Zinakan Pasanova (1956)

Zinakan Pasanova 1956 yilning 11 yanvarida O‘sh viloyatiga qarashli Olay tumanining Murdosh qishlog‘ida ziyolilar oilasida dunyoga kelgan. Zinakan Pasanova «Ayol siri» (1998), «Yomg‘ir tog‘dan boshlanar» (2001), «Sehrli tunlar» (2006), «Besh yil» (2008), «Akademik Tekenov» (2008), « Urushqoq g‘ozlar» (2008), «Sirdosh yomg‘ir» (2011), «Lahza» (2013), «Do‘st», «Og‘rima, yurak» (2014), «Men izlagan baht» (2020) nomli qator kitoblarning muallifi. Qirg‘iziston yozuvchilar uyushmasi a’zosi. Qirg‘iziston ma’orifi a’lochisi. Jo‘lon Mamitov, Moldo Niyaz, To‘qtag‘ul nomidagi davlat mukofotlarining laureati. Yusuf Hos Hojib nomidagi halqaro mukofot sohibasi. Asarlari rus, kozoq, tojik, turk, mongol, uyg‘ur, o‘zbek tillariga tarjima qilingan.

QO‘LINGNI BER, EY YaXShI ODAM

Qo‘lingni ber, ey yaxshi odam,
Iliqlik ber mening qalbimga.
His etayin sening mehringni,
Darmon bo‘lgin mening dardimga.

G‘alvalardan to‘ygan boshimni,
G‘alvalardan xalos etgin sen.
Tabiatim, hulqim o‘zgarsin,
Meni nurli yo‘lga eltgin sen.

Dovonlarni oshayin qo‘rqmay,
Ishonayin erkim, kuchimga.
Qo‘lingni ber, ey yaxshi odam,
Ishonolmam boshqa hech kimga.

GO‘ZAL TONG

Dilga farah ato etdi tongning nuri,
Iztirobdan boshim egib turganimda.
Kayfiyatim ko‘tarildi, yuzim kuldi,
Tong haqida go‘zal hayol surganimda.

Dilga farah ato etdi quyosh nuri,
Va bir zumga unutdim men, turmush g‘amin.
Yuragimni tashvishlardan etdim halos,
Yoqib qo‘ydim yuragimga umid shamin.

FARZANDIM DEB

Farzandlarim og‘rimasa, yuragim tinch,
Ona qushman, javobgarman ular uchun.
Ular borchun yuragimda yo‘qdir o‘kinch,
Qanot qoqib, uchgaydirman ular uchun.

Shodu-hurram yashasalar ko‘nglim tinchdir,
Fanzandlarim – dardlarimga erur davo.
Men ularning saodatin tilagayman,
Har saharda Yaratganga qilib duo.

Ona-bola bu hayotning bezagidir,
Quyoshdan ham kuchliroqdir ona mehri.
Mehnat qilib ikki o‘g‘il o‘stiryapman,
Ikkisi ham elu-yurtning bo‘lgay faxri.

MEN BOYMAN

Men boyman, yuragimda iymonim bor,
Olisman boylik, mansab xumoridan.
Taqdirim menga baxtni ato etgan,
Topsin deb hayot sirin ash’oridan.

Men boyman, qo‘ldan tushmas qalamim bor,
Hislarim, tuyg‘ularim she’rga oshno.
Samimiy, umrboqiy she’rlar bitib,
Yashayman, yuragimga berib oro.

Men boyman, o‘lmas-o‘chmas hunarim bor,
Yuraklarga yetib borar so‘zlarim bor.
Vaqti kelib, chin dunyoga safar qilsam,
Ortimdan o‘qilguvchi she’rlarim bor.
(Qayta-qayta o‘qilguvchi she’rlarim bor)

Qirg‘iz tilidan Muhammadamin Hojakbarov tarjimasi