Turmag‘ambet Iztileuli (1882-1939)

Turmag‘ambet Iztileuli (Tұrmag‘ambet Іztіleuұlы) Qozog‘istonning Qizil O‘rda viloyatida 1882 yili tavallud topgan. Mahalliy oqinlar sabog‘ini olib, savod chiqargan. Buxorodagi «Ko‘kaldosh» madrasasida fors, arab, turkiy tillarni puxta o‘rgangan. «Shohnoma»ning ma’lum qismini qozoqchaga tarjima qilgan. 1939 yilda qatag‘onga uchragan.
Sirdaryo bo‘yidagi Qizilo‘rda viloyatining Qarmaqchi mavzeida tug‘ilgan Turmag‘ambet yoshligida Buxorodagi Mir Arab va Ko‘kaldosh madrasalarida Sadriddin Ayniy bilan bir davrda tahsil olgan bo‘lib, o‘zbek, fors, arab tillarini chuqur o‘rgangan. Mumtoz Sharq adabiyotiga chuqur muhabbat qo‘ygan shoir katta adabiy jasorat ko‘rsatib, ta’bir joiz bo‘lsa, Abulqosim Firdavsiy panjasiga panja urib, “Shohnoma” syujeti asosida qozoq tilida 40 ming satrdan iborat doston yaratgan. Asarning bir qismi 1961 yilda nashr etilgan. Kamina o‘zimning doktorlik dissertatsiyamda “Shohnoma”ning turkiy tillardagi tarjimalari va variantlari qatori Turmag‘ambet dostoniga ham to‘xtalib, uning tahlilini keltirganman. Turmag‘ambet asar syujetida Firdavsiyga ergashsa-da, “Shohnoma” voqealarini qozoq sahrosiga ko‘chiradi. Uni qozoq xalq og‘zaki ijodida keng tarqalgan 11 bo‘g‘inli “xalqona o‘lan” vaznida yozadi. Turmag‘ambet Firdavsiy qo‘llagan maqol, matal, iboralarni qozoqcha muqobillari bilan almashtirgan.
Turmag‘ambet Iztileulining boy merosini o‘rganish yuzasidan keng miqyosdagi ishlar Qozog‘istonda istiqlol yillarida boshlandi. 2007 yil kuzida shoirning 125 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy anjumanga O‘zbekistondan sharqshunos olim G‘ulom Karim va kamina taklif etildik. Rossiya, Tojikiston, Turkiya, Mo‘g‘uliston, Xitoy, Eron va boshqa mamlakatlar olimlari ishtirok qilgan anjumanga qardosh qozoq birodarlari puxta tayyorgarlik ko‘rishgan ekan. Anjuman ishtirokchilariga oqinning to‘rt jildlik asarlar to‘plami taqdim etildi.

UMMONDAN DURDONALAR

* * *

To‘n olsang — to‘zar,
Ot olsang — ozar.
Faqat kuy-qo‘shiq,
Baridan o‘zar.

* * *

To‘n kiygan to‘ngmaydi,
La’nat olgan o‘ngmaydi.

* * *

Yaxshi olishmay kelishadi,
Yomon kelisholmay olishadi.

* * *

Qorni ochga qora tolqon moy,
Tul erkakka puchuq juvon oy.

* * *

Oz bitar, ko‘p ham bitar,
Totuvlikka ne yetar?!

* * *

Qum tosh bo‘lmas,
Qul bosh bo‘lmas.

* * *

Eshak minganga ot kerakmas,
Baliq yeganga et kerakmas.

* * *

Gar xotinsiz tirikchilik yo‘q,
Xotin olsang, tinchlik yo‘q.

* * *

Oting yomon bo‘lsa,
armoning ketar.
Bolang yomon bo‘lsa,
darmoning ketar.
Xotin yomon bo‘lsa,
mehmoning ketar.
Fe’ling yomon bo‘lsa,
imoning ketar.

* * *

Bersang olarsan,
Eksang o‘rarsan.

