Anor Shamshadinova (1974)

Anor Shamshadinova (Anar Shamshadinova) 1974 yil Mang‘istau viloyatining Beyneu tumanida tug‘ilgan. 1997 yili al-Forobiy nomidagi Qozog‘iston milliy universitetining jurnalistika fakultetini bitirgan.
“Ilhom-2003” (“Shabыt-2003”) xalqaro festivalida 3-o‘rinni egallagan.

* * *

Joning,
Orzulanib turgan,
Taning
Bo‘sh qolmagan she’rdan.

Zoting
Yaxshilikka yot emas,
Oting
Boshlanadi nurdan.

Qoning
Bo‘yda to‘la oqqan,
Joning
Jonga juda yoqqan.

Kulging –
Taqdir bergan siring.
Bir kun
Sensiz o‘tishi qiyin.

Ko‘rking –
Xos botirning turi,
O‘zing –
Meni ergashtirgan o‘g‘ri.

Qo‘ling
Kaftlarimga tegsa,
O‘rni
Bo‘ladi o‘n kun cho‘g‘li.

Ko‘zing –
Alloh nuri, yo rab!
So‘zing –
Ma’no-ma’no, ajab.

Kelsang,
Ko‘klam kelar birga.
Ketsang,
Bu tiriklik – azob!..

Muzaffar Ahmad tarjimasi