Qosimxon Begmanov (1958)

Qosimxon Begmanov (Qasыmxan Seyіtxanұlы Begmanov) Janubiy Qozog‘iston viloyatining Kentov shahrida tug‘ilgan. 1975 — 1980 yillarda Qozog‘iston Politexnika institutida tahsil olgan. Xalqaro Turkiy xalqlar she’riyati festivalining ishtirokchisi.
“Yomg‘irli tun”, “Ilk kitob”, “Beshikdan qabrgacha”, “Sog‘inch” singari she’riy to‘plamlar muallifi.
Yoshlar she’riyatida uning ovozi o‘z harorati va samimiyati bilan alohida ajralib turadi.

O,TURKISTON

O, Turkiston!
Muhabbat ber, sabr ber,
Jabrdiyda yurtni siyla, ona-er.
Ko‘z o‘ngimda o‘rkach-o‘rkach adirlar,
Cho‘kib yotar unda ne-ne qabrlar.

Ul qabrlar – ko‘hna moziy, tarixdir,
Ul qabrlar – bizga ba’zan jumboq, sir.
Bor vujudim bilan shuni sezdim man,
Ul qabrlar cho‘kib qolgan cho‘ng Vatan.

G‘ussalarga chulg‘ar meni adirlar,
Va bitaman mungli-mungli satrlar.
Moziy sari o‘zni urib, tig‘layman,
Keng dalada to‘yib-to‘yib yig‘layman.

O, Turkiston!
Diyonat ber, sabr ber,
Baxt izlagan yurtni siyla, ona-er.
Ko‘z o‘ngimda o‘rkach-o‘rkach adirlar,
Cho‘kib yotar unda ne-ne qabrlar…

* * *

Mashaqqatlar girdobida men hamon,
Taqdir sinar shoir qalbim beomon.
Bosib o‘tgan egri-bugri yo‘llarim
Mening nozik umr yo‘lim, begumon.

Fisqu fujur davralardan bezdim men,
Gavanada dengiz mungin sezdim men.
Urumchida uyg‘ur qizga bayt aytdim,
Istambulning ko‘chasida kezdim men.

Dil izhorim eshit, gulim, tingla jim,
Har qayda men diydoringga ko‘z tikdim.
Olis yurtda yolg‘iz qolgan damlarim
Seni eslab, elni eslab entikdim.

Yillar o‘tdi — bir-birini surishgan,
Bo‘shamadim men she’r izlab yurishdan.
“Hech bo‘lmasa chorvador ham bo‘lmading”,
Deya bir payt otam meni urishgan.

Nima o‘zi shoir qalbning ilinji?
Ijoddami, oromdami dil tinchi?
Men o‘landay samimiy do‘st topmadim,
Qolgan bari yolg‘on ekan… o‘tkinchi.

QORAChIQ

Ne bir yovshan, alaflar quvrab-so‘lib.
Mung‘ayadi dasht-dala yaydoq bo‘lib.
O‘tmishdagi armonlar o‘zani bo‘p,
Oqmoqdadir Qorachiq to‘lib-to‘lib.

Oqadi u mavj urib, erkalanib,
Tevarakni gohi payt bo‘lmas tanib.
Oq dengizga aylansa paxtazorlar,
Kuzgi bug‘doy nish urar yashillanib.

Yuragimga tuyg‘ular sola chiqdim,
Do‘mbirachi do‘stimni ola chiqdim.
Dostonimga zavq bergan shu sho‘x soydir,
Qirg‘og‘ida turibman Qorachiqning.

Tuqqan yurtga dil mehrim bisyor biram,
O‘zga tuyg‘u tomirim o‘rtamagan.
Turkiston ko‘zin misli qorachig‘i,
Go‘zal qirg‘oq mavjlarin erkalagan.

Armonu mung sahroda zorlab tursin,
Salqin sohil o‘ziga chorlab tursin.
Qo‘shni qizga ishq bergan bo‘zbolaning
Tole nuri ko‘zida porlab tursin.

Qorachig‘im, munisim, oqa bergin,
Yosh qalblarda zavq-surur yoqa bergin.
Sen yetmagan yerlarga men yetayin,
Qirg‘og‘ingga chechaklar taqa bergin.

Dostonimga jilo ber shavqing bilan,
Tiniq-tiniq to‘lg‘anish avjing bilan.
Ilk sevgimni yodimga tushirding sen,
Ohuday sho‘x o‘ynagan mavjing bilan.

Sen qalbimga adirday, dashtday yaqin,
Kuyga to‘ldir zaminu ko‘kning toqin.
Sening jo‘shib oqqaning ta’riflash-chun
Shoyad kelsa qoshingga Qodir oqin.

Shamolday dunyoni men kezdim yelib,
Termildim oq bulutga — uchgim kelib.
Nozlanib oqasan sen erka qizday,
Men esa entikaman quchgim kelib.

Dov-daraxtlar bamisli xayol surar,
O‘t-o‘lanlar shivirlab suhbat qurar.
Olisdan Yassaviyning maqbarasi
Qorachiqqa ko‘z qirin solib turar.

O‘lanim bor yurakda — taxtliman,
Ezgulikni kuylamoqqa ahdliman.
Sirdaryoning singlisi Qorachiqda
Men dunyoga kelganimdan baxtliman.

Kelajakdan nur yog‘ar tonglarimga,
Davron surmoq mumkinmi yonmayin gar.
Qora yo‘lda mashina saf-saf o‘tar,
Yonbag‘irda suzadi kombaynlar.

Tangri bizni bekorga siylamagan,
Tuprog‘imiz zar bilan iylamagan.
Kumushlangan Qorachiq to‘lqinlarin
Aybergenov, o, bejiz kuylamagan.

Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari

* * *

Oshiq bo‘p turdi bir butun dunyo o‘zingga qanday!
Yoningda seni tomosha qildim: yuzlaring oyday!
Osmondan oqib qo‘sh yulduz qulagan edi-ov,
Ko‘zlaring yoshi yuzimga mening tomchilaganday…

Ko‘zlaring yoshi munchoq misoli tizila qoldi,
Toldan sachragan kabi yuzimga tomdi.
Shu lahzalarda un-tunsiz bo‘lib mening o‘zimday,
Dunyo ham senga bir qaradi-yu, oshiq bo‘p oldi!

Birini biri avaylar degan yechimga borgan,
Shunchalar mungli bo‘larmi, zamin, oshiqlar? Solg‘an!..
Azizim, jonim, yo‘qotdim seni o‘shandan keyin,
Qo‘sh yulduz oqqan kuzgi oqshomlar yodimda qolgan.

Keyin… turnalar janubga qarab tizilib uchdi,
Bola shoirning ko‘zlari o‘sha qushlarga tushdi.
Oh, darig‘, o‘sha kuzgi oqshomda tushimga kirib,
Bir tomchi yoshim ko‘zimdan oqib zaminni quchdi.

Bizlarni endi kim aytar ekan: “Ana oshiqlar!..”
Sog‘inchlarimni tushida ko‘rib qora yel uxlar.
Yulduzlar oqqan tunlarda sira sayr qilmanglar,
Irimi yomon bo‘larkan bola oshiq-ma’shuqlar!..

Muzaffar Ahmad tarjimasi