* * *

Qor yog‘di deb quvonma,
Ortida achchiq ayoz.
Mullaga duch kelsang gar,
So‘raydi nazr-niyoz.

* * *

Mehnatsiz urug‘ chiqmas,
Zahmatsiz bilim yuqmas.

* * *

Aqlsiz zot –
Yugansiz ot.

* * *

Men tortmagan dard qani,
Davo topar mard qani?!

* * *

Ilm yoritar ichingni,
Hunar oshirar kuchingni.

* * *

Ayol yerdan chiqmagan,
U ham erkak bolasi.
Erkak ko‘kdan tushmagan,
Ayol uning onasi.

* * *

Toki tanda joning bor,
Rizqu ro‘z, osh-noning bor.

* * *

Yaxshiga qilma da’vo,
Baxshidan kutma davo.

* * *

Oting yomon bo‘lsa,
Sotib qutularsan
Xotin yomon bo‘lsa
Netib qutularsan?

* * *

Yigit yetti qirli bo‘lsin,
Yoxud biron sirli bo‘lsin.

* * *

Odam bo‘ladigan odam
Ochdan o‘lsa ham oshalab yemaydi.
Odam bo‘lmaydigan odam —
Yorilib o‘lsa ham, «ol» demaydi.

* * *

To‘n jig‘asiz bo‘lmas,
El og‘asiz bo‘lmas.

* * *

To‘qlik yarashtirar,
Yo‘qlik talashtirar.

* * *

Toychoq otga yetkazar,
Ot murodga yetkazar.

* * *

Tentak bo‘lsang osarlar,
Yuvvosh bo‘lsang bosarlar.
O‘rtacha bo‘lsang, xon yasarlar.

* * *

Osh qadrini bilmagan
Ochlik azobin tortar.
Ot qadrini bilmagan
O‘zi arava tortar.

* * *

Yaxshi Ollohdan ko‘rar,
Yomon hamrohdan ko‘rar.

* * *

Yurti yomonning biyi kuyar,
Xotini yomonning uyi kuyar.

* * *

Yomonga ishing tushmasin,
Tuzoqqa qushing tushmasin.

* * *

Boy boy bilan quda bo‘lsa,
O‘rtada yo‘rg‘a qatnar.
Yo‘q yo‘q bilan quda bo‘lsa,
O‘rtada to‘rva qatnar.
Boy yo‘q bilan quda bo‘lsa.
O‘zaro zo‘rg‘a qatnar.

* * *

O‘g‘rilar topishganda,
Bir-birini yalaydi.
Ayrilganda qopag‘on —
Ko‘ppak kabi talaydi.

* * *

Toshganlar — to‘kiladi,
Qazigan — yiqiladi.

* * *

Sigir buzog‘in emizar,
Buzog‘i tayoq yegizar.

* * *

Yolg‘on so‘z baloyi jon,
O‘tkir pichoq to‘kar qon.

* * *

Oltinning toti bo‘lmas,
Yaxshining yoti bo‘lmas.

* * *

Qanoat qorinni to‘ydirar,
Qanoatsiz otin so‘ydirar.

* * *

Olov yoqsang — pisharsan,
Choh qazisang — tusharsan.

* * *

Go‘sht yesang, tishingga kirar,
Emasang, tushingga kirar.

* * *

Ma’ragan har takani,
Qish tushganda ko‘rarsan.
Kekkaygan har yigitni
Ish tushganda ko‘rarsan.

* * *

Uyning issiq-sovug‘i
Qish tushganda bilinar.
Kimning qanday ekani
Ish tushganda bilinar.

* * *

Etning bari qazi bo‘lmaydi,
Itning bari tozi bo‘lmaydi.

* * *

Ot yugursa, ayiradi,
Til yugursa qayiradi.

* * *

Aqlliga aytsang biladi,
Aqlsizga aytsang kuladi.

* * *

Bilimli ayol boshingga qarar,
Bilimsiz ayol yoshingga qarar.

* * *

Tentakning oyog‘i sakkizta,
Semizning tayog‘i sakkizta.

* * *

Zulmatda qaltiraysan,
Yorug‘da yaltiraysan.

* * *

Sigiri bor uyda sut-ayron,
Sigiri yo‘q uy vayron!

* * *

Xon — eli bilan,
Ayol — eri bilan.

* * *

Chini bilan ber pichoq bersang,
Qini bilan ber gar chin bersang.

* * *

Tentak «Sog‘man!» deydi,
Yantoq «Bog‘man!» deydi.

* * *

Serg‘ayrat kishining
Unumi bor ishining.

* * *

Erga bersang oshingni,
Er silagay boshingni.
Itga bersang oshingni,
It kemirar boshingni.

* * *

Ummon duri ostida,
Faqat ko‘pik ustida.

* * *

Ota o‘lib, bola qolsa,
murodiga yetgani.
Bola o‘lib ota qolsa,
armon bilan ketgani.

* * *

Yaxshi mehmon kelsa,
qo‘ying egiz tug‘adi.
Yomon mehmon kelsa.
qo‘ying qashqir bo‘g‘adi

* * *

Oqsoqning yo‘liga tushma,
So‘qirning qo‘liga tushma.

* * *

Qozon toshar,
Nodon shoshar.

* * *

Qo‘yning niyati omonlik,
Bo‘ri niyati yomonlik.

* * *

Azaldan boy oshib borar,
Har yangi boy shoshib borar.

* * *

Beliga ayil botganin
Egasi emas, ot bilar.
Er yigitning qadrini
Do‘st-yor emas, yot bilar.

* * *

Tog‘iga mos tulki,
Zamonga mos kulgi.

* * *

Yaxshilik terak ustida,
Yomonlik oyoq ostida.

* * *

Oyog‘i yomon ko‘lni bulg‘aydi,
Og‘zi yomon elni bulg‘aydi.

* * *

Mard berganin aytmaydi,
Aytganidan qaytmaydi.

* * *

Bor bo‘lsang toshma,
Yo‘q bo‘lsang shoshma.

* * *

Yaxshilik qilsang — o‘zingga,
Yomonlik qilsang — o‘zingga.
Osmonga qarab o‘q otsang,
Qaytib tegar ko‘zingga.

* * *

Doningni o‘radan sot,
Qo‘yingni qo‘radan sot.

* * *

Katta yo‘llaydi,
Kichik qo‘llaydi.

* * *

Jahl — aql ofati,
Nafs — imon talofati.

* * *

Badjahlda savlat yo‘q,
Besabrda davlat yo‘q.

* * *

Do‘sti ko‘pning yovi yo‘q,
Ishi ko‘pning dovi yo‘q.

* * *

Nodon-noshud jovdiraydi,
So‘z topolmay dovdiraydi.

* * *

Shoshganda bilinar banda,
Ot bilinar yugurganda.

* * *

Jahl chiqsa, aql ketar,
Aqllida jahl netar?!

* * *

Qayg‘u degan bir dengiz,
Dunyodan olib ketar.
Tavakkal degan qayiq,
Daryodan olib o‘tar.

* * *

Yigitga davlat bitsa,
Qarg‘asi ham g‘oz tutar.
Yigitdan davlat ketsa,
Lochini ham oz tutar.

* * *

Yomonni yaxshi desang,
Yomonligi qoladi.
Yaxshini yomon desang,
Xushfe’li yo‘qoladi.

* * *

Navkar bekning qoshida,
Dehqon yerning boshida.

* * *

Piyodaga eshak — ot,
Ochga tolqon — qand-novvot.

* * *

Gilam to‘rning bezagi,
Qilich erning bezagi.

* * *

Yaxshini siylasang,
xotirasida qolar.
Nodonni siylasang.
uyingga yotib olar.

* * *

Osh-non qadrin bilmagan
Burda nonga zor bo‘lar.
Ulov qadrin bilmagan
Yayov yurib, xor bo‘lar.

Qozoqchadan Abdulhamid Pardayev, Ahmad Fayziy tarjimalari