Hikmatulla Ayimbetov (1948)

Hikmatulla Ayimbetov 1948 yil 2 sentyabrda Taxtako‘pir tumanida tug‘ilgan. Qoraqalpoq davlat pedagogika institutini tamomlagan (1972). Uning “Yolg‘iz terak” (1976), “Tinglangizlar” (1985), “Oq qog‘oz” (1993) nomli she’riy, “Qora buvra” (1998), “Taxtako‘pir o‘g‘li” (2007) nomli romanlari chop etilgan.

TOSh

Bir imorat qurmoq niyati
Bu ustaga edi muddao.
Yulduz uchib… yetib fursati
Ulkan toshni keltirdi illo.
Ingrandi tosh bolg‘a zarbidan,
Bujir bo‘lib ketdi betlari.
Nima istar tog‘ farzandidan,
Payrahaday uchdi etlari.
Zarb ustiga zarb og‘ir-og‘ir,
Tushunganday bo‘ldi, nihoyat,
Qah-qah urib yordi u bag‘ir —
Poydevor bo‘lmoq ham jasorat!

* * *

Olov purkar to‘rt yoqqa
Saratonning oftobi.
…Mana, qizlar buloqqa
Etib borib to‘xtadi.

U yon-bu yon ko‘z solib
(Bag‘ri to‘la — sirlarga).
Paqirlarga suv olib
Tarqar pana — qirlarga,

Chechaklarday yarqillab
Ustlaridan quyishar…
Muzdek suvda salqinlab
Uy-uyiga qaytishar.

…O‘, kelgusi ko‘klamda
Oqqanida jilg‘alar,
Qushlar bazmi — ayyomda
Bunda toshadi gullar.

Shunda o‘t bul qumlardan —
Tanimassan bu yoqni…
Qizlar sochgan suvlardan
Gul ko‘kargan siyoqli…

MAZLUMXON SULUVNING SAROYIGA BORGANDA

Benazir ko‘rkini unutgan bugun
Qadimiy go‘zallik, qadimiy chiroy.
Devorlar, peshtoqlar boqarlar mahzun,
Kuzak bog‘lariday ship-shiydam saroy.

Qo‘sh qabr do‘ppayib turar ichida,
Oshiq-ma’shuqmikin?.. — o‘yga botdim jim.
Balki shoh, malika yotibdi bunda,
Balki ikki gadoy, ikki yov balkim!..

Na tarix, na g‘ayb beradi sado,
— Qo‘sh qabr, hoy, qo‘sh qabr, so‘yla-chi bir zum,
Men keldim yiroqdan — asrlar — aro, —
Kimsiz, so‘zlang, assalomu alaykum!..

Sukunat… va faqat dashtlar epkini…
Kaptarlar… ruhlarmi?.. ravoqda lolday…
Daf’atan potirlab uchadi,
Meni
Saroy egasiga o‘xshata olmay.

YoLG‘IZ TERAK

Otangdan oltov bo‘lsang-da Vataningga yolg‘izsan.
(Maqol)

Kelganmisiz qoraqalpoq yurtiga,
Yakkam-dukkam yolg‘iz terak tebranar.
Oy qalqigan tunlar qarab ko‘rkiga
Yuragim emranar, ko‘nglim emranar.

Tong nurlarin eng ilgari qarshilar,
Shom shu’lasi uni o‘pib botadi.
Sahro suvlarini sharbatday shimar, —
Oson emas, teran tomir otadi.

…Bir o‘rimga kelar sochilgan yo‘llar —
Safardan qaytaman chaqmoq urganday.
Shox yozib — raqs tushib u kutib olar,
«Vataningga yolg‘izsan», deb turganday.

Azim Suyun tarjimasi