Tursunoy O‘razboyeva (1948-2015)

Tursunoy O‘razboyeva (Tұrsыnay Orazbayqыzы Orazbayeva) Chimkent viloyatining Sayram tumanida tavallud topgan. Qozog‘iston Davlat universitetining jurnalistika fakultetini bitirgan. 1980 yildan boshlab Qozog‘iston radiosining adabiy-dramatik Bosh tahririyatida faoliyat ko‘rsatdi.
T.O‘razboyeva aytishuv oqini sifatida ham tanilib, viloyat va Respublika miqyosidagi bir qancha nufuzli musobaqalarda g‘oliblar safida bo‘ldi. Uning she’rlari “Tong shafag‘i” (1977), “Yurak ohanglari” (1981), “Sen mening bahorimsan”, (1986) nomli to‘plamlari orqali keng o‘quvchilar ommasiga yetib borgan.

MOSKVA DAFTARIDAN

Degandayin — quloq tut rozim tinglab,
Yig‘loqi kuz, turibsan tag‘in yig‘lab.
Seni anglar o‘zim bor, darding so‘yla,
Ketdi ko‘klam yiroqqa bag‘rim tig‘lab.

Nafasi-la muzlatib xush damimni,
Olib ketdi qaytmas vaqt — ko‘klamimni.
Ajib qo‘shiq sururin unutganday
Qo‘biz — vujud chertadi mungli unni.

Taskin berar yupatib ozurda tun,
(Qish ayozin kutadi entikib kim?!)
Yostig‘imning ifori ketgan yiroq,
Tashqarida xun yomg‘ir yig‘lar sim-sim.

Shukuhsiz kuz shuurdan hech jilmaydi,
Qalbingga g‘am to‘shashin vaqt bilmaydi.
Quchog‘i gul ko‘klamning mexrin qo‘msab,
Tund osmonning qovog‘i ochilmaydi.

Quz yomg‘iri ruhim band etgan chog‘i
Yodga tushar sevgining armon-dog‘i.
Meni tunlar uyg‘otib dilgir etar,
Yiroq ketgan ko‘klamning yangirog‘i.

* * *

Birov to‘q va sekirar isinmoq-chun,
Birov ne bir hasratdan yuragi xun.
Ko‘zin artar yengi-la qariyalar,
Ruhi so‘ngan haykalga boqib beun.

Turfa xil kas to‘rg‘aydek tiziladi,
(Qishdan darak beradi kuzning rangi).
Barmog‘ini nuqiydi bir chorasiz,
O‘chi borday dunyodan, g‘ijinadi.

Umid o‘ldi, xor butkul — nedir sabab,
Boy va gadoy zamoni bo‘ldi-ku zab.
To‘q-bisyorlar kerilib “qadr” topsa,
Yurar ko‘plar to‘rvayu qop orqalab.

Narxu navo etmoqda dilni zada,
Miskin ranglar ilashdi shu’laga-da.
Kimga — jannat, kim uchun do‘zaxdir naq
Izdihomga aylangan bu cho‘ng qal’a.

* * *

Kuzgi osmon xo‘rsinib, mungli yog‘ar,
G‘amli umr hasrati kimga yoqar?!
Kimsalarning oh-vohi, dardlaridan
Mag‘rur Pushkin haykali mahzun boqar.

Tundlashadi ko‘chalar, Qizil maydon,
Ketgandayin undan fayz, viqor, bu on.
Do‘stlik so‘zi yangragan bu ma’voda
G‘udranadi kimlardir yoqavayron.

Gijbang kuydan charchaydi asab-miya,
(Yigit qizga osilar — suya-suya…)
El qo‘rg‘agan erlarim bosh qo‘shgan yer
Bo‘lmish bu kun iblisu jinga uya…

Mastu alast — yuziga sochgandek kul,
Suluv qizlar tortinmay so‘raydi pul.
Go‘dak ila sirlashar jon topmaysan,
Oq kaptarlar o‘rnida zog‘lar nuqul.

Kuzga boqib junjikar qayin hargiz,
Unda ko‘klam rangidan qolmagan iz.
Baxt qo‘shig‘i kuylangan bu maydonda
Xayr-sadaqa so‘raydi turfa baxtsiz.

Bildi ko‘plar qismati sho‘rligini.
— Kim bosar, — deb, — ko‘ngilning xo‘rligini,
Ko‘cha kezgan xoksorlar xo‘rsinadi,
Baxtim deya aytolmay hurligini.

Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari