Ajiniyoz (1824-1878)

Qoraqalpoq xalqining shoiri Ajiniyoz Qusiboy o‘g‘li 1824 yilda Mo‘ynoq tumanida tug‘ilib, 1878 yilda vafot etgan. Ulug‘ shoirning she’riy kitoblari 1960, 1965, 1975, 1988, 1994 yillarda (“Ajiniyoz, Tanlangan asarlar” nomi bilan) bir necha marta qoraqalpoq tilida nashr etilgan. Bu yil Ajiniyoz tavalludining 190 yilligi adabiy jamoatchilik tomonidan keng nishonlanmoqda.

ELLARIM BORDIR

So‘rasang elimni, Qojban*, bizlardan,
Qalpog‘i qozonday ellarim bordir.
Xato chiqsa, kechiringlar so‘zlardan,
Xitoy, qo‘ng‘irot otli ellarim bordir.

Yaylovim keng, Urganch, shimoli – dengiz,
Yag‘rini qopqoqday mollari semiz,
Ruxsatsiz biron-bir yerga bosmas iz,
Birikkan qo‘ng‘irot ellarim bordir.

Ne izlasang, topiladi keragi,
Ko‘lida bor qashqaldog‘i, o‘rdagi,
Quvlari, g‘ozlarin butun yuragi,
Jonvorlarga makon ko‘llarim bordir.

Yolg‘on so‘zni ishontirib aytmagan,
To‘g‘ri yo‘ldan bosh ketsa ham qaytmagan,
Nomahramni sira yo‘ldosh tutmagan,
Nomi qoraqalpoq ellarim bordir.

So‘ylaganda bol aylaydi so‘zingni,
Ko‘rganingda lol aylaydi o‘zingni,
Navbahori to‘ydiradi ko‘zingni,
Layli, Zulayhoday qizlari bordir.

Otga mingan ochamayli-qiyotda,
Qo‘ldovli-miytanu bor qo‘ng‘irotda,
Xitoy, qipchoq, kenagasu mang‘itda
Ot ko‘tarmas belli beklari bordir.

Gudari belbog‘i tizzaga tushgan,
Bo‘yi oq terakni oralab o‘sgan,
G‘anim ko‘rsa qaynab, daryoday toshgan
Qo‘ng‘irotning orli polvoni bordir.

Yodga tushsa, ko‘nglim tog‘ kabi o‘sgan,
Ko‘zim ko‘rmaguncha ko‘kayim kesgan,
Yilda meva tugib, uch bora pishgan
Oti sutilmakday yemishim bordir.

Sarhovuz bo‘yida soyali terak,
Tilni tars yorguvchi polizu palak,
Qirlarda qizarib pishadi gurvak,
Qovunday mazali taomim bordir.

Mol egasin topar, so‘z topsa vafo,
Giyohida shifo, qushida safo,
Dengiz etagida havo musaffo,
Bularning barchasi elimda bordir.

Jilva aylab har ne borin soz etgan,
Yigitlarning ko‘nglin bahor-yoz etgan,
Qoshin kerib, ishva bilan noz etgan,
Bog‘larning ichinda qizlari bordir.

Bu yerda yuribman, yuragim o‘rtar,
El-yurtni ko‘rmagan jabrini tortar,
Yuragimda g‘amu hasratim ortar,
Aytsam ado bo‘lmas dardlarim bordir.

Nasib aylab sizning ellarga kelgan,
Kim yaxshi, kim yomon farqini bilgan,
Har ne borin sizga bayon aylagan
Qalpoqning kamina Zevari bordir.

* Qojban – shaxs nomi.

BO‘LUR

Qoratog‘ning baland boshi
Qorli bo‘lur, qorsiz bo‘lur.
Bir er yigit yot ellarda
Molli bo‘lur, molsiz bo‘lur.

Bahor o‘tib, kelsa yozlar,
Sollanishar sarvinozlar,
“Quv-quv”lagan oqqush-g‘ozlar
Ko‘lli bo‘lur, ko‘lsiz bo‘lur.

Xorazmda qoldi joylar,
Chekar bo‘ldim ohu voylar,
Tog‘ boshidan oqqan soylar
Selli bo‘lur, selsiz bo‘lur.

Karvonlar kechar cho‘llarda,
Suqsurlar uchar ko‘llarda,
Bir er yigit yot ellarda
Tilli bo‘lur, tilsiz bo‘lur.

Yot ellarda er yigitlar
Yuragiga solur dardlar,
Bo‘yni gajak tulpor otlar
Yolli bo‘lur, yolsiz bo‘lur.

Kimga aytay arzi holim,
Ko‘ngilda ko‘p qiylu qolim,
O‘tgan umr – zahru bolim
Totli bo‘lur, totsiz bo‘lur.

G‘arib Zevar har kun yig‘lar,
Yuragimda ko‘pdir dog‘lar,
Rang-barang ochilgan bog‘lar
Gulli bo‘lur, gulsiz bo‘lur.

Qoraqalpoq tilidan Rustam Musurmon tarjimasi