Sirboy Mavlenov (Sыrbay Mәulenov) 1922 yil 17 sentyabrda To‘rg‘ay viloyati Jongeldin tumanida tavallud topgan. Avval o‘zi tug‘ilib o‘sgan qishloqda, so‘ngroq Qizil O‘rda shahrida o‘qigan. Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi.
Shoirning dastlabki she’rlari 1937 — 1938 yillarda e’lon qilina boshlagan. Ilk to‘plami 1948 yilda nashr qilingan. Sirboy Mavlenov Qozog‘iston Davlat mukofoti sovrindori.
Uning “Yashil o‘rmon”(1950), “Majittovning otlari” (1951), “Yoz erkasi” (1952), “Jondo‘st” (1953), “Yo‘l ustidagi gulxanlar”(1954), “Tortishuvning boshlanishi”( 1955), “Chag‘alay”(1962), “Qoq tush mahali”( 1963), “Yaproqlar yonadi”(1964), “Bo‘z qirov” (1976), “Sen ikkovimiz” (1977), “Yurak g‘alabasi” (1985) kabi o‘nlab kitoblari chop etilgan.
BOShIMIZDAN TO‘KILADI OLMALAR
Mirmuhsinga
Janubliklar xonadoni ko‘p dilbar,
Shimolliklar bunday gashtdan bexabar.
Mehmon edik hovlisida do‘stimning,
Boshimizdan to‘kilardi olmalar.
To‘kilardi boshimizdan sarbasar,
Tong rangini o‘g‘irlagan olmalar.
Sen ularni quchog‘ingga olibsan,
Shundan do‘stlar ijodingga tong qolar.
Olma deysan dasturxonlar bezagi,
She’r qalbning teran mulki, o‘zagi.
Ikki beting olmang kabi qipqizil,
Kuyla, do‘stim, mushoira gazagi!
Zotan ko‘ngil ko‘ngillarni xushlarmiz,
Kuyla, do‘stim, g‘azal uchar qushlarmish.
Endi bildim, pishganida qo‘shig‘ing
Shu olmaday el og‘ziga tusharmish…
O‘ZBEK-QOZOQ KO‘PRIGI
Nosir Fozilovga
U ko‘p baxtli dunyoda,
Uning baxti ko‘pligi —
Ikki buyuk daryoda
O‘zbek-qozoq ko‘prigi!
Shundan yo‘qdir hech bir dam
Ilhomining odog‘i.
Toshkentning hisobida
Turkistonning qozog‘i!
Borsang quvonib ketar,
Ketib qolar o‘zidan.
O‘zbekligi bilinar
«Xo‘sh…» degan bir so‘zidan.
Deysan bulbuli go‘yo,
Mast qiladi ko‘k choydan.
Qaynab misli qo‘shdaryo
Alisher va Abaydan.
Ikki daryo ko‘p teran,
Otamlashib ketamiz.
Sirlashib Nosir bilan
Uyquni tark etamiz.
Sari bola ko‘p gapdon,
Tarqalar g‘uborimiz.
Choy bir yon, sharob bir yon,
Bosilmas g‘ubor usiz!
Turob To‘la tarjimalari.
G‘AFUR G‘ULOM
Arpapoya ko‘chasi dilga yaqin,
Turar unda o‘zbekdagi eng zo‘r oqin.
Oltmish yoshga oyog‘idan chaldirmay,
Yoshligining saqlagan kuch-quvvatin.
May gullari ayni xandon chog‘ida
Bo‘ldik bizlar shoirning ardog‘ida.
Paloviyu ko‘k choyi-la siyladi,
Chaq-chaqlashdik hovlida — tut tagida.
Keksaysa ham keksalikdan u yiroq,
Yoshligidek hazilkash va ko‘ngli oq.
Yaltirarkan oq qirovlar boshida,
U Asqartov cho‘qqisiga o‘xshar naq.
Ilhomlanar yurt ishqida erta-kech,
Tashvishi yo‘q she’r yozishdan boshqa hech.
Shunchakimas, u hayqirgan chin oqin,
Qalami she’r, doston bitar peshma-pesh.
Dong taratdi, unga zafar bo‘ldi yor,
Yuragida naq arslonning shahpi bor.
O‘tib borar ko‘chasidan Toshkentning,
O‘zbekligi bilan qilib iftixor.
* * *
Yolqinlanib kun botar,
Oy taratar nur inja.
Birov ko‘rsa so‘z qotar,
Sen uydan chiq o‘g‘rincha
Manov mayin yel — o‘ynoq,
Manov moviy sho‘x buloq.
Dala kuz ohangida
Chalar sokin qo‘ng‘iroq.
Chiq uyingdan oshiqa,
Kel buloqning qoshiga.
Posbon bo‘lar qarag‘ay,
Barglari-la yashirar.
* * *
Qizil guldek qulf urib,
Yashnab turgan kezing bul.
Yurganlar ko‘p intiq bo‘p,
Nima deyin, o‘zing bil.
Yashnab turgan kezing bul.
Shu’lasiday jahonning
Munavvardir toza dil.
Qo‘lin cho‘zmas senga kim,
O‘ylab ko‘rgin, o‘zing bil.
Yashnab turgan kezing bul.
Oqquv bo‘yin, oq bilak,
Kulging yog‘du, so‘zing nur.
Bola ko‘ngil, sof yurak,
Har yurakda sezim bir.
Yashnab turgan kezing bul,
Nima derdim, o‘zing bil.
* * *
Yaproqlar ila yoz uchib,
Kezganda kuzak yurt bo‘ylab,
Ketganda ko‘ldan g‘oz uchib,
Entikdim seni men o‘ylab.
Ko‘tarib keldi qish yalov,
Sovugan suvdek men tindim.
Shoxlarga qo‘ndi qor-qirov,
Qishda ham seni sog‘indim.
Eslab sevgimiz armonin,
To‘ldi bu o‘ksuk dil g‘ashga.
Ko‘klamning yaqin qolganin
Tuydimu chiqdim izlashga.
Gul tutib keldi bir kun yoz,
Shu gulda seni ko‘rmadim.
Ko‘lga qaytdi yana suluv g‘oz,
Faqat sen qaytib kelmading.
QOZOQLARNING VAKILI
Nosir Fozilovga
Qozoqlarning vakili,
Mehmonlarga o‘zdekdir.
Qo‘sh daryoga u ko‘prik
Qurib bergan o‘zbekdir.
Kirgan ona suti-la,
Kengdir doim quchog‘i.
Muqim yashar Toshkentda,
Turkistonning qozog‘i.
Peshvoz chiqib choy quyar,
Ayirmaydi o‘zidan.
O‘zbekligi bilinar,
“Xo‘sh” degan bir so‘zidan.
Alisheru Abayni,
Qo‘yib yuksak o‘ringa,
Ikki tilda so‘zlab u,
Fayz kiritar gurungga.
Do‘stligimiz tarixin,
Ta’riflar oshib-toshib.
Nosir bilan kamina
Zerikmas suhbatlashib.
Yana qancha sir-asror,
O‘rtada — zehnimizda.
Kelmoqdamiz shu asno,
To‘ymasdan mehrimizga.
Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari