomg‘ir ifori,
Yomg‘ir yog‘ayotgan payt sevgi muqarrar,
Sevib qolar axir yomg‘irda hamma,
men esa kutaman seni intizor.

Sen bilasan, axir –
Yomg‘irni sevaman,
jalani sevaman aqlsiz, behush,
Devona jala bilan sokingina yomg‘ir,
Tortinchoq qizdek yomg‘ir bilan
sho‘x-shaddod ayoldek jala…

Rus tilidan Rustam Musurmon tarjimasi