Suyunboy Eraliyev (1921-2016)

Qirg‘iziston xalq shoiri Suyunboy Eraliyev (Sүyүnbay Eraliyev) 1921 yili Talas tumanida tug‘ilgan. Moskadagi Oliy adabiyot kurstini tugatgan. «Lenindik Tuu», «Kыrgыzstan pioneri» gazetalari, Qirg‘iziston yozuvchilar uyushmasida ishlagan.

Ilk she’riy to‘plami “Birinchi aks sado” nomi bilan 1949 yili chop etilgan. She’rlari rus, ukrain, o‘zbek, qozoq, tojik, moldovan, qoraqalpoq tillariga tarjima qilingan. U A. Tvardovskiyning «Vasiliy Terkin» kitobini, Oybekning “Bolalik” qissasini, Pushkin, Lermontov, Mayakovskiy, Shekspir, Shiller, Uitmen, Tagor, Tursunzoda she’rlaridan qirg‘izchaga tarjima qilgan.

QARQIRALAR

Qarqiralar oshiqar,
Qolgandek ko‘k torayib.
Qayon ketib borishar,
Asqar tog‘da qorayib.

Ipak qanot kapalak,
Ketdi gulga qo‘shilib.
Oy gardishi qalqiydi,
Moviy ko‘lda eshilib.

Tindi sabo qo‘shig‘i,
Hafsalamni pir qilib.
Yomg‘ir yog‘ar, chaqmoqdan
Bulut choki so‘kilib…

Qirg‘izchadan Tursunboy Adashboyev tarjimasi

ZAMIN HIDI

Goh hasrat komida bo‘g‘ilsam behol,
Chiqaman — yaylovlar ochadi quchoq.
Qizigan boshimni qo‘yaman darhol,
Qo‘ygandek onamning ko‘ksiga bir choq.

Zamin hidin tuysam — g‘ussalar abas,
Ular yuragimdan ketgay tarqalib.
Ko‘ngil g‘uborlarin yellar shu nafas
Yiroq-yiroqlarga uchgaylar olib.

Hayot bu — hayot-da. Mudom kulmas baxt,
Tasalli topmasam o‘kinch yoshiga,
Otam huzuriga borgandek bir vaqt,
Chiqaman purviqor tog‘lar qoshiga.

Ular hikmatiga yo‘g‘riladi dil,
Ruhim ravshan tortar, dunyo ham yorug‘;
Qashshoq tuyg‘ulardan poklanib butkul,
Xudbin xayollardan bo‘laman forig‘.

Qirg‘izchadan Mirpo‘lat Mirzayev tarjimaci

* * *

Davr kitob – rov o‘qilib bitmagan,
Kunu tunlar xat bitilgan varag‘i…
Shoshgancha u – kecha bizlar kutmagan—
Yangi sahifasin ochib qaradi.
Yaraq etdi va ko‘rindi shu on jim
Oy bilan Yer bir yangicha tus olib.—
«Vostok» minib sayr etgan zamonning
Bir asrga olg‘a ketgan timsoli…

* * *

Ortimda yo‘llar yotar, qara, qancha!
Chuvalgan xayolimday benihoya.
Undan o‘tdim kelajakka qaragancha,
Oshiqqan yo‘lovchiga sen nihoyat—
Topilding She’riyatim – kuylar xili,
Endi sen oq-qoraga xolisimsan.
Men qoldim senga mutloq himarilib:
Sen mening yaqinimsan, olisimsan!

* * *

Aldansamu mayliga aldamasam—
Sof qolur dil, garchi sal kuyunaman.
Taqdir meni shu narsadan qilgan kam,
Buyurmagan…
Men shunga suyunaman!
Bersam beray, mayli qayta olmay ham.
Berganimga na nolib, kuyunaman.
Taqdir meni olishlardan qilgan kam,
Buyurmagan…
Men shunga suyunaman!

MEN OVULGA QAYTGANDA

To‘rt yil yurib,
To‘rt martaba tegib o‘q.
Zo‘r janggohdan qaytganimda, ovullar—
Menga tengqur yigitlardan hech kim yo‘q
Turishardi huvillab…
Bu joyda ham
Qirg‘in-barot jang bo‘lib,
Yamlaganday edi urush jon qolmay.
Yurishardi qariyalar tang qolib
Bunday cheksiz yo‘qotishga ko‘nolmay.
Tuyulardi aytmasa ham aytganday,
Go‘yo ular farzandlari urushda –
Qolib ketgan,
Men-chi omon qaytganday…
Yana – mendan chiqmas biror shod mujda…
Bir g‘alati hislar ezgan bu chog‘lar…
Ancha keyin –
Maydonlarda to‘sh kergan –
Tengqurlarim – qo‘l-oyog‘i cho‘loqlar
Birin-ketin qaytishdi ona yerga…
Ona qishloq, uyda ular tinch uxlab
Unutildi majruhligu nolalar…
Bora-bora ko‘zlaridan yosh to‘xtab
Tinchib qoldi ayrim ota-onalar.
El qayg‘usi tursa hamki uqilib,
El mardligi kamaygan yo‘q biror on.
Chopqir tulpor,
Kiyim-kechak yig‘ilib,
Front uchun jo‘natilar parcha non.
Bugun bu uy,
Ertasi anov uyga
Pochta tashlab ketar qora qog‘ozni…
Yana yig‘i!!!
Urush, solding ming ko‘yga,
Frontlarda oqayotgan qon ozmi?!
Qanday dahshat – bunda barcha yumushni
Qilar qizlar, qariyalar, bolalar!
Shunda bildim, front orti… turmushni…
Jannat debmiz…
Uzr, ota-onalar!
Ittifoqin jangchi bilan bu elning
Shunda anglab ne o‘ylardan kechganman.
Gospitaldan kiyib chiqqan shinelni
Uch yildan so‘ng men egnimdan yechganman…

* * *

Jangda edim qaynoq urush kezlari,
Buni so‘ylab turar mana, so‘l qo‘lim.
Unda – qazgan okoplarim izlari,
Unda – mening bosgan xudsiz yo‘l… yo‘lim!
Kaftim o‘xshar chindan jangning joyiga,
O‘qlar tilgan, o‘qqa uchgan besh panjam,
O‘qqa uchgan shu panjalar poyida
Bir oskolka «uxlab» yotar hali ham.
Vrach menga so‘zlagan kez bo‘limda
Yaxshiligin oskolkasiz yurishning –
Dedim unga: «Qola bersin qo‘limda…
Kaftim bo‘lsin so‘nggi qabri urushning!»

DO‘STLARIM

Do‘stlarim bor birga o‘qib, birga ishlab,
Goh yaqinda, gohida olis yurgan.
Qayda bo‘lsin halollik tug‘in ushlab,
Bir-birini qadrlab, xolis yurgan.

Do‘stlarim bor: avvalgiday yana bugun
Joylashib sadoqatni dil-diliga,
Zimmaga olishgancha davr yukin
Alplarday olib borar manziliga.

Bir kezda jangga ketib eson-omon
Janggohdan qaytolmadi qanchalari…
Oqsashgancha yurishadi ko‘pi hamon,
Qay birining yo‘qdir qo‘li, panjalari.

Do‘stlarim bosib o‘tdi qancha yo‘lni,
Bu hayotda yana qancha tuzlar totir…
Do‘stlarim,
Faqat bizga yomon bo‘ldi:
Qarang, yoshlik
Qo‘ldan ketib borayotir…

OROM OLING

Oqshom bilan orombaxsh palla kelar,
Uni dunyo kutmoqda quloq tutib.
Er o‘qida to‘xtaganday tuyular,
Ellar qo‘ygan uchqurligin unutib,
Oldin olib tun xabarga chorlaganmi –
Sukunat asta-asta qadam tashlar.
Hattoki tinchlantirar qarg‘alarni,
Daraxtlar ham oromga cho‘ma boshlar.
Ertadan kechgacha tin olmay ishlab,
Endi esa sukunatga mungli qarar,
Uyqusirab, jonga rohat, jimlik izlab
Dunyo ham orom sari kirib borar.
Odamlar – orqalashib turmush yukin,
Erta-kech jon ayamay ishlab yurib.
Xush palla kelar ekan, qarang, bugun,
Ketishmoqda uylariga bir-bir kirib.
Kiringlar, yetar endi, dam olingiz,
Choy iching, rohat qiling, o‘rin soling.
O‘z holicha qolsin mayli fikr va his,
Tuningiz sokin bo‘lsin, orom oling!
Asta-asta… uxlang… uxlang… orom oling…
Tebratar, mana, sizni tun beshigi…
Shu beshik tovushin ham uqmay qoling…
Axir tun uyqularning chin oshig‘i…
Shu sabab jonga orom soladi-da,
Sukunatdan so‘lim ertak aytib berar.
Lek dunyoni sendan tortib oladi-da
Uyg‘ongan mahalingda qaytib berar.
Tun faqat tunmas, vaqt darhaqiqat,
Tuyulsa ham uxlagan chog‘ jilmaganga, –
Kecha senda tugagan kuchu quvvat
Qaytarilar – o‘xshaydi sarf bo‘lmaganga.
yquni sen o‘ylama o‘lim debon…
Mana shunday o‘tayotgan har bir tuning, –
Qimirlamay turuvchi katta dovon
O‘rtasida kecha bilan shu bugunning!
Odamlar!
Charchagansiz, orom oling,
Nafas yuting ko‘krak ochib, to‘shni kerib!
Odamlar, uxlang, uxlang, uxlay biling
Hammangiz bir g‘aroyib tushlar ko‘rib!..

YoShLIGIM

Avval yursam botinmasdan, vazmin, jim,
Kuni-kecha dadil turib so‘radim:
— Maqbul bo‘lsa, iltimos, rassom do‘stim,
Chizib bergil hur yoshligim suratin?

Bunday chizgin: Atrofda yoz. Issiq kun.
O‘zan. Qo‘nish. O‘sha joyda o‘tov ham.
Bir tomonda toychoqlar chopib yursin,
Qimiz ichib o‘tirishsin ota-onam.

Shu o‘zandan boshlanuvchi yo‘l uzra
Ketayotgan bo‘lsin bir qiz tog‘ tomon.
Chiroyiga e’tibor ber. Rang izla.
Paqirida suv ham bo‘lsin, oshnajon!

Allakimning payqab nari tomonda,
Uni ko‘rmoq bo‘lib nozli burilsin.
Ko‘zlaridan ishq sachrasin bu onda,
Qora sochi taqimiga urilsin.

U qaragan tarafni kun chiqqanday
Bir boshqacha nurli qilib tashlagin,-
Tabiat ham bo‘lsin kulib boqqanday…
Bilsang, o‘sha mening so‘nmas yoshligim!

O‘YLAR

Kelayapman markaziy ko‘cha bo‘ylab,
So‘lda qoldi «Pishpek» mehmonxonasi.
Yaproqlar kecha tursa yashil o‘ylab,
Bugun sarg‘ish xayoli, ro‘yi, sasi…

Botmoqda qizg‘ish nurin sochib quyosh—
Umrimizning bir yozi tugab borar.
Koyinaman: bu kunlar qanday bevosh—
O‘ng-so‘liga qaramay tez o‘ta berar…

Yoshlar o‘tdi kunlar bila nishi yo‘q,
Kinogami – yasab-tuzab bo‘ylarin…
Xiyobon bo‘sh, kezgan boshqa kishi yo‘q,
Meni uzatib kelar faqat o‘ylarim…

* * *

Qaylarda yashab yuribdi
Bir chol-kampir qobili?!
Torinsa mendan, ne ajab,
Tolasning bir ovuli!
Xatom bor bo‘lsa – tuzatay…
Esimda qishu kuz chog‘i:
Bilaman unda yashaydi—
O‘zimning yigit davronim,
Yorimning ajib qiz chog‘i…

* * *

Chiqarkan quyosh cho‘qqidan
Ilinar tog‘u, dalam ham…
Qog‘ozga tushar baxtimni
O‘tirgum kutib qalamdan.
Men yozar she’rga kun kabi
Isinarmi biror jon qalbi?
Bu sirni qaydan bilayin,
Koyir kim, alqar kim meni.
Shoirning shuni o‘ylasa
Tatimas yegan-ichgani…

* * *

Uzoqqa ketib qolding deb
Do‘stlarim, hatto yotlarim,
Otishar ta’na o‘qlarin…
Sud qiling, bo‘lsa sudlaring—
Axir men kezib yuribman
Yoqolmay ash’or o‘tlarin!

* * *

Issiqko‘l – bir antiqa ko‘l ekansan!
Go‘zallik shaydo yashar suvda tinib.
Asta kelib yuzin yuvgan go‘zal qizning
Ko‘rgan chog‘da senda qolgan suvratini—
Ikkingizni ajratmoqlik qiyin bo‘lur,
Bag‘rimga bosib olib ketgim kelur

Usmon Temur tarjimalari