O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli yozuvchi va shoir Umirboy Yembergenov 1942 yili 24 dekabrda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qo‘ng‘irot tumanida tug‘ilgan.
1960 yilda Nukus qishloq xo‘jaligi bilim yurtini, 1973 yilda Toshkent shahrida Respublika rus tili va adabiyoti instituti (hozirgi Toshkent davlat Jahon tillari universiteti)ni bitirgan.
Mehnat faoliyatini Qo‘ng‘irot shahridagi 53-sonli o‘rta maktabda rus tili va adabiyoti fani o‘qituvchiligidan boshlagan. Ko‘p yillar davomida maktab o‘quvchilariga ta’lim va tarbiya bergan.
Umirboy Yembergenovning “Ertangi kun” (1987), “Navro‘zning oqcha qori”, “Sevgi-muhabbat savdosi”, “Tabibchilikning sirlari”(1991), “O‘pirilish” (1995), “Birodar Qo‘ng‘irot ellarim bordir” (2002) nomli qissa, hikoya, ocherk va badiiy publitsistik maqolalardan iborat kitoblari nashr etilgan.
“Qoraqalpoqfilm” kinostudiyasi tomonidan suratga olingan “Hakim ota” nomli kinofilm (2007) stsenariysi Umirboy Yembergenov qalamiga mansub.
Umirboy Yembergenov shoir sifatida “Tuyg‘ular uyg‘onganda”, “Qo‘ng‘irot”, “Hakim ota” (Japaq Shomuratov bilan hammualliflikda) nomli she’riy to‘plamlarini nashr ettirigan.
Umirboy Yembergenovning ijodiy-ijtimoiy va murabbiylik faoliyati davlatimiz tomonidan munosib taqdirlanib, “Mehnat faxriysi”, “Buyuk G‘alabaning 20 yilligi” medallari, “O‘zbekiston Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan mukofotlangan.