Turkmenboy Jiyemuratov (1953)

Turkmenboy Jiyemuratov 1953 yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) fizika fakultetini tamomlagan. “Go‘zallik olami”, “Uchratdim bir go‘zalni…”, “Ruboiylar”, “Xazina” nomli she’riy to‘plamlari, pedagogikaga oid darslik va qo‘llanmalari nashr qilingan.

QIZIL JING‘IL GULLARI

Ixlos og‘ib qoladi,
Kuzning saxiy kunlari.
Ko‘zning yovin oladi
Qizil jing‘il gullari.

Qanday chiroyli, ko‘rkam
Ovulimning tunlari.
Har tomonga ko‘rk sepgan –
Qizil jing‘il gullari.

Hurkib qochgan quyonni
Qizil jing‘il yashirdi.
Ajib hislar uyg‘ondi,
Sevdim go‘zal faslni.

Xivich beli mayishib,
Bolalar chopishar ot.
Jing‘il turar qayishib,
Yuzingni qil ehtiyot.

Ona tovuq don terar,
Oh, yoqimli qarasang.
Jo‘jalariga berar…
Qizil jing‘il panasan.

Ovulimning ko‘rki sen,
Qizil jing‘il gullari.
Oltin kuzning bo‘rki sen,
Qizil jing‘il gullari.

KITOB

Kitob – hayot sabog‘i,
Qolma, tolma o‘qishdan.
Oziq to‘la qovog‘i
Quyulganday cho‘michdan.

O‘qib, ochdim zehnimni,
Mana, uchar qushdayman.
Kitob tortdi mehrimni,
O‘qimasam puchdayman.

O‘qib ko‘rmay qiynalsam –
O‘z-o‘zimga yotdayman.
Ilm-bilim yig‘olsam –
Poygadagi otdayman.

Javon ichida kitob
Turaversa ochilmay,
U – bulut bosgan oftob
Turganday nur socholmay.

Uyga kitob keltirgan
Donishmand ota-onam.
Miyaga aql quygan
Kitob – boylik, xazinam.

BOBOMNING BOG‘I

Bobomning bir bog‘i bor,
O‘sadi har xil meva:
Anjir, olma, noki bor,
Qizil, oq… sarxil meva.

Uzib qizil anorni,
Asta chiqdim soyadan.
Yozganida xumorni,
Eb yayramas qay odam?

Kuzda g‘arq pishar bari,
Tervolamiz mevasin.
Shunday saxiy tuprog‘i –
Ona yurtim yashasin.

Bobom ishlaydi, tinmas,
Bog‘i ko‘rkam, ne’matli.
“Yalqovning bog‘i unmas”,
Nasihati minnatli.

O‘qishdan bo‘sh vaqtimda
Men ham yordam beraman.
Ishlayotgan paytimda
Shirin xayol suraman.
Pashent tog‘ida

Pildirab tepa, qirlari
Ufqqa borib suykalar.
Ochilmay qolib sirlari
Boshingga turli o‘y kelar.

Aylanib o‘tmay, har qachon
Hollanib suvning bo‘yinda,
Qirda ko‘p yurib, charchasang,
Daming ol Pashent soyida.

Dunyoda bunday yer yo‘q-a,
Ona yurt sochar sehrini.
Olasan ma’naviy ozuqa,
Qondirib lazzat, mehringni.

Tog‘ gullari hilpirab,
Qarasang, ko‘zing to‘ymaydi.
O‘y-xayollar pildirab,
Ichingga hech sig‘maydi.

Pashent tog‘in kezdim men,
Yayramagan badan yo‘q.
Bir narsani sezdim men,
Bunday go‘zal makon yo‘q.

MAKTABIM

Saboq oldim ko‘zim yonib men,
Zerikardim sensiz aniq men,
Misli suvda suzgan baliq men,
Quchog‘ingda, ona maktabim!

Do‘stlarim ko‘p, ko‘nglim toshadi,
Sendan aqlu zehnim oshadi,
Bilimimga bilim qo‘shadi,
Ustozlarim, ona maktabim!

Mustaqillik yo‘lida dadil,
Vatan mehri bilan qonib dil,
Erkin zamon chorlaydi: kel, kel,
Quvonaman men ham, maktabim!

Istiqbolga yo‘lim boshlayman,
Bilim kaltin qo‘lga ushlayman,
Qanoti shay, uchar qushdayman,
Kelajakni ko‘zlab, maktabim!