Sog‘inboy Ibrohimov 1956 yilda tug‘ilgan. Moskvadagi Maksim Gorkiy nomidagi Adabiyot institutini tugatgan. Qoraqalpoq tilida “Beshinchi fasl”, “Er bilan osmonning oralig‘ida”, “Caylanma” nomli she’riy to‘plamlari nashr etilgan.
* * *
Quyosh nurining ko‘z ilg‘amas ranglari
uyg‘onadi sezimlarimda.
Biroq,
bu ruhi pinhon dunyo
qaydagi bir lattalarni
niqob qilib sezimlarimga,
men ko‘rishim kerak bo‘lgan suratlarni yashirar…
Men bu kenglikni taniy olmayman
dunyo tekshiradi meni
sekundlarga bo‘lib mavjudligimni.
* * *
O‘zimni yonayotgan o‘tga uraman,
o‘rnimda bir chimdim kulim qoladi,
bir qush kuldan chiqib, osmonga uchar…
Qayga boradi u,
qayga qo‘nadi?
* * *
Jar o‘pirib oqayotgan daryosan,
men qirg‘oqda turib dovruq solaman,
biroq to‘lqinlarning shovullashidan
dovushimni yetkazolmay qolaman.
Jar o‘pirib oqayotgan daryosan,
men boshimni egib keldim yoningga –
ne amr aylab,
qanday hukm qilasan,
borlig‘im baxsh etib keldim yoningga.
To‘lqiningdan jonda jo‘shdi hayajon,
sen mening ko‘nglimga solgan tuyg‘ular
meni sig‘dirmaydi cheksiz kenglikka
etak-engim qancha keng bo‘lgan bilan.
Osmonning ostida,
erning ustida
ming bor pastdan do‘ngga chopganim bilan –
daryom,
sen oqasan o‘z shiddatingla,
to‘g‘on bo‘lib seni to‘sa olmasman.
Girdoblarga meni tortib, kulasan,
sharshara bo‘lasan,
o‘ynab-avraysan –
sendan boshqa hech bir sehrgar bilan
men hech qachon baxtli bo‘la olmasman.
Shunday turaversang sen quchog‘imda,
shunday turaversa boshing egnimda –
yuragimda yugurib borayotgan
bir uyur yilqining dupurin tinglab.
* * *
Osmonning ostida bir og‘iz ham
so‘zim yo‘qolmaydi.
Haq tarafida
ne aytsam –
yulduzlar yodlab oladi.
Nohaqning foydasiga aytgan so‘zlarim –
erning qobirg‘asin qayishtiradi.
* * *
Sahroning sodda ham orkash bolasi –
ko‘nasan bu savdolarga.
Sen tanigan asilni kimlar
qanday yana qancha parchalamasin –
asil ataladi siniqlari ham.
* * *
Nega tutdim bu kapalakni,
qanotlarin nega qayirdim –
ko‘zidagi iyerogliflarni
o‘qiy olmasligim bilsamda?
Nega tutdim bu kapalakni –
bir lahzalik umri ichinda
toza narsalarining oshig‘in,
aziz narsalarining oshig‘in?
* * *
Bu dunyoda ko‘p narsalarni
aql bilan tushuntirib bo‘lmaydi.
Qaybir to‘lqinlarin odam jonining
aql bilan yengib bo‘lmaydi.
* * *
Shunday chegaralar qo‘yilgan –
mangu begonaman bu yerlarga men.
Gulmix qoqar Boychiborning
to‘rt tuyog‘iga.
Qanotiga xat yozilgan
g‘ozga yoydan o‘q tortar.
Nodon emas,
zolim emas,
o‘zim kabi odamlar –
nega yashayotganiga
parvoyi palak odamlar.
* * *
Men tosh bo‘lib tushdim tog‘ning boshidan –
erga ikki odam bo‘yi qolganda
ko‘rib qoldim qanotlarimni,
bir sabablar bilan qushga aylandim.
Tinmay aylanadi yer harakatda –
o‘tlar yonib,
tutun ko‘kka o‘rlaydi.
Behuda tashvishlar bilan jon halak,
bu to‘s-to‘polonda jonga rahm yo‘q.
Men bu tajavvuzkor dunyodan qo‘rqib,
qaytib uchib ketdim tog‘ning boshiga –
oppoq muzliklarning ustida,
oppoq bulutlar yuradi suzib.
Mening o‘ylaganim –
bu ranglarning
qurshovida jonim qiynalar edi.
Ko‘nglimdagi barcha fikrlar o‘lib,
faqat ranglar bilan fikrlar edim.
Ranglarga to‘ladir osmonning osti –
buncha ko‘zni aldash ne kerak edi?
Sap-sariq qumlarning ustida
tuyalar –
eng suluv suratlar edi.
* * *
Pirli yo‘lning ustida
haq yuradi,
nohaq yuradi.
Mard yuradi,
nomard yuradi.
Pirli yo‘lning ustida
qadr-qimmati bor har kimning.
Pirli yo‘lning ustida Xudo
suygan bandasining qolishini beradi.
* * *
Bir odam osmonning oldida izza –
osmon joylashmasa e’tiqodiga.
Bir odam zaminning oldida izza –
zamin joylashmasa e’tiqodiga.