Sharapatdin Ayapov 1954 yili Chimboy tumanining Shaxaman ovulida tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan (1980). Uning “Qush yo‘li” (1986), “Yoshlikning har dami” (1988), “Lirika” (1990) nomli to‘plamlari chop etilgan.
KO‘ZLARING SENING
Nurli bitiklar bor osmon ostida,
Jonli sanalar ko‘p yilnomamizda.
Takror-takror yodda o‘qigan sayin
Ajib bir to‘lg‘onish inar ruhimga.
Fursat tulporining chopishi chaqqon,
Bulutdek bug‘ purkab, yomg‘ir ter oqqan,
Yulduz qanotli, oy to‘shli jonivor
Falakni changitib yelar biz tomon.
Biroq uyg‘otolmas dala-tuzlarni,
Balki ters o‘grilgan omad yuzlari.
Bir tomchi suv Orol sabab mung bo‘lib,
Yuragimga singib ketar tuzlari.
G‘ayritabiiydir mening so‘zlarim,
Goh gul, goh tosh mehrim, ko‘ngil rozlarim.
Sodiqliging Barchin, sog‘inchlaring g‘oz,
Boychiborga o‘xshar sening ko‘zlaring.
Qoning turkiy, xalqim, qutlug‘ makoning,
Bo‘zto‘rg‘ay — sahroda bo‘zlagan joning.
Azaliy makonda abadiy borsan,
Nurli bitiklardek pokdir imoning.
YoShLIK
Oradan ming yillar o‘tsa ham hamon
Dunyo gul hididan bo‘ladi behush.
Bulbullar sayragan chaman guliston,
Yuragim pitirlar bamisoli qush.
Do‘stlashdik yoshlikning xiyobonida.
— Ne qilyapsiz, bobo, — dedilar, — bunda?
— Yoshlik munchog‘ining donalarini
Izlayapman, — dedim, — yo‘qotdim shunda.
Qoraqalpoqchadan Rustam Musurmon tarjimasi