Xalqning sevimli shoiri, mohir so‘z ustasi, ulug‘ oqin Jambul (Jambыl Jabayұlы) Avliyoota viloyatidagi Qoratov etaklarida dunyoga kelgan. U xalq og‘zaki ijodiyoti namunalarini bolaligidan sevib o‘rgandi va qozoq xalqi orasida aytishuv san’atining yetakchisi sifatida shuhrat qozondi.
Shoirning ijodi munosib taqdirlandi. U ko‘plab mukofotlar va nishonlar, sovrinlar olishga sazovor bo‘ldi.
Oqin Jambulning shoirlik qudrati, salohiyati xalqona ohanglarda aytilgan o‘ynoqi misralarda, so‘z san’atining nozik tovlanishlari aks etib turgan quyma terma va to‘lg‘ovlarda yorqin ifodalangan. Xalqining ezgu umid-orzulari, quvonch va tashvishlari san’atkorona tasvirlangan Jambul asarlari hamisha sevib o‘qiladi.
OLATOV
Tizilgan tog‘lari bor Jetgisuvning,
Dov-daraxt o‘sar unda turfa, ming-ming.
Shu yuksak qoyalardan qaynab-toshar,
Ko‘rasan tomoshasin oqqan suvning.
Bu go‘zal tog‘lar kimni maftun etmas?
Kuylashga biyron til ham kuchi yetmas.
O‘rigu olma, olmurut, mevalar ko‘p,
Bir totsang og‘zingdan hech ta’mi ketmas.
Suzadi oq bulutlar — osmon mulki,
O‘rganar oq cho‘qqilar osmonlikni.
Turli jon-jonivorlar yashar bunda,
Tilaydi bir-biriga omonlikni.
Arslon, ayiq, qashqir, tulki va bo‘rsiq,
Silovsinu yo‘lbarslar yurar yo‘rtib.
Qaynagan oq buloqlar mavjlarida
O‘ynaydi kumush baliq sakrab-sho‘rchib.
Bu yerning kengliklari kaftdek emish,
Dehqonlar adirlarga bug‘doy ekmish;
Bu yurtda makon tutib zahmat chekkan
El uchun yetkazarlar rizq-ro‘z, yemish.
Olatov Jettisuv-la quchoqlashgan
Eliga dur-gavharli qo‘ynin ochgan.
Bag‘ringda Olmataday zo‘r shahrim bor,
Bovurdosh — o‘ris, qozoq o‘rtoqlashgan.
Yaylov bor bu yerlarda — yotar chalqib,
Ko‘k maysa adir-qiri — turar balqib,
Qizig‘in ko‘k yaylovning ko‘ray desang,
Maysaga yotib olib, unda qalqi.
BOLALARGA
Bolalar, omonmisiz, chiroqlarim,
Ko‘ldagi qamish kabi o‘ynoqlarim!
Oshsa gar bir haftadan, turolmayman —
Zabtiga olar sog‘inch qiynoqlari.
Bobongiz keldi sizga mehmon bo‘lib,
Qaddi dol, boqmang unga hayron bo‘lib.
Uning xo‘b bu dunyoga mehri qongan,
Yoshlikdan aytgan o‘lan o‘ynab-kulib.
Bilaman, o‘sajaksiz siz ham yayrab,
Chamanu bog‘chalarda qushdek sayrab.
Faqat siz bir narsani unutmangiz,
Ulg‘aying — yurtingizni mashhur aylab!
SARIBOYGA
Sariake, so‘zim izhor qildim sizga,
Siz aytgan gap oliy mezon bo‘lgan bizga.
Qo‘lga olib do‘mbiramni — talab qildim,
Berasiz qanday baho ulingizga?
Yomonning ko‘ngli ko‘qda, baland sasi,
Uchirib yuborguday shabadasi.
Yaxshining o‘zi kichik, o‘yi biyik,
Birdaymi ikkisining martabasi?
Birovlar tekin oshga bo‘kmoq istar,
Insofga chaqirganni so‘kmoq istar.
Ko‘tarib bu dunyoning go‘ng-qo‘qirin,
Oborib qay chuqurga to‘kmoq istar?
Birovlar qarshisida paydo tog‘lar,
Har lahza xushomadga o‘zin chog‘lar.
Birovlar orzusiga yetolmas hech,
Bilmaydi — oyoq-qo‘lin nima bog‘lar?
Qay birov oq bulutda qasr qurar,
Ko‘kdagi oy menga deb dovlab yurar.
Birovlar quruq so‘zdan qamchi yasab,
Oqquv minib, qulonni ovlab yurar.
Meni shular qay biriga ep ko‘rasiz?
O‘zimga o‘zim desam o‘pkalarsiz.
Suyekem* suyganini o‘ylasangiz,
O‘lan bo‘lsin sheriging, deb berasiz.
_______________
* Cuyunboy oqin – Jambulning ustozi.
Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari