Tozagul Zokirova (Tazagul Zakirova) 1948 yili Jalolobod viloyatining Suzoq tumanida tug‘ilgan. Qirg‘izistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat arbobi. 2003 yildan Qirg‘iziston Yozuvchilar uyushmasining O‘sh viloyati bo‘limi mas’ul kotibi.
«Ыrlar» («She’rlar»), «Kupuya sezim», («Sirli tuyg‘u»), «Svetlыy dojd» (rus tilida), «Boz torgoydun ыrы» («Bo‘zto‘rg‘ayning she’ri»), «Ыyыk shaarыm», («Aziz shahrim»), «Alatoom — Mekenim» («Alatoo – Vatanim») kabi she’riy to‘plamlar muallifi.
MAKTUB
Sen borda – chinor yashil,
Sen yo‘qda – qurir daraxt.
Sen borda – ochilar gul,
Sen yo‘qda – vujud karaxt…
Sen bor kez – sayrar bulbul,
Sen yo‘q kez – ilitmas cho‘g‘.
Sen bor kez – hayot gulgun,
Sen yo‘q kez – yorug‘im yo‘q.
Sen bor chog‘ – jo‘shar tuyg‘u,
Sen yo‘q chog‘ – soqov, jimman.
Sen bor chog‘ – qochar qayg‘u,
Sen yo‘q chog‘ – bilmam kimman…
Sen yo‘qda – kunduz tundir,
Sen borda – dunyo bahor.
Sensiz – yuragim xundir,
Sensiz – ulkan olam tor.
Sen ilhomsan, men kotib,
Sensiz bitmas satrlar.
Yurgin doim yonimda
Muhabbatni qadrlab!..
ShE’RIYaT
Qoyadirsan — qo‘l uzatib yetolmayman,
Yoningdan gir aylanib ketolmayman.
Daryosan, yozda toshgan Oqburaday,
Men suzib ul sohilga o‘tolmayman,
She’riyatim!
Sen tog‘san — kumush qorlar cho‘kib yotgan,
Bulutsan — cho‘qqiga bayt o‘qib yotgan.
Ko‘rib qo‘y yuksaklikni ming bor qo‘msab,
Qizingni — yonib she’rlar to‘qib yotgan,
She’riyatim!
Archasan — ming yildayam qolmas so‘lib,
Men yurgum keng bag‘ringga Oyday to‘lib.
Kuchingga kuch, ro‘yingga ro‘y qo‘shay deb,
Yozayapman el-yurtimga shaydo bo‘lib,
She’riyatim!
Usmon Temur tarjimasi