Muzaffar Alimboyev (Mұzafar Әlіmbayev) Pavlodar viloyatining Sharbaqti tumanidagi Maraldi ovulida tug‘ilgan. Qozog‘iston Davlat universitetini bitirgan.
Iste’dodli shoir o‘z mavzusi, chuqur tafakkuri, o‘ziga xos ohanglari bilan qozoq she’riyatini boyitdi. “Qozog‘iston xalq shoiri” faxriy unvonining sohibi.
U xalqchil she’riyati, didaktika va hajvga moyil ijodiyoti bilan XX asr qozoq adabiyotiga munosib hissa qo‘shgan shoirlardan biri sanaladi.
OQIN
Tug‘ilmas ulashgali oqin qayg‘u,
Bergay u yuraklarga faqat yog‘du.
O‘lanin dastro‘mol ham qiladi el,
Odamlar ko‘z yoshini quritgay u.
Olmaydi o‘z hasratin u giliga,
Solmaydi gina-kudrat hech diliga.
Yuragin ko‘prik qilib to‘shar oqin:
“Etsin, — deb, — yurtim tole sohiliga”.
Surur-la samolarga chiqmoq bo‘lar,
Ikki bor tug‘ilar u, bir bor o‘lar.
Oldinda tashna qalbi har avlodning
Oqinning shukuhi-la lim-lim to‘lar.
* * *
Hozirgi bu chog‘imda
Ketmon soqol erkakman.
Yangalarning oldida
Boyagi bir “Tentakman”.
O‘ttizdan o‘tganimda
O‘zimcha bir donoman.
Otalarning oldida
“Quyulmagan bola”man.
Shundoq turib… qara-chi…
Men birovning bolasi,
Men birovning og‘asi,
Men birovning tog‘asi.
Men bir kichik bolacha,
Erkalikdan qolarman.
Kichiklikka yarasam,
Kishilikka yararman.
* * *
Ko‘ra olganin tun ichra
Ko‘zsizlar qandoq qiyolgay?!
Aylanib yoshim yomg‘irga,
Cho‘maman teran xayolga.
Issiq qalb bilan quchgayman,
Qaytmagay endi yoshlik dam.
Unutdim, suymay seni man,
Sen ham kech endi ginangdan.
Cho‘zaman tag‘in qo‘limni,
Yoddadir yongan hislar ilk.
Sarg‘ayib to‘sdim yo‘lingni,
Ko‘rsatma qayta yetimlik.
Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari