Gulnora Nurlepesova 1961 yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetini tamomlagan. Shoiraning “Aslo ojiz demang bizni, og‘alar”, “Oq nurlar”, “Qaylardasiz, kumush buloqlar?” nomli she’riy to‘plamlari nashr etilgan.
TUG‘ILGAN YuRT
Tug‘ilgan yurt.
Qoratoling – ko‘zlariday onamning,
Tebranishgan sholilaring – yarashig‘i dalamning,
Biyik-biyik sariq qumlar – jo‘shi yurakxonamning,
Quchog‘ingda yetishdim men, bugun senga shaydoman!
Tug‘ilgan yurt.
Ona xalqim iqbolisan, bugun san,
Dilim ochsam, dilginamdan yangrab chiqqan unimsan,
Madad berar bir onamsan, mabodo, men surinsam,
Uzoq yo‘ldan tashna qaytsam – bulog‘imsan har qachon!
Tug‘ilgan yurt.
Ko‘z oldimda gulday yashnab turasan,
Bir kun sendan olis ketsam, tushlarimga kirasan,
Kelajagi buyuk elsan, gullanasan hali san,
Quchog‘ingda bir novdangman insonlarga intilgan!
Tug‘ilgan yurt.
Tomirimsan qon aylangan tanamda,
Sensiz o‘ylay olmasman, men, tirikchilik deganda,
Senga bo‘lgan muhabbatim cheksiz, tubsiz ekanda,
Mehr, ishqimni senga to‘la aytolmasman hech qachon!
GOH BIROVNI…
Goh birovni ko‘rib qolgan vaqtingda
Yuragingni bir his egallar iliq.
Shu lahzada boshqa birovni ko‘rib,
Jon dunyongga kirib kelar izg‘iriq.
Iliqlik uyg‘otgan xushfe’lli inson
Shirin so‘zi bilan ko‘nglingni olar.
Izg‘iriq tuflagan sovuq fe’lli jon,
O‘tmas tig‘ bilan vujudingni qiymalar.
Yaxshi odam bilan yo‘ldosh bo‘lsang gar,
Yaxshiliklar bilan jonga qo‘shar jon.
Yomon bilan yo‘ldosh bo‘lsang muqarrar,
Toqating toq aylab, qilar sargardon.
Shu sabab, ko‘plar der: foniy dunyoda,
Dardingga darmondir faqat yaxshilar.
Ba’zi nomardlarning qora ishlarin,
Yaxshilarning ezgu ishi yashirar.
Yomonning qilmishin ko‘rgan vaqtingda,
Qadri bilinadi yaxshi odamning.
Xush iforli gullar o‘ssa bog‘ingda,
Ko‘ngli sezmaydi hech buni nodonning.
Farosat yuqmagan bunday kimsadan
Yo‘q narsani umid qilib netayin?
“It xuradi, karvon o‘tadi” – degan,
Maqolning, oh, sadag‘asi ketayin.
Ko‘rgan yerda, jonga berar iliqlik,
Yaxshilar ko‘nglida ajib naqshi bor.
Yomonlardan chiqmas aslo yorug‘lik,
Baxtimizga omon bo‘lsin yaxshilar!
UMRIM
Xalqimning tashvishi yelkada,
Avlodlar keladi orqada,
Ajoyib orzular ko‘nglimda,
Har dami g‘animatdir umrim.
Dunyo – bu sinoat, tilsim ko‘p,
Ming turli qulfi bor, kalit yo‘q,
Jumbog‘i tugagan bir kun yo‘q,
Ming tashvish qorilgan shu umrim.
Gohi hayron bo‘lib to‘xtayman,
Tushunar bir odam topmayman,
O‘zim-da, o‘zimga yoqmayman,
Echilmas bir jumboq bu umrim.
Umrlik yo‘ldoshim, bolalarim,
Mening jez qanotim, qo‘llarim,
Bo‘ronli bo‘lsa-da yo‘llarim,
Bir qiziq bazmday bu umrim.
Keng fe’lli, mehribon onaman,
Farzand deb o‘tlarda yonaman,
Sovuqda saksovul qalangan
O‘choqday olovli bu umrim.
Bir kuni ko‘nglimda gul o‘sar,
Ishlarim sal damda jo‘nlashar,
Darddoshlar ko‘payar, tillashar,
Bozorga aylanar bu umrim.
Qarshimda keng dunyo ochilar,
G‘animlar poyimga bosh urar,
Bo‘ronlar, dovullar bosilar,
Baxtlarga belanar keng umrim.
Shu mening boshdagi toleim,
Bu dunyo porlatgan manglayim,
Har kunim – bir karvonsaroyim,
Kunduzu tunlari teng umrim.
Men ta’na qilmasman vaqtga,
Mehnatlar yetaklar baxtga,
Kim kelib-ketmagan bu yurtga,
Mevali bir daraxtdir umrim.
Xalqimning kuniga yararman,
“Bor!” degan joyiga borarman,
Fidoyi farzandi bo‘larman,
Xizmatda chiniqar chin umrim.
Xalqimning tashvishi yelkada,
Avlodlar keladi orqada,
Ajoyib orzular ko‘ngilda,
Har dami g‘animat shu umrim.